Bugun, 7 iyun' kuni Qohira shahrida boshlangan Islom olamida juda katta ahamiyatga ega bo'lgan anjumanning ochilish marosimida Muftiy Nuriddin domla hazratlari hozirgi kundagi eng muhim masalalarni ilgari surdilar.
Nufuzli tadbir Qur'oni karim tilovati bilan boshlandi. Ochilish marosimida Misr Arab Respublikasi muftiysi Shavqiy Allom kirish so'zi bilan ochib, zamonaviy tahdidlarning oldini olish, xususan, adashgan toifalar g'oyalariga qarshi kurashishda ulamolarning ittifoqligi muhimligiga urg'u qaratdi.
Halqaro konfrentsiyaning ochilish marosimida Muftiy Nuriddin domla hazratlari so'zga chiqib, bugungi davrda g'oyaviy tahdidlarning oldini olish uchun bir qator dolzarb takliflarni olg'a surdilar. Hususan, Ahli sunna val jamoa aqidasini musulmonlar orasida xalqchil tarzda keng tarqatish hamda diniy ilmlarni o'rgatishda mo''tadillik va o'rtalik, “vasatiya”ga alohida ahamiyat berish lozimligi, shu bilan bir qatorda ekstremizmga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirib, ayniqsa, islomiy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularni yagona maqsad sari yo'naltirish zarurligi to'g'risida takliflarni taqdim etdilar.
Mazkur arab tilida qilingan nutq va barcha uchun dolzarb ahamiyatga ega bo'lgan amaliy takliflar anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. Ayniqsa, Yirik ulamolar kengashi a'zosi professor, Ali Juma, Bosniya va Gertsogoviniya sobiq muftiysi Shayx Mustafo Ibrohim kabilar alohida e'tirof etdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz
#muftiy #xalqaro_konferentsiya
@muslimuzportal
Bugun, 1 iyun kuni Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia taklifiga binoan Jidda shahrida tashkil etilgan 49-haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi vazirlar, muftiylar, ulamolar va haj xizmatiga aloqador turli sohalar yetakchilari bilan birga ishtirok etdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy va bir qator soha mutasaddilari qatnashdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan anjumanni mamlakat Haj va umra ishlari vaziri kirish so‘zi bilan ochib, martabali mehmonlarni Makkai mukarramaga tashriflari va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutlab, haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida so‘zladi.
Xalqaro anjuman doirasida haj ibodatini yengillashtirish, ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish, joriy haj mavsumi yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelayotgani, hojilar salomatliklariga e’tibor qilishlari, Arafot hududidagi Rahmat tog‘iga chiqishdan saqlanishlari, shuningdek, haj xizmatidagi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Xalqaro anjumanda Saudiya Arabistoni Podshohligining ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirayotgan ko‘lamli ishlari haqida so‘z yuritildi. Musulmonlarga xizmat qilish uchun Ikki Muqaddas Masjiddagi eng muhim loyiha va katta o‘zgarishlar taqdimot qilindi. Shuningdek, haj amalini ado etishda qonuniy ruxsatnomalarga va amaldagi qoidalarga rioya qilish alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu simpozium 1970 yildan buyon har yili o‘tkaziladi. Bu yilgi anjumanda 50 dan ortiq davlatdan 500 dan ziyod olim va mutafakkirlar mavzu yuzasidan muhim masalalarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati