“Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ga muhabbat” kitobi qayta yangi ko’rinishda nashr qilindi!
Ushbu kitob Rasululloh, sollallohu alayhi va sallamning siyrat va sunnatlarini yodga solib turuvchi eslatma sifatidagi qoʻllanma boʻlib hizmat qiladi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan:
"Eslating! Zero, eslatma moʻminlarga manfaat yetkazur" (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Muqovasi —yumshoq;
Sahifalar soni — 176 bet;
Narxi —24.000 so’m
O'zbekiston bo’ylab yetkazib berish hizmati mavjud.
Bog’lanish uchun:
@Marifatuyi_admin
Ma’rifat uyi-2 | Rasmiy kanali



24 noyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida «Qur’on va qiroat ilmlari» fan oyligi doirasida an’anaviy Qur’oni karim musobaqasining final bosqichi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, rais o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Muhammad Olim domla Muhammadsiddiqov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov, «Qur’on ilmlari» kafedrasi ustozlari, taniqli qorilar, talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Musobaqani ochib bergan Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov yurtimizda Qur’on ilmlarini o‘rganish borasida salmoqli yutuqlarga erishilayotgani, xususan, joriy yilda ma’had tarixida ilk bor «Tafsir va Qur’on ilmlari» bo‘yicha magistrlik mutaxassisligi ochilganini ta’kidlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov yig‘ilganlarni Muftiy hazratlari va idora rahbariyati nomidan tabrikladi. U yurtimizda qorilarning son va sifat jihatidan yuksalib borayotgani, buning samarasi Ramazon oyidagi xatmi Qur’onlarda yaqqol namoyon bo‘layotganini qayd etib, mazkur musobaqa mohir qorilarni saralash va yoshlarni yuksak qorilik maqomiga rag‘batlantirishga xizmat qilishini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov davlatimiz rahbari tomonidan Qur’on ahli va hofizi kalomlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor hamda moddiy-ma’naviy rag‘bat xususida to‘xtalib, ma’had sovg‘alaridan tashqari Muftiy hazratlari nomlaridan ham qo‘shimcha munosib mukofotlar ajratilganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammad Olim domla Muhammadsiddiqov kelgusi yildan 10 ta o‘rta maxsus va 4 ta oliy diniy ta’lim muassasasi o‘rtasida Qur’on musobaqalarini keng miqyosda qayta jonlantirish rejalashtirilayotganini aytib, ustozlar oldida xalqaro maydonlarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taradigan mohir qorilarni tayyorlash vazifasi turganiga urg‘u berdi.
Bu yilgi musobaqaning muhim yangiligi sifatida tilovat yo‘nalishida ilk bor modul ta’lim tizimida tahsil olayotgan imom va noiblar ham qatnashdi. Bellashuvda ishtirokchilarning Qur’oni karimni yoddan o‘qishi, tajvid qoidalariga rioya etishi, oyatlarni tajvidiy tahlil qilishi hamda ovoz va tarannum mahorati sinovdan o‘tkazildi.
Ishtirokchilarning chiqishlarini «Qur’on ilmlari» kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov raisligidagi, tajribali ustozlar hamda misrlik Islom Abdulatiy qoridan iborat hakamlar hay’ati odilona baholab bordi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar g‘olib va sovrindor bo‘ldilar:
Hifz yo‘nalishi bo‘yicha:
1-o‘rin: Abdulhay Hasanov (101-guruh talabasi) va Muhammad Amin Musayev (304-guruh talabasi);
2-o‘rin: Shukrulloh Abdullayev (404-guruh talabasi);
3-o‘rin: Biloliddin Ibrohimjonov (202-guruh talabasi).
Tilovat yo‘nalishi bo‘yicha (modul ta’lim talabalari o‘rtasida):
1-o‘rin: Zohidjon Nomonov;
2-o‘rin: Abdulboqiy Ahmedov;
3-o‘rin: Biloliddin Qamardinov.
Har ikki yo‘nalish g‘oliblariga Muftiy hazratlari nomlaridan: ▪️ 1-o‘rin uchun — 7 million so‘m; ▪️ 2-o‘rin uchun — 5 million so‘m; ▪️ 3-o‘rin uchun — 3 million so‘m pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, ma’had va homiylar tomonidan g‘olib hamda sovrindorlarga iPad, planshet, changyutgich va sharbat chiqargich kabi qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Ushbu musobaqa iqtidorli qorilarni kashf etish, yoshlarda Kalomullohga muhabbatni oshirish hamda xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan mohir hofizi Qur’onlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati