Kitobdan yaxshiroq do'st yo'q jahonda
G'amxo'ring bo'lgay u g'amgin zamonda.
U bilan qol tanho hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat beradi takror.
Abduraxmon Jomiy
Muqaddas Islom dini ilmu ma'rifatga targ'ib qiluvchi dindir. Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga nozil qilingan dastlabki oyatlarda ilm olishga undash ma'nosi borligining o'zi ham Islom ilmu ma'rifat dini ekanligining yorqin dalilidir:
“O'qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan!” (Alaq-1).
Abdulloh ibn Abbos (r.a.) shunday deganlar: «Sulaymon ibn Dovud(a.s.)ga ilm, mol-dunyo va podshohlikdan birortasini tanlashlik ixtiyori berilganda, u Zot ilmni tanladilar. Natijada, Alloh taolo u Zotga ilm bilan birga mol-dunyo va podshohlikni ham qo'shib berdi». Zero, ilm aql chirog'i, deydilar. Ilmli kishining yo'li doimo charog'on bo'lib, u hamma erda ham qadrlanadi. Bu dunyoning qoim turishi ham olimlarning ilmiga bog'liq ekanligi Payg'ambarimiz (s.a)ning hadislarida bayon etilgan. Hazrati Ali (k.v.) shunday deganlar: «Ilm mol-dunyodan yaxshidir, chunki ilm seni nojoiz ishlarni qilishdan saqlaydi. Molni esa o'g'irlab ketmasliklari uchun o'zing qo'riqlaysan. Mol-dunyo sarf qilinsa kamayadi, ilm esa tarqatish bilan yanada ziyoda bo'laveradi».
Kitob — insonnint eng yaqin do'sti va maslahatchisi, aql qayrog'i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo'lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo''tabar va mukaddas deb hisoblagan. Shuning uchun kitobta muhabbat, uni qadrlash, o'qishga ishtiyoq xalqimiznint qon- qoniga singib ketgan. Shu ma'noda bugungi kunda kitob o'qish va unga munosabat bir qadar susaygandek. Chunki aksariyat yoshlar ko'proq komp'yuter va ijtimoiy tarmoqlarga berilib ketishdi. Istalgan yangiligu axborotlarni bu vositalardan xohlagancha olish mumkin. Achinarlisi, kitob o'qish uchun vaqt sarflashga hojat yo'qdek. Aslida, hech bir axborot vositasi, kino yoki videofil'm badiiy asar o'rnini bosolmaydi. Masalan, “O'ttan kunlar” romani asosida ishlangan fil'm qanchalik mahorat bilan suratta olingan bo'lmasin, kitobning ta'sirini, jozibasini berolmaydi. Kitobxonlik oiladagi muhitga ham bog'liq. Ma'rifatli oilalarda kitobga e'tibor farzandlar tarbiyasida qo'l keladi. Inson o'zining fikrlash qobiliyati, ma'naviyat dunyosi bilan tirik. Odamni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi omillardan biri ham uning ma'naviyati hisoblanadi.
Ho'sh, biz insonlar ma'naviy ozuqani qayerdan olamiz? Albatta, “bilimlar manbai” bo'lmish kitobdan. Kitob – bebaho boylik ekani barchamizga ma'lum. Birorta san'at turini televideniye va radio, zamonaviy komp'yuterlar imkoniyati va afzalliklarini inkor qilmagan holda aytish mumkinki, bularning hech biri kitob o'rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, badiiy kitoblar har bir kishida insoniy fazilatlarini kuchaytiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. “O'zimdagi barcha yaxshi xislatlarim uchun kitobdan minnatdorman”, degan edi o'z davridagi allomalardan biri.
