Yurtimizda islom ilmlarining o'chog'i hisoblangan Buxoro, Samarqand yoki Nasaf kabi katta shaharlar bo'lgan. Mazkur shaharlarda o'ziga xos ilmiy maktablar ham yuzaga kelgan. Toshkent shahrini ham xuddi shunday katta ilm markazlaridan biri deyilsa, hech mubolag'a bo'lmaydi. Buning dalili sifatida bugungi kunimizda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh kabi ulamolarning etishib chiqqqanligi bilan isbotlash mumkin.
Shayx Muhammad Sodiq rohimahulloh hijriy 1371 yil 21-rajab – melodiy 1952 yil 15-aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Andijon viloyati Asaka tumanida, Niyozbotir qishlog'ida Muhammad Yusuf domla xonadonida tavallud topdi. 1960 yili Muhammad Yusuf domla diniy xizmat yuzasidan Andijonning Buloqboshi tumaniga imom bo'lib saylangach, bu oila mazkur tumanga ko'chib o'tdi. Muhammad Yusuf domla mazkur Buloqboshi tumanida 45 yil imom-xatiblik qilgan va o'z masjidida juma oldidagi mav'iza asnosida vafot etgan.
Yetuk alloma, mujaddid, mufassir, muhaddis, faqih, mutafakkir, murshid, zohid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh o'z zamonasida islom olamining yirik namoyandasi, ulkan arbob, SSSR Oliy Kengashining xalq deputati, O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasining sobiq muftiysi, mustaqil O'zbekistonning birinchi muftiysi, ko'plab xalqaro ilmiy muassasalar, diniy tashkilotlarning a'zosi, o'zbekzabon xalqlarning diniy rahnamosi bo'lgan.
Alloh rahmat qilsin, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ixlos va taqvo xonadonida dunyoga keldi. Otasi ustoz Muhammad Yusuf domla Boybo'ta o'g'li rahmatli Andijon viloyatining ko'zga ko'ringan ahli ilmlaridan, taqvo va ibodatda mustahkam, dinu el xizmatida kamarbasta kishi bo'lgan. Alloh rahmatiga olsin, onalari Tilakberdi qizi Sobiraxon ona ham juda sodda, parhezkor, ibodatgo'y, fidokor, samimiy ayol edi. Ustoz Muhammad Yusuf domla va Sobiraxon ona farzandlarining tarbiyasiga qattiq e'tibor berishgandi. Onasi chaqaloqni imkon qadar betahorat emizmasdi. Uni bir lahza ham nazardan chetda qo'ymas edilar. Muhammad Yusuf domla farzandi Muhammad Sodiqning ilm olishiga bor e'tiborlarini qaratgandi. Maktabda a'lo baholarga o'qishiga, uyda mustaqil mutolaa qilishiga alohida ahamiyat berardi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ilm talabini umrining so'nggi onlarigacha tark qilmadi. U bilan birgan Toshkent islom instituti va Buxoradagi Mir arab madrasasida Kavkaz muftiysi Alloshkukr Poshshozoda, Usmonxon Alimov, Rossiya va Qozon muftiysi Tal'a Tojiddin kursdosh bo'lganlar. Checheniston prezidenti Ahmad Qodirov hazratning shogirdi bo'lganlar. U kishi ishlari, mashg'ulotlari nihoyatda ko'p bo'lishiga qaramay, ilmiy bahslari, ta'liflaridan tashqari mustaqil mutolaani ham umrining oxirigacha to'xtatmadi. Shuning uchun ham umri mobaynida qilgan yuzlab safarlarida faqat kitob olib kelardi va o'zi uchun yangi bo'lgan har qanday kitobni o'qib tamomlardi.
Hazratning asarlari uning diniy ilmdagi keng qirrali bilimi va boy ilmiy merosidan dalolat beradi. Ular nafaqat zamonamizning, balki kelasi davrning talabiga ham javob beradi. Asarlarda ko'tarilgan masalalarning dolzarbligi bois, ularga asrlar osha ko'plab sharhlar va hoshiyalar yozilishi tayin.
Allomaning barcha yozgan asarlarini o'qigan kitobxon qisqa fursatda barcha ijtimoiy va ruxiy tarbiyaga oid ilm va ma'lumotlarni o'zida mujassam qiladi. Hususan hanafiy fiqhi bo'yicha mazhabdagi asliy masalalarni o'rganib chiqadi. O'rni kelganda ko'proq fikr yuritib, mujmal joylarini kashf qilishga urinadi. Bu esa, masalani to'g'ri tushuinish malakasini oshiradi.
Hazratning bosib o'tgan shonli tarix yo'lini o'rgangan inson o'zida musofirlik va muqimlik davrida inson qanday holatlarda bo'lishi va o'sha holatlarga tushgan payitda qanaqa yo'llar qo'llashi borasida keng ma'lumotlarni o'zida jamlaydi. Misoli, hazrat Makkada payitlarida onalari vafot etgan. Hazrat bundan qattiq mahzun bo'lganlar. Hattoki, onalarining dafn marosimiga ham kela olmaganlar. Bu gaplar odamlar uchun oddiy hodisaday to'yiladi. Lekin, haqiqiy tafakkur qilib, o'ylagan odam uchun bu narsalarning qalbidan o'tishi va bu voqeani his qilishi o'ta og'ir narsa. Albatta, hazratning boshidan o'tgan har bir voqeada musulmon inson uchun katta bir ibrat bor.
Biz faqatgina hazrat haqlarida qisqa ma'lumot keltirib o'tdik. Yozsak maqola va siyoh tugamaydi. Alloh taolo hazratimizni O'zining rahmatiga bo'rkasin. Bizni ham u kishi qoldirgan ilmiy merosdan nasibador aylasin!
Hulosa o'rnida shuni aytish joizki, hazratning ilmiy meroslarini chuqur o'rganish, hayotga tadbiq qilish, uning qoldirgan asarlaridan unumli foydalanib, yosh-avlodni ma'rifatli qilish va ularni ham hazrat kabi ulug' olim qilib tarbiyalash, hozirgi zamonamiz talabidir.
Toshkent islom instituti
4-kurs talabasi Ahadqulov Fayzulloh
Bu oyat taqvodorlarga va’da qilingan jannatni sifatlab berish ma’nosida bo‘lishi mumkin. Oyat “taqvodorlarga va’da qilingan jannat kofirlarga va’da qilingan do‘zaxga o‘xshash bo‘ladimi?” degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni jannat bilan do‘zax birbiriga o‘xshash emas.
Alloh taolo boshqa bir oyatda jannat haqida bunday marhamat qiladi: “Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilar uchun lazzatbaxsh xamrli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Rabbilaridan mag‘firat bordir. Ular do‘zaxda mangu qoladigan, o‘ta qaynoq suv bilan sug‘orilib, ichaklari titilib ketadigan kimsa (kofirlar)ga o‘xsharmidi?” (Muhammad surasi, 15-oyat).
Alloh taolo bu oyatda bunday demoqda: “Sifati shunday doimiy ne’matlar ichra bo‘lgan kishilar mudom azoblanadigan, sifatlari ana unday bo‘lgan kimsalar kabi bo‘lurmi?” Ya’ni jannatiylar do‘zaxiylar kabi bo‘lmaydi. Shundan oldin kelgan oyat ham ushbu oyatga qiyos qilinadi.
“Uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari doimiydir”. Ya’ni jannatning mevalari doimiy bo‘lib, aslo tugab qolmaydi. Ular dunyo mevalari va uning ne’matlariga o‘xshamaydi. Dunyo mevalarining har qanday turi vaqti bilan tugab qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oxirat jannatining mevalari va undagi jamiki ne’matlar uzluksiz, doimiy ekanini hamda kofirlarga oxiratning azobi ham bardavom ekanini xabar qildi.
“Va soyalari…” Alloh taolo jannatning soyasi ham uzluksiz ekani, unda botishi bilan soyasi ham yo‘qoladigan quyosh bo‘lmasligini bayon etib, undagi barcha ne’matlarning davomiyligi va manfaatli bo‘lishini bildirdi. Soyada manfaat bor, lekin zarar yo‘q, quyoshda esa foyda bilan birga zarar ham bordir. Xuddi shunday, dunyo hayotida barcha narsalarda foydali taraflari bilan birga zararli jihatlar ham bo‘ladi. U ne’matlar kelishi vaqti bilan to‘xtab, zavol topadi. Alloh taolo oxiratdagi soya, jannatdagi barcha ne’matlar zararsiz, uzluksiz, boqiy bo‘lishini va ular dunyodagi soyaga va ne’matlarga o‘xshamasligini xabar qildi.
“Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Bu oyat ning zohirini e’tiborga oladigan bo‘lsak, go‘zal oqibat shirkdan saqlanganlarga bo‘lishi aytildi. Chunki Alloh taolo kofirlarning oqibati do‘zax ekanini zikr qildi. Ya’ni ular ning oqibati, jazosi do‘zaxdir. Jannat esa shirkdan saqlanganlarning mukofotidir.
“Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Yoki ushbu iboraning ma’nosi: “Taqvo qilganlar ning oqibati jannatdir, kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”.
Mufassirlardan ba’zilari Alloh taoloning “Bu taqvo qilganlarning oqibatidir” oyatining ma’nosini bunday bayon qiladi: “Ularning amallari, yaxshiliklarining oqibati jannatdir. Alloh taoloning yagonaligiga kufr keltirgan kimsalar amallarining oqibati esa do‘zaxdir”.
Imom Abu Mansur MOTURIDIYning “Ta’vilotul Qur’on” asaridan
Abdulatif ALLOQULOV tarjima qildi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws