Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Qohira anjumani: O'zbekiston tajribasi islom ulamolari e'tirofida

14.06.2022   1632   7 min.
Qohira anjumani: O'zbekiston tajribasi islom ulamolari e'tirofida

Misr ko'hna diyor, buyuk tarix va g'oyalar orasidagi kurashlarga shohid eng qadimiy ibrat sahnasidir. Ushbu zamin haqida Qur'oni karimda ham besh oyatda ishora kelgan. Ilm va hikmat gulshani bo'lgan bu yurtda ming yildan ziyod tarixga ega Azhari sharif dorulfununi musulmon dunyosiga yirik ulamolarni etishtirib berishi bilan ma'lumu mashhur. Ayni damda ham Al-Azhar musulmon olamidagi eng obro'li ta'lim dargohlaridan biridir.

O'zbekiston va Misr o'rtasidagi do'stona hamkorlik ko'p asrlik boy tarixga ega. Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulug' bobokalonlarimizning noyob ilmiy-ma'rifiy merosi butun musulmon olami bebaho boyligi hisoblanadi. Buyuk ajdodimiz Ahmad Farg'oniy Misrda yashab, ko'plab kashfiyotlar qilgan. Jumladan, alloma bunyod etgan, Nil daryosi suvini o'lchaydigan “Miqyosi Nil” inshooti Misr xalqi farovon hayoti va davlat taraqqiyotiga xizmat qilayotgani e'tiborlidir.

Nil bo'yida Ahmad Farg'oniy sharafiga o'rnatilgan majmua xalqlarimiz o'rtasidagi azaliy do'stlikning yorqin ramziga aylangan. Mana shu hamkorlikning uzviy davomi sifatida 2022 yil 6-10 iyun' kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Holiqnazarov Misrda o'tkazilgan “Diniy ekstremizm. Intellektual asos va uni engish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro anjumanda qatnashdi.

Tadbirda yirik ulamolar, AQSh, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklarining taniqli olimlari, Bolgariya, Nigeriya, Indoneziya, Bel'giya, Bahrayn, Iroq, Iordaniya, Livan, Tsingapur, Qozog'iston singari davlatlar muftiylari, islomshunoslar, ekspertlar va soha xodimlari kabi jami yuzdan ziyod nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.

Anjuman yuqori darajada tashkil etilib, ekstremizmga qarshi kurash yo'nalishidagi ko'rgazmalar, elektron kitoblar namoyishi, audio-videoma'ruzalar, infografikalar va tarqatma materiallar taqdim qilindi. Anjuman ishini 50 dan ziyod markaziy ommaviy axborot vositasi yoritib bordi.

Anjumanni Misr muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Allom ochib, zamonaviy tahdidlarning oldini olish, xususan, adashgan toifalar g'oyalariga qarshi kurashishda ulamolarning ittifoqi muhim ekanini ta'kidladi.

Ochilish marosimida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Holiqnazarov ham so'zga chiqib, bugungi davrda yurtimiz allomalari merosining amaliy ahamiyati, ahli sunna val jamoa aqidasini musulmonlar orasida sof holda targ'ib etish, yot g'oyalarga qarshi kurashda birlashish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirib, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularni yagona maqsad sari yo'naltirish zarurligi to'g'risida takliflar berdi.

Bu anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi va ehtirom bilan qabul qilindi. Ayniqsa, mamlakatimiz vakilining chiqishini Al-Azhar ulamolari kengashi a'zosi, doktor Shayx Ali Juma, Bosniya va Gertsogovina sobiq muftiysi Shayx Mustafo Ibrohim kabilar alohida e'tirof etdi.

Tashkilotchilarning iltimosiga binoan, N.Holiqnazarov anjumanning ikkinchi kunida yana bir bor ma'ruza qilib, islom ma'rifatini insonlarga to'g'ri tushuntirish va buzg'unchi g'oyalarga qarshi turish borasida O'zbekiston tajribasini bayon etdi.

Ma'ruzada so'nggi yillarda yurtimizda diniy ekstremizmga qarshi kurash yo'nalishidagi islohotlar mazmun-mohiyati, xususan, minglab fuqarolarning maxsus ro'yxatdan chiqarilishi, qilmishidan pushaymon bo'lib, tuzalish yo'liga o'tganlarni afv etish amaliyoti hamda mojaroli hududlardan ayollar va bolalarni yurtimizga qaytarish borasidagi “Mehr” operatsiyalari maqsad va samaralari bayon qilindi. Bunday o'ziga xos tajriba tadbirning barcha ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.

Shuningdek, “Jaholatga qarshi ma'rifat” tamoyili asosida Prezidentimiz tomonidan ekstremizm g'oyalari ta'siridan aholini himoya qilishda sof islom aqidasini keng yoyishga e'tibor qaratilayotgani, bunday shaxslarga nisbatan kechirimlilik siyosati yuritilayotgani va uning samaralari, yoshlar turli yot oqimlarga berilib ketmasligi uchun tegishli choralar ko'rilayotgani ta'kidlandi. Halq e'tiqodi sofligini saqlash ishlari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarisida ham faol amalga oshirilayotganiga barchaning e'tibori qaratildi. 