Darhaqiqat, kitob bizning do'stimiz hisoblanadi. Lekin afsuski, bugungi kunda oramizda bu bebaho-ma'naviy boylikdan bahramand bo'lish o'rniga “Internet kafe”larda vaqtini behuda o'tkazayotgan yoshlar uchrab turadi. Avvallari na komp'yuter, na internet bo'lgan. Ota- bobolarimiz “Boburnoma”, “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” singari bebaho asarlarni o'qib, ulg'ayishgan. Ho'sh bugunchi? Ko'pchilik, ayniqsa, yoshlar internetni kitobdan afzal bilishadi. Shu o'rinda bu zamonaviy axborot vositasining salbiy oqibatlari ham yo'q emas. U tufayli bugun kitobga bo'lgan mehr tobora kamayib boryapti.
Biz qancha ko'p kitob o'qiganimiz sari, shuncha tushunchamiz kengayadi. Afsuski, ko'p yoshlar internetni kitobdan ustun qo'ymoqda. Bu esa ularni dangasalikka giriftor qilmoqda. Kitob – bu oftob, u bilimlar sarchashmasidir. Kitobni inson tafakkurinint qanotlariga o'xshatishgan. Zero, tafakkuri, fikr doirasi keng ma'rifatli kishilar jamiyatnint chinakam boyligidir. Aksincha, hayotda ro'y berib turadigan ayrim noxushliklar ildizi esa ma'rifatsizlik, kitob o'qimasliknint achchiq mevasi. Temirni zang kemirganidek, odamni ham ma'naviyatsizlik mo'rt qiladi. Ma'naviyat esa insonga kitob o'qish orqali yuqadi. Har qanday yangilik ham bir kun eskiradi, biroq insoniyatnint ming-ming yillar davomida qo'lga kiritgan aqliy hamda fikriy durdonalarini o'zida jamlagan kitoblar aslo eskirmaydi. Binobarin, kitob-hamisha ilm-ma'rifat, odob va axloq manbai bo'lib kelgan. Bugungi kunda yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda ham kitobdan ko'ra qudratliroq vosita yo'q. Inson aqliy salohiyatining yuksalishida kitobnish o'rni beqiyos. Zero, kitob tufayli dunyoqarashimiz boyib, tafakkurimiz yanada o'sib boraveradi. Ne-ne ulug' zotlar kitobga oshno bo'lib, etuklikka erishgan, komil inson darajasiga etishganlar.
Kitob – inson ma'naviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manbaa hisoblanadi. Kitob o'qigan inson mulohazali, bilimli bo'lib, yuksak tafakkuri ila boshqalardan o'zining dunyoqarashi va fikrlashi bilan ajralib turadi. Kitob bilan oshno bola yaxshi inson bo'lib ulg'ayadi. Shuning uchun ham oilada, bog'cha va maktablarda bolalarning kitobga mehrini, adabiyotga qiziqishini oshirish ota-onalarning, o'qituvchilarning vazifasi.
Ko'p kitob o'qigan kishining bilim saviyasi yuqori, muomala madaniyati yuksak, etuk inson sifatida hayotda o'z o'rnini topa oladi. Biroq, bugungi kunda kitobga, kitob o'kishga bo'lgan ehtiyoj va intilish, ayniqsa, yoshlar orasida tobora kamayib bormoqda. Bu esa juda achinarlidir. Qanchadan qancha kitoblar, kitob javonlari va do'konlarida shunchaki ko'rgazma sifatida turibdi. Tabiiy savol tug'iladi. Nega shunday? Nima uchun kitob o'qimay qo'yyapmiz?
Ming afsuski, kitob o'qish o'rniga qimmatli vaqtini qandaydir bekorchi holatlarga, turli ko'ngilochar o'yinlarga sarflayotgan insonlar ham oramizda oz emas. Undaylar fikrlashda, o'zini tutishda ham ma'naviyati yuksak emasliklarini namoyon etib qo'yishadi. Texnika asri davrida yashayapmiz, kundan-kunga texnik vositalar taraqqiylashib, ularga bo'lgan ehtiyoj ortib bormokda. Hususan, qo'l telefonlari, turli internet tizimini bunga misol qilishimiz mumkin. To'g'ri, Yurtimizda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Chunki millatimiz sha'nini, milliy g'ururimizni yuksaltiruvchi bu – yoshlar. Shu bois, turli millat va elatlarning yoshlari kabi o'zbek yoshlari ham dunyo bilan muloqotda bo'lishi kerak. Bunga hech qanday to'siq yo'q. Lekin ayrim yoshlar berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish o'rniga, internetdagi ko'ngilochar o'yinlar, tanishuvlar, yoshlar ongini zaharlovchi saytlarga kirib, u erdagi ma'lumotlar bilan tanishmoqdalar. Buning oqibatida ularning dunyoqarashi bir tomonlama bo'lib qolmoqda.
