— Qurbonlik qiladigan odam 10 kun oldin sochini, soqolini, tirnog'ini olishi mumkin emas, degan gaplar bor. Shu rostmi?
— O'sha qisqartirmay turish shariat tarafidan mustahab qilingan. Ya'ni qilgan odam savob oladi, qilmaganga esa gunoh yo'q. Va bu amal Zulhijja oyining hurmati va odobi yuzasidandir.
— Biz tomonlarda qurbonlik uchun so'yiladigan qo'y dalaga qo'yib yuborilganda adashib ketmaslik uchun qulog'i qaychida ozroq qirqilib, belgi qilinadi. Lekin eshitishimcha, bunday qilish shariatimizda mumkin emasmish va bu qo'ylar qurbonlikka o'tmasmish... Shunga oydinlik kiritib bersangiz?
— Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni ko'z va qulog'ini yaxshilab ko'rib olishimizga, g'ilayni, muqobalani, mudobarani, xarqoni va sharqoni qurbonlik qilmasligimizga amr qildilar. Men: “Muqobala nima?”dedim.“Qulog'ining bir tomoni kesilgan”, dedilar. “Mudobara nima?” dedim.“Qulog'ining uchi kesilgan”, dedilar. “Sharqo nima?” dedim.“Qulog'i yorilgan”,dedilar.“Harqo nima?” dedim. “Qulog'i belgi uchun yirtilgan”,dedilar(Sunan egalari rivoyat qilgan).
So'yiladigan jonivorning sog'lom bo'lishidan quyidagi hikmatlar ko'zda tutilgan:
Musulmonlarning Allohga nisbatan yuksak odoblari. Qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog'-salomat, hech bir nuqsonsiz bo'lishiga urinish Alloh taologa nisbatan yuksak odobni ko'rsatadi. Qurbonlikning go'shti ham, qoni ham Alloh taologa kerak emasligi va etmasligi aniq. U zotga faqat taqvo etadi, xolos. Go'shti va qoni etmasa ham, qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa taqvoning barkamolligi uchun urinishdir.
Kambag'allarning ko'ngillarini ko'tarish. Ularga yaroqsiz bo'lib qolgan, nuqsonli hayvonlar go'shtini emas, eng afzal hayvonlar go'shtini sovg'a qilish yaxshi ish. Bunda kambag'allarning ko'ngillari ko'tariladi. O'zlarini muhtaram kishilar sifatida his etadilar.
— Mening bir bosh qo'zichog'imni cho'pon boqib yurganida, bir ko'ziga tosh tegib, oqib tushdi. Shu qo'zichoq sog' qolsa, so'yib ehson qilsa bo'ladi-mi?
— Savob umidida go'shtini tarqatish, u bilan beva bechoralarni holidan xabar olish uchun, albatta bo'ladi. Ammo ibodat hisoblangan qurbonlik kabi amallar uchun joiz bo'lmaydi. Qurbonlik hayvonini barcha a'zolari salomat bo'lishi shart qilingan.
Muhammad Ayyub domla Homidov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Men padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman: «Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir o‘g‘illari bor edi. Uni hazrat qayergadir ilm tahsil qilish uchun yubordilar. U olim bo‘lib qaytdi. Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir majlislari bo‘lar edi. Majlisga hazratga yaqin kishilar kelardi. Hazrat ularga nasihat qilib turardilar. O‘g‘illari kelganida, hazrat unga: «Birodar, sen butkul yangi ilm hosil qilib kelgansan, bugun ularga sen va’z qil», dedilar. U judayam tetik edi.
Hazratning taklifini bajonudil qabul qildi. Majlis hali jam edi. U va’z aytdi. Odamlar tinglayverdilar, tinglayverdilar. Lekin ta’sirlanmadilar. Oddiy bir olimning gapini eshitdilar. Shundan keyin hazrat tashrif buyurdilar va o‘tirib, bor-yo‘g‘i shunday bir jumla aytdilar: «Birodar, biz bugun ro‘za tutishni iroda qilgan edik. Kechasi saharlikda ichamiz deb sut saqlab qo‘ygan edik. Lekin taqdirni qarangki, mushuk sutni ichib ketdi va biz ro‘za tuta olmadik».
Bor-yo‘g‘i shu gapni aytdilar. Gaplari qattiq ta’sir qildi. Keyin hazrat o‘g‘illariga bunday dedilar: «Qara, sen soatlab va’z qilding. Ularga hech narsa qilmadi. Men bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapirdim, odamlarning qalblariga ta’sir etdi. Sen ilm o‘rganib kelding. Lekin endi qalb dardini paydo qil, qalbingni Allohga qaytarishga, ya’ni bog‘lashga harakat qil. Keyin sening bir so‘zing, u fasohatli-balog‘atli bo‘lsa-bo‘lmasin farqi yo‘q, odamlarning qalblariga, ruhiyatlariga ta’sir qiladi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan