Islom inson hayotining har bir sohasida o'zining beqiyos ko'rsatmalarini bergan. Zero, Islom inson hayotining bir bo'lagi emas, balki inson hayoti Islomning bir bo'lagidir. Islom jamiyati tom ma'nodagi poklik jamiyatdir. Hamma tomon, hamma narsa pok bo'lishi kerak. Bu jamiyatda zino harom sanaladi. Shuningdek, zinoga sabab bo'ladigan narsalar ham haromdir. Zino insonning ruhiy tinchligini yo'qotadigan razolatdir. Iffatli bo'lish kishiga tinchlik va xotirjamlik baxsh etadi. Bu ulkan gunohlardan bo'lib, shunday qattiq jazoga sabab bo'ladigan og'ir jinoyat to'satdan, o'z-o'zidan sodir bo'lmaydi.
Alloh taolo Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga shunday degan: “(Ey Muhammad,) mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollarga tikishdan) to'ssinlar, avratlarini (haromdan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'ldir). Albatta Alloh ular qilayotgan ishlardan xabardordir. Mo'minalarga ham ayting, ko'zlarini (nomahram erkaklarga tikishdan) to'ssinlar, avratlarini (haromdan) saqlasinlar!..” (Nur surasi, 30-31-oyatlar).
Payg'ambarimiz Muhammad s.a.v. zinodan qaytarib aytadilar: “Ey insonlar! Zinodan qo'rqinglar, unda 6 ta zarar bor. Shundan 3 tasi bu dunyoda, 3 tasi oxiratda bo'ladi. Bu dunyodagilari: zino ruhiy go'zallikni ketkazadi, kambag'allik keltiradi, umrni qisqartiradi. Oxiratdagilarga kelsak, ular – Allohning g'azabi, hisobdan yomon o'tish va jahannam azobidir”.
Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi. Rasululloh s.a.v.: “Zinokor zino qilayotgan vaqtida mo'min holida bo'lmaydi, o'g'ri o'g'rilik qilayotgan vaqtda mo'min holida bo'lmaydi, xamr ichuvchi ichayotgan vaqtda mo'min holida bo'lmaydi va kishi birovning molini zo'rlik bilan olayotganida odamlar u zo'rlik bilan olayotganida undan ko'zlarini yumadigan bo'lishsa, u mo'min holida bo'lmaydi. Sizlardan birortalaringiz jinoyat qilayotganda u mo'min holida bo'lmaydi. Bas, bu narsalarni qilishdan saqlaninglar, saqlaninglar”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar kishi zino qilsa, iymon undan chiqadi va unga soyabon kabi bo'ladi. Agar (zinodan) bosh tortsa, iymon unga qaytadi” (Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki zino qilsa yoki xamr ichsa, xuddi inson boshidan ko'ylagini echib olgandek, Alloh undan iymonni echib oladi” (Hokim rivoyati, sahih hadis).
Alloh taolo inson tanasining ayrim joylariga qarashni man etgan. Buning foydalari bisyor. Nomahramlarga qarashdan ko'zini tiygan odamning qalbi ham, tanasi ham salomat bo'ladi. Qolaversa, nigohni nomahramlardan tiyish bilan juda ko'p yomonliklar oldi olinadi, oilalar tinch bo'ladi. Buning biz bilgan-bilmagan hikmatlari ko'p.
Kimning eri yo xotini bo'la turib fahshga, zinoga yaqinlashsa, u o'ta haddan oshgan odamdir. Ular sof insoniy tabiatdan mutlaqo chetda bo'lgan odamlardir.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Ali, nazarga nazarni ergashtirma. Albatta, birinchisi sen uchun bezarar bo'lsa ham, boshqasi undoq emas, dedilar” (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan). Birinchi nazar, nomahramga to'satdan tushgani uchun zararsiz hisoblanadi, gunoh bo'lmaydi. Ammo undan keyin yana qayta nazar solishni to'satdan deb bo'lmaydi, bunisi qasddan bo'lgan bo'ladi va gunoh hisoblanadi.
Ushbu ta'limotlar ham Islom jamiyatini pok saqlash, yigit-qiz va erkak-ayollarni turli noshar'iy ishlardan, ulardan kelib chiqadigan noxush oqibatlardan himoyalash uchun kelgandir. Islom shariati hukmi bo'yicha erkak kishining ayollarning yo'lini to'sishi, tegajoqlik qilishi, gap otishi u yoqda tursin, pinhona nazar solishi ham harom, xiyonat hisoblanadi. Uylanmoqchi bo'lsa, shariat ko'rsatmasi bo'yicha nazar solsin, gunoh ham bo'lmaydi, birov malomat ham qilmaydi. O'z xotiniga xohlaganicha nazar solsin, undan lazzat olsin, savob bo'ladi. Ammo birovning ayoliga shahvat nazari bilan qaramasin. Zino sodir bo'lmagan choqda ham ko'z zinosi bo'ladi, xiyonat sodir bo'ladi. Shuning uchun Allohdan va qiyomat kunidan umidi bor erkaklar nomahram nazarlardan o'zlarini saqlasinlar, ayol-qizlar esa o'zlarini ko'z-ko'z qilmasinlar.
Biz Allohning amriga itoat etsak, U Zot dilimizga ixlos ne'matini soladi. Uning halovatini ibodat chog'ida sezamiz. Dunyoda imon lazzatidan ham qadrliroq, ko'ngil xotirjamligidan-da totliroq ne'mat yo'q. Alloh taolo barchamizni mustahkam imon, ixlos, ofiyat ne'mati bilan siylasin!
"Hadichai Kubro" O'MIBYu
3-kurs talabasi Orifjonova Gulhayo
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.