Qadimda buyuk shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz kitobga shu qadar mehr qo'ygan edilarki, hatto tunlari sham yorug'ida kitob mutolaa qilganlar. So'z mulkining sultoni Navoiy xazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini yod olgan, buyuk muhaddisimiz Imom al-Buxoriy hazratlari esa olti mingdan ziyod hadisni yod bilgan. Ammo u davrlarda bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi ham bo'lmagan. Lekin ular o'z maqsadlari sari intilib, yuksak ma'naviyat sohibiga aylanishgan. Demak, biz uchun berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish xar birimizning o'zimizga bog'liq. To'qlikka sho'xlik esa o'zbek millatining yoshlariga xos fazilat emas. Aslini olganda, ayrim yoshlarimiz bunday loqaydlikdan yirok. Ular o'zlarining hur fikrligi va yuksak ma'naviyati bilan ajralib turadi. Birok, guruch kurmaksiz bo'lmagani kabi insonlar orasida xam ma'naviy kashshoq kishilar yo'q emas. Bundaylarning loqaydliklari natijasida “engil hayot” ixlosmandlari safi ortib bormokda. Okibatda kitob o'kish unutilmokda. Ma'naviyati sayoz, kitob o'qimaydigan insonlar oilasida tarbiya topayotgan farzandlar kelajakda barkamol shaxs bo'lib ulg'aymaydi.
Shu bois, har bir inson bilimlar kaliti bo'lmish – kitob bilan do'st bo'lmog'i lozim. Axir dunyoda kitobdan ko'ra yaxshiroq do'st va maslakdosh yo'q.
Atoqli adibimiz Oybek ta'rificha, kitob – tafakkurning tolmas qanotlaridir. Shu ma'noda aytish mumkinki, kitob – insonning qalb gavhari, tafakkur xazinasidir. Biz shunga erishishimiz kerakki farzandlarimiz uchun kitob eng bebaho sovg'a bo'lsin. Shundagina fardandlarimiz biz orzu qilganday, ma'naviy etuk, teran fikrlay oladigan, katta va kichikka mehribon, Vataniga sadoqatli, insofli, diyonatli va oliyjanob insonlar bo'lib kamol topadilar.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tuman «Imom Sulton» jome masjidi
imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yaxshi bilan yomonning farqiga hamma boradi. Yaxshi ishlarni hamma his qiladi, undan rohat tuyadi. Yomon ishlar esa insonni larzaga soladi, tinchini buzadi, xavotirga qo‘yadi, vijdonini qiynaydi. Bu narsalarni bizga kim o‘rgatdi? Bu qonuniyatlarni Alloh yaratgan, Alloh o‘rgatgan. Shu narsalar haqida o‘ylar ekanmiz aytib o‘tganimiz oyati karimani yanada chuqurroq anglaymiz:
﴿وَإِذْ أَخَذَ رَبُّكَ مِنْ بَنِي آَدَمَ مِنْ ظُهُورِهِمْ ذُرِّيَّتَهُمْ وَأَشْهَدَهُمْ عَلَى أَنْفُسِهِمْ أَلَسْتُ بِرَبِّكُمْ قَالُوا بَلَى شَهِدْنَا أَنْ تَقُولُوا يَوْمَ الْقِيَامَةِ إِنَّا كُنَّا عَنْ هَذَا غَافِلِينَ﴾
“Robbing Bani Odamning umurtqa pog‘onasidan, qiyomat kuni “Bundan g‘ofil edik” demasliklaringiz uchun zurriyotlarini olib o‘zlariga o‘zlarini guvoh qilib: “Robbingiz emasmanmi?” deganida “Albatta Robbimizsan” deganlarini esla” (A’rof surasi, 172-oyat).
