Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Shariatda zarurat taqozosi

14.06.2022   2654   5 min.
Shariatda zarurat taqozosi

Payg'ambarimiz alayhissa­lom bunday marhamat qilganlar: “Halol ochiq-oydindir, harom ham ochiq-oydindir. Ular orasida ko'p odamlar bilmaydigan shubhali narsalar bor. Kim shubhali narsalardan saqlansa, dini va sha'ni uchun o'zini pok tutibdi. Kim shubhali narsalarga tushsa, xuddi qo'­riqxona atrofida cho'ponlik qilib, unga o'tib ketay degan cho'ponga o'xshaydi. Ogoh bo'ling! Albatta, har bir podshohning qo'riqxonasi bordir. Ogoh bo'­ling! Albatta, Allohning er­dagi qo'riqxonasi – harom qil­gan narsalaridir. Ogoh bo'ling! Tanada bir parcha go'sht bor, u sog'lom bo'lsa, butun tana sog'­lom bo'ladi. U buzilsa, butun tana buziladi. Ogoh bo'ling! O'sha narsa qalbdir” (Imom Buxo­riy va Imom Muslim rivoyati).

Shariatda halol va harom nozik, murakkab masala hisob­lanadi. Qilni qirq yorgan fa­qihlar ushbu masalani ham eng nozik nuqtalarigacha o'rgandilar. Ular bu masalaga bag'ishlangan mashhur fiqhiy qoida:الضرورات تبيح المحظورات – “Zaruratlar man etil­ganlarni ham joiz qiladi”ni ishlab chiqdilar.

“Zaruratlar man etilganlarni ham joiz qiladi” – hojat, ehtiyoj va mashaqqatlarni qamrab olib, odamlarga engillik va osonlik tug'dirilishi uchun shariatga kiritilgan ahamiyatli fiqhiy qoi­dalardan biridir. Ushbu qoida bugungi kunda ham dolzarbligini yo'qotgan emas. Chunki hozir hojatlar har qachongidan ko'ra ko'paygan, tabiiy ehtiyojlar ortgan davrdir. Ana shu qoidaning mohiyatini to'liq anglamasdan, uni noto'g'ri talqin qilish hollari kuzatilmoqda. Ma­salan, zamonaviy fotosuratlar va videolavhalar ommalashib ketdi. Lekin aksariyat insonlar ulardan to'g'ri foydalanish o'rniga, fahsh ishlarni tarqatish bilan ovora.

Behuda suratga tushib, tarqatishning oqibatlari haqida to'xtalmoqchimiz.

Nazarlanish. Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga xitob qiladi: «Va kofirlar zikrni eshitayotganlarida seni ko'zlari bilan toydirmoqchi bo'ldilar va, albatta, u jinnidur, derlar» (Qalam surasi, 51-oyat). Oyatdagi “Ko'z bilan toydirish”ning ikki xil ma'nosi bor. Biri – adovat va dushmanlik nazari bilan haq yo'ldan toydirish, adashtirish. Ikkinchisi, nazar orqali jismoniy zarar etkazish, yiqitish, halok qilish.
Oyatning nozil bo'lish sababi haqidagi rivoyat­larda mushriklar Quraysh qabilasidan “ko'zi” bor bir kishini olib kelib, Payg'ambarimiz alay­hissalomga yomon nazar bilan qaratib, zarar etkaz­moqchi bo'lishgani aytiladi.

“Ko'zli” odamlar Bani Asad qa­bilasida ko'p bo'lar ekan. Agar ulardan biri semiz tuyani ko'rganda yomon ko'z bilan qarab: “Hoy qiz, idishni olib borib, manavining go'shtidan olib kel” desa, tuya tezda kasal bo'lib yiqilar, egasi uni so'yib yuborishga majbur bo'lar ekan.

Demak, tarmoqlarga joylashtirilgan suratdagi shaxslarga ko'z tegishi, sehr qilinishi, undan ba'zi kishilar zararla­nib, xasta bo'lishi mumkin.

Maqtanchoqlik. Qur'oni karimda Alloh taolo maqtan­choq va mutakabbir kimsani yoqtir­masligini bunday bayon qiladi: «Odamlarga (kibr­lanib) yuzingni burishtirmagin va erda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kim­sa­larni suymas» (Luqmon surasi, 18-­oyat). Kibr – ulkan gunoh. Mo'­min-musulmon kibrlanishga mut­laqo yo'l qo'ymasligi, o'zini ha­misha xokisor, kamtar tutishi lozim. Hayotni Allohga chin ban­dalik qilish bilan bezashi kerak. Maqtanchoqlik hamda kibr bir-biriga juda yaqin, ta'bir joiz bo'lsa, egizak tushunchalar hisoblanadi. Agar biror kishi maqtanchoq bo'lsa, demak, unda kibr bor, shuningdek, kibrli kimsa, albatta, maqtanchoq bo'ladi.

Ko'ngil sindirish. Halqimiz­da “Besh qo'l barobar emas” degan ibora bor. Sinovli dunyo­­da Alloh taolo kimnidir mol-­dunyo, kimnidir faqirlik, kim­nidir far­zand­sizlik va yana kimnidir be­­­tob­lik bilan sinaydi. Umri qi­­yin­chilikda o'tayotganlar ham yo'q emas.

Alloh taolo barchamizga farosat, insofi tav­fiq bersin!

Mirodil MIRJALILOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari

 

"Hidoyat" jurnali 2022 yil 1-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   39156   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV