Insonning har bir a'zosining alohida vazifasi bor. Masalan, ko'zning vazifasi ko'rish, quloqning vazifasi – eshitish, tilning vazifasi – so'zlash va qalbning ishi sevishdir.
Qalb yo Alloh taoloni sevadi yoki U zotning maxluqlarini yaxshi ko'radi. Bandaning qalbida yo oxirat muhabbati yoki dunyo muhabbati bo'ladi. Oxiratning muhabbati bilan qalb yaxshiliklarga shoshadi. Dunyo muhabbati esa, hadisi sharifda bunday ta'riflangan:
حُبُّ الدُّنْيَا رَأْسُ كُلِّ خَطِيئَةٍ
ya'ni “Dunyo muhabbati hamma yomonliklarning boshidir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisning sharhini bunday bayon qilganlar:
وَ تَرْكُهَا مِفْتَاحُ كُلِّ فَضِيْلَةٍ
“Dunyoning muhabbatini (qalbdan) chiqarish har bir fazilatning kalitidir”. Ya'ni, dunyo muhabbatini qalbdan chiqarib tashlash va Alloh taoloning muhabbatini qalbga joylash mukammal mo'minlikdan dalolatdir.
Shayx Zulfiqor Ahmad
NAQShBANDIY
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.