Bu me’yorlar biz tug‘ilmasimizdan oldin bizga o‘rgatiladi. Bu esa Allohning bergan ulkan ne’matlaridan biridir. Alloh barchaga birdek Robb sanaladi. Shuning uchun ham biz sanab o‘tgan me’yorlar hamma insonda bo‘ladi.
Endi mavzuni davom ettiramiz. Dinga ishonmaydigan inson: “Men faqat ko‘zim bilan ko‘rgan narsaga ishonaman. Ko‘zim ko‘rmagan narsalarga esa ishonmayman”, deb aytadi. Aslida ishonch so‘zi ko‘z ko‘rmaydigan narsalarga nisbatan ishlatiladi. Hech kim sizni ko‘rib turib “Sening borliginga ishonaman” demaydi. Yoki hech kim quyoshni ko‘rganidan keyin “Men quyoshning borligiga endi ishondim” demaydi.
Ishonch turlicha bo‘ladi. Masalan, siz o‘zingiz guvohi bo‘lmasangiz ham, ammo kimdir aytgan gapga ishonasiz. Chunki o‘sha odamni siz ishonchli deb bilasiz. Agar o‘sha narsani o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rsangiz, ishonchingiz yanada ortadi. Mo‘min kishining oxiratga bo‘lgan ishonchi birinchi tur ishonchga kiradi. Zotan mo‘minlar oxiratni ko‘rmasdan turib uning borligiga ishonadilar. Ko‘z bilan ko‘rgandan keyin esa u ishonch yana ham kuchli bo‘ladi. Alloh taolo oxirat kuni jahannamni ko‘rganlar haqida bunday degan:
﴿كَلَّا لَوْ تَعْلَمُونَ عِلْمَ الْيَقِينِ لَتَرَوُنَّ الْجَحِيمَ ثُمَّ لَتَرَوُنَّهَا عَيْنَ الْيَقِينِ﴾
“Yo‘q. Agar siz aniq ilm ila bilganingizda edi. Albatta, jahannamni ko‘rarsiz. Va albatta, uni ishonch ko‘zi bilan ko‘rasiz” (Takosur surasi, 5-7-oyatlar).
Oxirat kuni har birimiz jahannamni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ramiz. So‘ngra Alloh taolo bunday xitob qiladi:
﴿وَأَمَّا إِنْ كَانَ مِنَ الْمُكَذِّبِينَ الضَّالِّينَ فَنُزُلٌ مِنْ حَمِيمٍ وَتَصْلِيَةُ جَحِيمٍ إِنَّ هَذَا لَهُوَ حَقُّ الْيَقِينِ﴾
“Va agar yolg‘onga chiqaruvchi gumrohlardan bo‘lgan bo‘lsa. Bas o‘ta qaynoq suvdan “ziyofat” va do‘zaxga kirish bor. Ta’kidki, albatta bu ochiq-oydin haqiqatdir” (Voqea surasi, 92-95-oyatlar).
Ha, ochiq-oydin haqiqat oxiratda bo‘ladi.
Demak, ochiq-oydin haqiqat ko‘z bilan ko‘rgandagina bo‘ladi. Lekin iymon ma’nosidagi ishonch esa ko‘rmasdan turib bo‘ladi. Misol uchun, siz o‘zingiz ko‘rmagan narsa haqida “Bunday bo‘lishiga iymonim komil” deb aytasiz. Ya’ni siz ko‘zingiz bilan ko‘rmagan narsa haqida shunday ishonch bilan gapiryapsiz. Bu – iymon deyiladi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan