Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Mart, 2026   |   20 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:27
Quyosh
06:45
Peshin
12:39
Asr
16:37
Shom
18:27
Xufton
19:38
Bismillah
09 Mart, 2026, 20 Ramazon, 1447

Naqadar go'zal hamrohlar!

08.06.2022   1665   6 min.
Naqadar go'zal hamrohlar!

«Kimda-kim Alloh va Payg'ambarga itoat etsa, aynan o'shalar Allohning in'omiga erishgan zotlar, ya'ni payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go'zaldir! Bu Allohdan (bo'lgan) fazldir. Alloh etarli (darajada) bilimdondir» (Niso surasi, 69–70-oyatlar).

Alloh aytadi: “Kim Alloh taoloning buyruqlariga itoat etsa va Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallamga ergashsa, Alloh­ning in'omiga erishgan anbiyolar, siddiq­lar, shahidlar va solih kishilar bilan jannatda birga bo'ladilar. Ular jannatda hamroh sifatida naqadar go'zal­dirlar!

Bu Alloh taolodan bo'lgan buyuk mukofot bo'lib, bandalarning qilgan solih amallari uchun ulug' in'omlar berilajagini bilib olishlariga kifoya qiladi.

Oyati karimada itoatni va solih amal­larning natijalarini bayon etib, mo'min­larga bashorat berilmoqda.

Aynan o'shalar Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam olib kelgan muqaddas dinni tas­diqlaydilar. Tasdiqlari ham dilda, ham so'zda, ham amalda davomli bo'ladi.

Ular jannatda Alloh taoloning ulug' ne'matlariga erishgan zotlar – anbiyolar, siddiqlar, shahidlar va solih mo'minlar bilan qo'shni bo'ladilar. Bu kabi ahli jannatlarning hamrohligi naqadar go'zaldir.

Nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar musulmon olamining oxiratda fazlu marhamat uchun tanlangan azizlari bo'ladilar.

Imom Qurtubiy “Al-Jome' li-ahkamil Qur'on” kitobida quyidagi rivoyatni keltiradi. Kalbiy rahimahulloh aytadilar: «Bu oyat Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ozod qilgan qul­lari Savbon haqida nozil bo'lgan. U kishi Nabiy alay­hissalomni juda yaxshi ko'rardi. U zot ko'rinmay qolsalar, xavotirga tushib, bunga toqat qilolmasdi. Bir kuni u kishi rangi o'zgarib, holsizlanib Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldilar. Yuzida mahzunlik bilinib turardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Savbon! Nima sababdan ranging o'zgarib, xafa bo'lding?” dedilar. U: “Yo Rasululloh! Menga biror zarar ham, kasallik ham, musibat ham etgani yo'q. Lekin men sizni ko'rmasam, o'zimni juda yolg'iz his qilaman. To sizni topmagunimcha, sizga intilaveraman. Oxiratni eslab, qiyomatda sizni ko'rmay qolishdan qo'rqyapman. Chunki bilaman, siz anbiyolar bilan yuqori martabada bo'lasiz. Men esa, agar jannatga kira olsam ham, manzilim sizning manzilingizdan pastda bo'ladi. Agar jannatga kirolmasam, unda sizni hech qachon ko'rolmasligim aniq”, dedi. Shunda Alloh mazkur oyatni nozil qildi».

Vohidiyning “Asbobun nuzul” kitobida keltiriladi. Oysha roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Siz menga o'zimdan ham, ahlimdan ham, bolalarimdan ham se­vimliroqsiz. Men uyda o'tirib sizni eslab qolaman-da, oldingizga kelib, sizni ko'rmagunimcha, sabr qilolmay qolaman.

Oxiratni eslasam, bilamanki, siz jannatda anbiyolar bilan birga yuqori martabada bo'lasiz. Men esa jannatga kirsam ham, sizni ko'rolmay qolishdan qo'rqaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam javob qaytarmaslaridan burun mazkur oyat nozil bo'ldi».

Oysha roziyallohu anho aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitdim. U zot alayhissalom: “Biror-bir nabiy kasal bo'lsa, unga dunyo yoki oxirat ixtiyori beriladi”, dedilar». Oysha roziyallohu anho so'zlarini davom ettirib: «U zot sollallohu alayhi va sallam o'lim to'shagida yotgan vaqtlarida nafas olishlari qiyinlashdi. Shu paytda u zotning: “Kimda-kim Alloh va Payg'ambarga itoat etsa, aynan o'shalar Allohning in'omiga erishgan zotlar, ya'ni payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar” deyayotganlarini eshitdim. Ixtiyor berilganini bildim», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo itoat qiluvchi ki­shi shunday ulug' zotlar bilan birga bo'lishining xabarini berib, ularning ulug'liklarini tushuntirish bilan bir qatorda, maqomlarini ziyoda qilib: “Ular hamroh sifatida naqadar go'­zaldir”, dedi. So'ng uni ado qi­ladigan narsaga qiziqtirib, ularga bergan ne'matlarining buyukligiga ishora qildi: “Bu Allohdan (bo'lgan) fazldir. Alloh etarli (darajada) bilimdondir”. Bu oyatda Alloh taolo O'zining ulug' fazli – zohiriy va botiniy ilmi haqida xabar bermoqda.

 

Abdulhay TURSUNOV,

Namangan viloyati bosh imom-xatibi

"Hidoyat" jurnali 2022 yil 1-son

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Makka olimi: Ato ibn Abu Raboh

05.03.2026   14029   2 min.
Makka olimi: Ato ibn Abu Raboh

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Kunlarning birida Sulaymon ibn Abdulmalik vazir, shahzoda va mulozimlari bilan birga Masjidul haromga bordi. U barcha musulmonlar kabi ehrom (rido va izor) kiyib olgandi.

Uning oldida to‘lin oy kabi nurli, atirgul kurtaklaridek yangi va xushbo‘y ikki o‘g‘li ham bor edi.

Yer yuzining uchdan bir qismini boshqargan musulmonlar xalifasi Baytullohni tavof qilib bo‘lgach, o‘ziga yaqin bir kishidan: “Makkaning olimi kim?” deb so‘radi.

Unga: Ato ibn Abu Raboh, deb javob berishdi.


U: “Meni u bilan uchrashtiring”, dedi.

Shunday qilib, u bilan uchrashdi. Ato ibn Abu Raboh qora tanli, jingalak sochli va yassi burunli habash keksa odam ekan.

Xalifa: “Butun dunyoga shuhrati tarqalgan Ato ibn Abu Raboh senmisan?” dedi.

U: “Ha, shunday deyishadi”, dedi.

Sulaymon ibn Abdulmalik: “Bu sharafga qanday erishdingiz?” deb so‘radi.

Ato ibn Abu Raboh: “Insonlarning qo‘lidagi mol-dunyo (ta’ma)dan yuz o‘girish va ilm bilan ularning hojatlarini qondirish orqali”, deb javob berdi.

Yana bunday dedi: “Agar insonlar ilmingizdan behojat bo‘lsalar, mol-dunyoingiz bilan ularning hojatini ravo qilasiz. Agar odamlarning mol-mulkidan behojat bo‘lsangiz, ular sizning ilmingizga muhtoj bo‘ladilar. Peshona teri va qo‘l mehnati orqali rizq talab qilish eng afzalidir. O‘tgan ulamolarning aksariyati kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lganlar”.

 

Sulaymon: “Haj amallari haqida Ato ibn Abu Rabohdan boshqa hech kim fatvo bermasin”, dedi.

Sulaymon ibn Abdulmalik o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘illarim, Allohga taqvo qiling. Allohga qasamki, Alloh O‘zi xohlagan bandasining darajasini ko‘taradi. Hatto boyligi va nasabi bo‘lmagan habash qul bo‘lsa ham. Allohga qasamki, O‘zi xohlagan kishini xor qiladi, hatto u oliyjanob nasldan bo‘lsa ham”.

Xalifa yana so‘zini davom ettirib bunday dedi: “Siz guvohi bo‘lgan bu kishi – Qur’on tarjimoni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning merosxo‘ridir. Shunday ekan ilm o‘rganing, ilm o‘rganing”.

 

Davron NURMUHAMMAD