Bugun, 9 iyun' kuni Qohirada o'tkazilayotgan xalqaro anjuman doirasida Muftiy Nuriddin domla hazratlari Misr Arab Respublikasi muftiysi Shavqiy Ibrohim Allom bilan uchrashuv o'tkazdilar. Unda O'zbekistonning Misrdagi elchisi Mansur Qilichev, Misr Arab Respublikasi muftiyligi vakillari va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Samimiy muloqot chog'ida Shavqiy Allom hazratlari Muftiy Nuriddin domla hazratlariga nufuzli anjumandagi faol ishtiroklari uchun minnatdorchilik bildirib, u kishi tomonidan xalqaro anjumanda bildirilgan muhim takliflar tahsinga loyiq ekani va ularni amaliyotga joriy etishda qo'llab-quvvatlashini izhor qildilar.
O'z navbatida Muftiy Nuriddin domla hazratlari ham Misr muftiysi Shavqiy Allom hazratlariga xalqaro anjumanga taklif etganlari va uning yuqori darajada tashkil qilgani uchun tashakkur aytdilar.

Sermazmun uchrashuv chog'ida ikki davlat muftiylari Misr va O'zbekiston qadimdan Islom dini markazlari bo'lgani, bu diyorlardan etishib chiqqan allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasafiy va “Sohibi Hidoya” Burhoniddin Marg'iloniy kabi mutafakkirlarning butun dunyoda Islomning yoyilishi va rivojiga munosib hissa qo'shganlari, bu qadim an'ana bugungi kunda ham davom etayotganini ta'kidladilar.

Hususan, O'zbekiston va Misr davlat rahbarlarining sa'y-harakatlari, diniy-ma'rifiy sohaga qaratayotgan alohida e'tiborlari natijasida ikki davlat diniy idoralari butun dunyo Islom olami mamlakatlari uchun bugungi kunning dolzarb mavzulariga bag'ishlangan mana shunday xalqaro anjumanlar o'tkazayotganlarini qayd etdilar.
Uchrashuvda Misrdagi Dorul Ifto va O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi o'rtasida o'zaro hamkorlik qilish, xususan, mutaxassislar kasb-mahoratini oshirish, o'zaro tajriba almashish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish kabi muhim masalalarga alohida diqqat qilindi.

Misr muftiysi al-Azharda juda ko'plab o'zbekistonlik talabalar tahsil olishi yaxshi ko'rsatkich ekanini ta'kidlab, ushbu oliygohda to'rt mazhab ta'limoti qatorida Hanafiy mazhabi puxta o'rganilishini alohida qayd etdi.
Mazmunli suhbat davomida Muftiylar O'zbekiston va Misr musulmonlari idoralari faoliyati, sohadagi o'zgarish va yangiliklar, faoliyatda qo'llanayotgan yangi ish uslublari haqida ham o'zaro fikr almashdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#musobaqa #hifz #tilovot
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida “Qur’on musobaqasi – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirni muassasa mudiri O‘.G‘uzarov ochib, ishtirokchilarga omad tiladi. Musobaqa shartlari bilan o‘qituvchi Akbarxon domla Asqarov tanishtirdi.
Qorilar chiqishlarini malakali hakamlar baholab bordi.
Yakuniy natijalar quyidagicha bo‘ldi:
Hifz yo‘nalishi:
1-o‘rin Axmedov Yahyoxon (4-kurs)
2-o‘rin Dulabov Mahmud (1-kurs)
3-o‘rin Sherqulov Anvar (3-kurs)
Tarannum yo‘nalishi:
1-o‘rin Sayfullayev Fazliddin (4-kurs)
2-o‘rin Tojidinov Husanaliy (1-kurs)
3-o‘rin Xabibullayev Nasrullo (3-kurs)
G‘oliblar va ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar hamda diplomlar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati