«Bevaqt o'ldi! Yosh ketdi, sho'rlik!» kabi achinishlar aslida juda noo'rin. Yaqinlarimizni bizdan ayiradigan narsani ba'zan falokat, ba'zan halokat, ba'zan baxtsiz tasodif, ba'zida kasallik hisoblaymiz. Albatta, inson tadbirli bo'lishi kerak. Biroq tadbir qilayotganimizda ajal vaqti adashmasligini ham unutmaylik.
Yaqinidan ayrilganlar marhumning bevaqt emas, ayni vaqtida ketganini anglab, dod-voy emas, ortidan duo qilsalar yaxshi. Farzand dog'i ona uchun, albatta, juda og'ir. Faqat, farzandini yaratgan Zotning o'zi qaytarib olganini bilishi kerak. Yaratgan ba'zan berib, ba'zida olib, imtihon qiladi. Berganida shukrimizni, olganida sabrimizni o'lchaydi. Alloh taolo bandalarini xohlagan yo'sinda imtihon qilish huquqiga ega. Allox taolo bizni faqirlik bilan ham imtihon qilishga haqli, boylik bilan ham. Faqir qilib sabrimizni, boy kilib shukrimizni o'lchaydi Yaratgan. Yo Robbiy, umrning ham, o'limning ham xayrlisini nasib et! Yo Robbiy! Yelkamizga ko'tarolmaydiganimiz yukni yuklama! Allohim! Imtihonimizni iymonimizdan og'ir qilma!..
Bir necha yil oldin bir marsiya eshitgandim. O'zimcha xirgoyi qilib yurardim. O'sha marsiyadagi so'zlar bilan by maqolani tugatmoqchiman:
Ajal kelganda senga
Bosh og'rig'i bahona.
Qabr toshimga yozsinlar:
«Bugun menga, erta senga!»
«Iymon va huzun» kitobidan.
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.