Qur'oni karimni o'rganishga bo'lgan ehtiyojni qondirish maqsadida O'zbekistonning har bir hududida tajvid kurslari tashkil etilgani ishtirokchilarning qiziqishini uyg'otdi.

Halqaro anjuman doirasida muftiy Nuriddin Holiqnazarov hamda Misr muftiysi Shavqiy Allom o'rtasida uchrashuv tashkil etildi. 

Unda Misrdagi Dorul Ifto va O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi o'rtasida hamkorlik o'rnatish, diniy soha mutaxassislari malakasini oshirish, o'zaro tajriba almashish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish yuzasidan muhokamalar bo'lib o'tdi.

Muftiy Nuriddin Holiqnazarov Misrda tahsil olayotgan bir guruh vatandosh-talabalar bilan uchrashdi. O'zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu muloqotda yurtimizda kechayotgan islohotlar xususida o'rtoqlashildi.

Qalbdagi Vatanga muhabbat har bir insonni doimo yurtiga talpinib yashashga chorlashi hamda tug'ilgan go'shasi, ota-onasi va farzandu yaqinlarini sog'inishga undashi ta'kidlandi. Rasul alayhissalom, sahobai kiromlar va ulug' zotlar ham ona yurtga o'zgacha munosabatda bo'lganlari tarixiy misollar orqali bayon etildi.

Din sohasidagi ulkan xayrli ishlar, xususan, mo'min-musulmonlarning shar'iy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan sa'y-harakatlar e'tirof etildi. Ishtirokchilar o'zlari yashab turgan mamlakat qonunlariga qat'iy amal qilishga chaqirildi.

Muloqot davomida Misrdagi yurtdoshlarimiz ham so'zga chiqib, davlatimizda din sohasidagi o'zgarishlardan juda mamnun ekanini bildirib, bunday xayrli ishlar bardavom bo'lishini tiladilar.

Talabalar mazmunli uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, fayzli suhbat Vatanni sog'ingan qalblarga taskin bo'lgani, ayniqsa, shu kabi tashriflar foydali bo'lishi, kelgusida ilm o'rganib, tajriba hosil qilgach, albatta, yurtga qaytib, xalqimizning diniy-ma'rifiy saviyasini oshirish yo'lida faoliyat yuritishini ma'lum qilishdi. 

Buyuk vatandoshimiz, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy kabi ulug' zotlar ma'rifat izlab dunyoning turli o'lkalarida bo'lgan esalarda, alal-oqibat, vatanga qaytganlar, uning tuprog'ini ko'zlariga to'tiyo qilganlar. Halq xizmatida sobitqadam turganlar. 

Inson qayerda va qaysi maqomda bo'lmasin, doimo Vatanga muhabbatli, ota-onasi, farzandlariga sadoqatli bo'lmog'i lozim.

Buyuk ajdodlarga munosiblik – shu!
Eng oliy vatanparvarlik – shu!
Silayi rahmning oliy namunasi – shu!

Yangi O'zbekistonda g'oyaviy tahdidlarga qarshi kurash yo'nalishida erishilgan, erishilayotgan ulkan natijalar va to'plangan tajribalarning xalqaro darajada e'tirof etilishi ham tanlangan yo'lning naqadar to'g'ri va sobitqadam ekaniga dalolat qiladi.

Bashorat YuNUSOVA,
Yangi O'zbekiston muxbiri
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi 2022 yil 14 iyun', 117(639) son
Maqolalar
Boshqa maqolalar

Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi

08.07.2025   1060   1 min.
Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi

Joriy yilning 5 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazilib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirning navbatdagisi Bandixon tumanida o‘tkazildi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili o‘rinbosari Abduxalil domla Abdunazarov boshchiligida o‘tkazilgan tadbirga Surxondaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Bandixon tumanidagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, Haj-2024 ziyoratchilari va mahalla raislari taklif qilinib ular ishtirokida ishchi guruh tuzildi.


Ishchi guruh a’zolari tomonidan tumanda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar, jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, jazo muddatini o‘tab qaytganlar, muqaddam sudlanganlar, nogiron va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan umumiy hisobda 30 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib bordilar


So‘ng ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, yig‘ilgan qavmga “Yurtimizda bo‘layotgan xayrli ishlar”, “Mehr-oqibat va shukronalik fazilati”, “Tinchlik va osoyishtalik qadri” va “Masjidlarni obod qilish” kabi dolzarb mavzularda ma’ruza qilinib, bir yuz o‘ttiz besh nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
 
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Bandixon tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.


Surxondaryo viloyati tumanlar imom-xatiblari ish samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruhning faoliyati davom etadi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
matbuot xizmati

 

Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi Navbatdagi sayyor seminar Bandixonda o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari