«Kimda-kim Alloh va Payg'ambarga itoat etsa, aynan o'shalar Allohning in'omiga erishgan zotlar, ya'ni payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go'zaldir! Bu Allohdan (bo'lgan) fazldir. Alloh etarli (darajada) bilimdondir» (Niso surasi, 69–70-oyatlar).
Alloh aytadi: “Kim Alloh taoloning buyruqlariga itoat etsa va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ergashsa, Allohning in'omiga erishgan anbiyolar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan jannatda birga bo'ladilar. Ular jannatda hamroh sifatida naqadar go'zaldirlar!
Bu Alloh taolodan bo'lgan buyuk mukofot bo'lib, bandalarning qilgan solih amallari uchun ulug' in'omlar berilajagini bilib olishlariga kifoya qiladi.
Oyati karimada itoatni va solih amallarning natijalarini bayon etib, mo'minlarga bashorat berilmoqda.
Aynan o'shalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam olib kelgan muqaddas dinni tasdiqlaydilar. Tasdiqlari ham dilda, ham so'zda, ham amalda davomli bo'ladi.
Ular jannatda Alloh taoloning ulug' ne'matlariga erishgan zotlar – anbiyolar, siddiqlar, shahidlar va solih mo'minlar bilan qo'shni bo'ladilar. Bu kabi ahli jannatlarning hamrohligi naqadar go'zaldir.
Nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar musulmon olamining oxiratda fazlu marhamat uchun tanlangan azizlari bo'ladilar.
Imom Qurtubiy “Al-Jome' li-ahkamil Qur'on” kitobida quyidagi rivoyatni keltiradi. Kalbiy rahimahulloh aytadilar: «Bu oyat Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ozod qilgan qullari Savbon haqida nozil bo'lgan. U kishi Nabiy alayhissalomni juda yaxshi ko'rardi. U zot ko'rinmay qolsalar, xavotirga tushib, bunga toqat qilolmasdi. Bir kuni u kishi rangi o'zgarib, holsizlanib Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldilar. Yuzida mahzunlik bilinib turardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Savbon! Nima sababdan ranging o'zgarib, xafa bo'lding?” dedilar. U: “Yo Rasululloh! Menga biror zarar ham, kasallik ham, musibat ham etgani yo'q. Lekin men sizni ko'rmasam, o'zimni juda yolg'iz his qilaman. To sizni topmagunimcha, sizga intilaveraman. Oxiratni eslab, qiyomatda sizni ko'rmay qolishdan qo'rqyapman. Chunki bilaman, siz anbiyolar bilan yuqori martabada bo'lasiz. Men esa, agar jannatga kira olsam ham, manzilim sizning manzilingizdan pastda bo'ladi. Agar jannatga kirolmasam, unda sizni hech qachon ko'rolmasligim aniq”, dedi. Shunda Alloh mazkur oyatni nozil qildi».
Vohidiyning “Asbobun nuzul” kitobida keltiriladi. Oysha roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Siz menga o'zimdan ham, ahlimdan ham, bolalarimdan ham sevimliroqsiz. Men uyda o'tirib sizni eslab qolaman-da, oldingizga kelib, sizni ko'rmagunimcha, sabr qilolmay qolaman.
Oxiratni eslasam, bilamanki, siz jannatda anbiyolar bilan birga yuqori martabada bo'lasiz. Men esa jannatga kirsam ham, sizni ko'rolmay qolishdan qo'rqaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam javob qaytarmaslaridan burun mazkur oyat nozil bo'ldi».
Oysha roziyallohu anho aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitdim. U zot alayhissalom: “Biror-bir nabiy kasal bo'lsa, unga dunyo yoki oxirat ixtiyori beriladi”, dedilar». Oysha roziyallohu anho so'zlarini davom ettirib: «U zot sollallohu alayhi va sallam o'lim to'shagida yotgan vaqtlarida nafas olishlari qiyinlashdi. Shu paytda u zotning: “Kimda-kim Alloh va Payg'ambarga itoat etsa, aynan o'shalar Allohning in'omiga erishgan zotlar, ya'ni payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar” deyayotganlarini eshitdim. Ixtiyor berilganini bildim», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo itoat qiluvchi kishi shunday ulug' zotlar bilan birga bo'lishining xabarini berib, ularning ulug'liklarini tushuntirish bilan bir qatorda, maqomlarini ziyoda qilib: “Ular hamroh sifatida naqadar go'zaldir”, dedi. So'ng uni ado qiladigan narsaga qiziqtirib, ularga bergan ne'matlarining buyukligiga ishora qildi: “Bu Allohdan (bo'lgan) fazldir. Alloh etarli (darajada) bilimdondir”. Bu oyatda Alloh taolo O'zining ulug' fazli – zohiriy va botiniy ilmi haqida xabar bermoqda.
Abdulhay TURSUNOV,
Namangan viloyati bosh imom-xatibi
"Hidoyat" jurnali 2022 yil 1-son
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Abu Hurayra, faroiz (meros) ilmini o‘rganinglar va odamlarga o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U eng birinchi unutiladigan ilmdir. Ummatim orasidan eng birinchi ko‘tariladigan ilm ham shudir".
Saidjamol domla MASAYITOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamosi.