Mo'min-musulmonlar Qur'oni karimni ko'pincha faqat savob umidida o'qishadi. Aslida Qur'oni karim tilovatining foydali jihatlari, manfaatli tomonlari juda ko'p.
Har kim Qur'oni karimni ezgu niyat bilan o'qisa, ulug' fazilat va savoblarga erishadi. Zero, hadisi sharifda: “Amallar niyatlarga ko'radir. Har kim niyatiga yarasha oladi...” deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Qur'oni karim hayotimiz dasturi, umrimiz mazmuni, oxiratimiz uchun savoblar manbaidir. Shu nuqtai nazardan Qur'on o'qish arafasida ezgu niyat qilish juda fazilatlidir. .
Qur'on o'qish niyatida ushbu tavsiyalarga e'tibor qiling:
1) Qur'onni ilm va amal niyatida o'qing;
2) Qur'onni Allohdan o'zingizni, zurriyotingizni va ahli baytingizni hidoyat etishini niyat qilib o'qing;
3) Qur'onni Alloh taologa munojot niyatida o'qing;
4) Qur'onni zohiriy va botiniy kasalliklarga shifo niyatida o'qing;
5) Qur'onni Alloh taolo zulmatdan nurga chiqarishini niyat qilgan holda o'qing;
6) Qur'onni qotgan qalblarni yumshatuvchi, ko'ngillarga orom beruvchi, vasvasalarga qo'rg'on bo'luvchi ilohiy kalom ekanini niyat qilib o'qing;
7) Qur'onni o'zingiz va oila a'zolaringizdan hasadni bartaraf etish, nazar-nafasdan panoh tilash maqsadida o'qing;
8) Qur'onni g'ofillardan emas, zokirlardan bo'lish niyatida o'qing;
9) Qur'onni imonda sobit, Allohga yaqin bo'lish maqsadida o'qing;
10) Qur'onni Allohning amrlariga qat'iy rioya qilish va bu borada o'rnak bo'lish maqsadida o'qing.
T. NIZOM tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rizq bu – bomdod namoziga o‘z vaqtida ulgurishingiz, mol-mulkingizda kambag‘allarning nasibasi bo‘lishi, biror kuningiz Qur’ondan o‘z virdingizni o‘qimasdan o‘tmasligi, biror soatingiz Allohni zikr qilmasdan o‘tmasligi, garchi bir marta bo‘lsa-da, zikr qilishingiz rizqdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish sharafiga noil bo‘lishingiz ham rizqdir va yana qalb xushusi, ko‘ngil yumshoqligi va miskinlarga bo‘lgan muhabbat ham rizqdandir.
Kimning kuni yuqoridagilardan biror nasibasiz o‘tsa, u yer yuzidagi barcha xazinalarga ega bo‘lsa ham, aslida faqirdir!