Keyingi paytlarda respublikamizda ko'cha-ko'yda sodir bo'layotgan yo'l-transport hodisalari haqidagi xabarlarga ko'p duch kelyapmiz. Yo'llarda e'tiborli va sergak bo'lish haqida bosh qotiryapmiz. Barcha masalada bo'lganidek yo'lning ham odobi, tartibi bor. Yo'l harakati qoidalaridan tashqari odobi masalasiga ham e'tibor qaratsak, yaxshi bo'lar edi. Avtomobilga o'tirib, yo'lga tushar ekanmiz, haydovchi mashinani texnik jihatdan yo'lga loyiqligidan xabardor bo'lmog'i shart. Avvalo, yonilg'i keyingi shoxobchagacha etadimi, tormoz va boshqa qurilmalar sozligi muhim ahamiyatga ega. Yo'l beparvolikni yoqtirmaydi. Balki ishlab ketar, balki yonilg'i etib qolar degan o'y bilan hech qachon yo'lovchi olib ko'chada yurmaslik lozim. Bu yuk tashuvchi, yo'lovchi tashuvchi texnika haydovchilariga ham tegishli.
– Yaqinda eski mashinamni sotishga to'g'ri keldi, – deydi bir tanish taksi haydovchisi. – Bitta kichkina chiroqchasining simi tegmay qolgan ekan. Texnik ko'rikdan o'tmadi, sota olmadik. Shunda bir o'rtog'im viloyatlardan biriga borib, bemalol sota olishimni, hamma eski mashinalarni viloyatlarga sotib yuborishini, texnik ko'rik qo'l uchida amalga oshirilishini aytdi. Men vijdnim, imonim oldida bunday qila olmasligimni tushuntirib, Qibrayga ustaga olib borib mashinani tuzatib, keyin sotdim.
Bu mutlaqo bir kishining fikri bo'lsa ham undagi texnik ko'rik masalasi diqqatimni tortdi. Mana shunaqa kamchiliklardan ko'z yumushlar keyin ba'zi insonlarning hayotdan ko'z yumishiga olib kelmaydimi? Nega faqat poytaxt mashina bozorlarida mashina oldi-sotdisida texnik ko'rik talab qilinadi?
Yaqinda viloyatlardan birida gaz ballon qo'yilgan yangi mashinaning portlab ketgani haqida xabarni eshitib qoldim. Keyin shu sohadan xabari borlarning aytishlaricha, ko'pchilik uzoqqa qatnaydigan taksichilar ko'proq pul evaziga gaz balloniga ko'proq gaz quydirib olishar ekan. Natijada ballon bosimni ko'tara olmay portlab ketadi. Hayriyatki, bu holatda hech kim jabrlanmagan. O'sha haydovchiga balki misqollab topgan puliga olgan mashinasi-yu o'zining joni ham aziz emasdir. Biroq qolgan yo'lovchilarchi? Ularni kutib turgan oila a'zolarichi?
Ko'pchilik magistral yo'llar va umuman yo'llarning sifatsizligi avariyalarga ko'proq sababchi bo'layotganini, aylanib o'tsang, jarima belgilanishini ta'kidlamoqda. To'g'ri, yo'llarda muammolar ko'p. Lekin e'tibor qilsak, sodir bo'layotgan yo'l transport hodisalari tekis yo'llarda ko'p uchrayapti. Ayniqsa, chorrahalar, magistral yo'llar. Bu joyda haydovchilar tezroq oldinga o'tib, tezroq manzilga etishni maqsad qiladi. Oqibatda...
Mashinalar karvoni orasidan pildirab, o'ziga yo'l topib, uchirib yuradigan haydovchilardan qo'rqaman. Menga xotirjam haydovchilar kerak. Hali bu chiziqqa, hali bu chiziqqa o'zini urib, bor-yo'g'i ikki daqiqa vaqtdan yutishi mumkin. Lekin shu ikki daqiqa uchun hayotini, o'zgalar hayotini xavfga solish mumkinmi?
Yo'l odoblarining yana bir tomoni bor. Mashina boshqarayotganda haydovchilar oynadan qo'l chiqarib yurishi, chekishi, telefonda gaplashishi mumkinmi? Hozirgi kunda ko'chaga chiqib ko'ring, bunday hollarga o'nlab duch kelasiz. Ba'zida bemalol mashina harakati jarayonida eshik ochilib, tuflanadi va yana davom etiladi. Bu yo'l qoidasidan tashqari odobga, tarbiyaga to'g'ri keladimi? Tuflashning ham o'z tartibi bor aslida. Biror chetga chiqib, hech kim ko'rmaydigan joyga chap oyoq tomonga tupurish kerak. Yo'lning o'rtasida boshqarilayotgan mashinadan bosh chiqarish yana boshqa hodisalarni keltirib chiqarmaydi deb kim kafolat beradi?
Ko'chaga chiqqach, mashina meniki, yo'l meniki deydiganlar ehtiyot bo'lsin. Ko'za kunida sinadi. Avvalo yo'llarda barchani Alloh asrasin. Lekin kundan kun ortib borayotgan avariyalar soni, halok bo'layotgan odamlar yurakni qayg'uga to'ldiradi. Angren shahrida bo'lgan yo'l-transport hodisasida bir oiladan uch odam vafot etibdi. To'rtinchisi kasalxonaga tushgan. Eng achinarlisi, bir oila bo'lib, harbiy xizmatdagi o'g'lining qasamyod marosimiga borib qaytayotgan baxtiyor oila bir lahzada... qolganini yoza olmayman. Kuchim etmaydi...
Viloyatlarni bir-biriga ulaydigan magistral yo'llarda haydovchilar bir-birlariga telefon qilib, qayerda radar bor, kuzatuv qayerga o'rnatilgan aytib ketishadi. Bu kuzatuvdan tashqi joylarda tezlikni oshirish degani. Shunda yo'lovchilar haydovchidan sekin yurishni talab qilishlari lozim. Telegram kanallarida ba'zilar qayerda "01" ya'ni spirtli ichimlik ichganini tekshirish reydlari bo'layotganini so'rashadi. Unga kimdir "yaxshilik" qilib aytadiyam. Bu o'ylamay qilingan ogohlantirish ortidan kimdir jarohat olishi , va hatto hayot bilan vidolashishi ham mumkin. Muqaddas dinimizda ichkilik ichish qattiq qoralanadi. Ichkilik ta'siridagi odam aqlining izmida bo'lmaydi. Endi uni mashina boshqarishini tasavvur qilavering! Shunday odamga qayerda reyd bo'layotganini aytgandan ko'ra, nafsingga reyd o'tkaz, deb tanbeh bergan yaxshi emasmi?
Aslida haydovchini tergashga yo'lovchilarning ham haqi bor. Bir-ikki yil oldin oilaviy Samarqand viloyatiga ketayotgan edik. Kechasi yo'lga tushganimiz uchun haydovchidan sekin yurishni iltimos qildik. Haydovchi bir erda to'xtadi. Mashina raqamiga nimadir yopishtirayotganini payqab qoldik. Shunda turmush o'rtog'im haydovchining yoniga tushib bordi va bu ishi yaxshi emasligini ogohlantirdi. Haydovchi norozi qiyofada joyiga o'tirdi va mashinani haydab ketdi. Kameralarni, patrul xizmatchilarini aldash mumkindir. Allohni qanday aldaydi, o'z vijdoninichi?
Turkiyada yashab kelgan jiyanim aytib bergan edi. Agar Turkiyada ikki mashina to'qnashib ketsa, haydovchilar bir-birlariga kechiring, bizdan o'tibdi, deb uzrxohlik qilishadi, deb. Texnika – temir. Inson umri aziz. To'g'ri, bizda mashinaga etishish oson emas. Yillab qilingan zahmatlar evaziga mashina olish mumkin. Mol achchig'i – jon achchig'i. Odam bu holatda o'zini boshqarishi qiyin. Lekin hech narsani ortga qaytarishning iloji yo'q. Shuning uchun oldindan sokinroq mashina boshqargan ma'qul.
Biz farzandlarimizga tarbiya berayotganda yo'l odoblari, mashina boshqarish odoblarini ham o'rgatib boraylik. Toki, yo'llarda bitta bo'lsa ham avariyaning oldi olinsin. Birov ozroq quvib o'tsa, etib olib kimligimizni ko'rsatib qo'yishdan tiyilaylik. Ozgina xato qilgan odamni kechiraylik. Yo'ldan odamlarga zarar etkazadigan arzimas narsani olib tashlashning savobi ulug'ligi haqida juda ko'p eshitganmiz. Yo'llarda odamlar hayotiga xavf tug'diradigan zararlardan ehtiyot bo'lish bilan ham savob olaylik.
Manzura Shams
#Sayyor_yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil haj mavsumida xurmatli Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarning hol-ahvollarini so‘radilar.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Shu tashabbus ayni kunlarda amalga ko‘chib, hojilarimiz mahallalarga kirib, tinchlik va ma’naviyatni targ‘ib etmoqdalar.
Bugun, 16 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi raisliklarida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh shakllantirildi.
Abduqahhor domla amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha imom-xatiblar hojilar bilan birgalikda hududdagi 20 ta mahallaga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Ajrim yoqasiga kelib qolgan bir oilaga kirilib, ularga hojilar zarur tavsiyalarni berishdi. Oila boshliqlari xato qilganlarini anglab yetdilar.
Tadbir doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan onaxonga maxsus aravacha hadya qilindi. Onaxon ko‘zidagi quvonch yoshlari bilan shu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqab, ularga minnatdorligini izhor qildi.
Ehtiyojmand bir oilaga zamonaviy televizor hamda ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Yosh oilaga adabiy-badiiy kitoblar ulashildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar holidan xabar olingani tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Bugungi tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda hojilarimizning xizmati beqiyos ekanini ko‘rsatmoqda.
Aslida imom-xatiblarimiz har kuni shunday xayrli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Bugunga kelib bu ish tizimli va keng ko‘lam kasb etib, takomillashib bormoqda.
Tadbir ishtirokchilari yana «Mulla Qosim» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
* * *
Peshin namozidan so‘ng Abduqahhor domla «Mulla Qosim» jome masjidida jamoatga «Shukronalik va tinchlikning qadri» mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish o‘z nihoyasiga yetdi.
* * *
Eslatib o‘tamiz, keyingi shunday tadbir Sergeli tumanida o‘tkaziladi.
Ulashing | @MuslimShosh