Saudiya Arabistoni Podshohligi Islom ishlari, da'vat va irshod vazirligi tomonidan Kasablanka shahrida tashkil etilgan “Jasur” Islom ko'rgazmasini Marokash xalqi katta mamnuniyat bilan qarshi oldi.
“IQNA” saytining “Al Youm” nashriga tayanib xabar berishicha, “Jasur” islom ko'rgazmasi Saudiya Arabistoni Podshohligi Islom ishlari, da'vat va irshod vazirligi tomonidan Marokash Podshohligi Vaqf vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Ushbu ko'rgazma hozirda Kasablankadagi Hasan II masjidi fondida o'tkazilmoqda.
Ushbu ko'rgazmada Makka va Madinadan olingan tarixiy qo'lyozma va nodir Islom yozuvlari, fotosurat va hujjatli fil'mlar, tarixiy masjidlar, Qur'on musobaqalari, Islom xattotligi ko'rgazmalari o'rin olgan. Ziyoratchilar virtual reallik texnologiyasidan foydalangan holda haj ziyoratini ham ado etish to'g'risidagi ma'lumotlarga ega bo'lishi mumkin.
Marokash maktablarining ko'plab talabalari ham ushbu ko'rgazmaga tashrif buyurishdi va Saudiya Arabistonidagi islom madaniyatining turli ko'rinishlari bilan tanishishdi. Virtual reallik texnologiyasidan foydalangan holda, bu talabalar Makka shahridagi Masjidul Haromga tashrif buyurib, Haj va Umra marosimlari bilan tanishdi. Bundan tashqari, ular Shahada, Sahih va Rushd kabi maxsus diniy ilovalar bilan ishlashni o'rgandi.
Ushbu ko'rgazma ishtirokchilari “Qirol Fahd” majmuasining Qur'oni karim nashri stendida ham bo'lishib, Qur'oni karim nusxalarini sovg'a sifatida olishdi.
Mazkur ko'rgazmaga tashrif buyurganlar uning mutasaddilarining islomiy asarlarni tanitish va Qur'oni Karimga xizmat ko'rsatish borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadilar va minnatdorchilik bildirdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon domla AHMYeDOV tayyorladi
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov