Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Iyul, 2026   |   15 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:34
Shom
19:48
Xufton
21:15
Bismillah
29 Iyul, 2026, 15 Safar, 1448

Iymon haqiqati

06.06.2022   2344   8 min.
Iymon haqiqati

Barcha hamd, shukur Olamlarning Robbisi Allohgadirki, u biz ojiz bandalarini musulmon diyorida yaratdi va shariy'at ilmini ko'nglimizga joriy qildi. U Barcha ayb va nuqsonlardan pokdirki, uning hech kimga xojati yo'qdir, balki, butun mavjudot Unga xojatmanddir, o'xshashi yo'q va tenggi yo'qdir. U biror kimdan tug'ulgan emas va biror kimni tug'magan ham. Uning avvaliga ibtido va oxiriga intiho yo'qdir. Hamisha hozir va nozirdir. U Zot xohlagan bandalarini hidoyat qiladi va xohlaganlarini zalolatga ketkazadi. Lekin bandalarini zalolatga ketishiga hech rozi bo'lmaydi. Balki, bandalarga berilgan juz'iy ixtiyordan ular zalolatni tanlaydimi yoki hidoyatnimi O'zining azaliy bo'lgan ilmi bilan biladi. Alloh taoloning birligi va borligiga dalillar juda ko'pdir. Alloh taolo biz bandalariga hayvondan farq qiluvchi aqlni O'zini tanitish uchun, Allohning birligi to'g'risida tafakkur qilishimiz uchun berdi. Bu haqida Rosulimiz alayhissalom shunday deganlar: “Allohning qudratiga fikr qilinglar, ammo, zotiga fikr qilmanglar”. Alloh taologa O'zi bildirgan va Rasulimiz o'rgatganday e'tiqod qilishimiz lozimdir. Chunonchi, Allohga mana shunday ilm bilan iymon bilan qilgan e'tiqodimiz Allohning huzurida darajasi ulug' va maqbuldir va Rosuli Akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga mutanosibdir.

Iymon islomning asosiy ruknlaridan biri bo'lib, har bir mukallaf bandaning qat'iy ishonishi, qalbiga mustahkam qilib bog'lab olishi, e'tiqod qilinishi kerak bo'lgan har bir narsani qalbi bilan tasdiq etishi iymon deyiladi.

Ulamolarimiz Iymonni ta`riflab: til bilan nutq qilish, dil bilan tasdiq qilish va jism bilan tatbiq qilish, deydilar. Demak, Allohga Iymon keltirish ma`nosida “Laa ilaha illalloh” ni til bilan aytib qo'yishning o'zi kifoya qilmas ekan. Balki, uning ma`nosini tushunib, dil bilan tasdiqlamoq lozim. Eng muhimi esa, hayotda ushbu haqiqatga amal qilib yashamoq zarur. Tili bilan “Allohdan o'zga ibodatga sazovor zot yo'q” deb aytib, iqror bo'lib, o'zining Allohga banda ekanligini e`lon qilsa – yu, amalda Allohdan o'zgaga bo'ysunib, o'shaning roziligini topishga urunsa, butun umri zoye ketgan bo'ladi.

Bu masala haqida “Sharhi Aqidatut tahoviya” kitobida quyidagilar aytiladi:

“Imon – til bilan iqror bo'lish va qalb ila tasdiq qilishdir”.

Sharh: Bu, Iymonni izhor qilish e`tiboridan tasdiqlashdir. Chunki, tasdiqlash ichki ish bo'lib,u berkilgan bo'ladi. U faqat iqror yoki tasdiqqa dalolat qiluvchi ishlar bilangina bilinadi. Ammo, mavjudlik va haqiqatga aylanish jihatidan esa Iymon dil bilan tasdiq qilshdir. Til bilan iqror bo'lish, uning alomati va izhoridir.

Har qanday inson fe`lida qandaydir mutloq qodir kuch borligiga ishonch tuyg'usi mavjud. Bu aqlning samaralaridan biridir. Borliqqa nazar solinsa va koinotdagi narsalar sinchiklab o'rganilsa, barcha narsalar o'z -o'zidan paydo bo'lib qolmaganining, balki ular bir yaratuvchi tomonidan yaratilganining guvohi bo'lamiz. Islomning asosi bo'lgan mana shu iymon kalimasi, Allohning tavhidining asosi, uning poydevoridir. Har bir bandaning “La ilaha illalloh” deganda, “la ilaha” deb, butun borliqdagi soxta ilohlarni yo'qligini va “illalloh” deganda esa, faqatgina U ya'ni Alloh bor ekanini butun vujudi bilan his qilib aytishining o'zi juda muhim va eng asl haqiqatga haqiqiy taslimiyatdir.

Insoniyat tarixi va tafakkur taraqqiyoti tarixi diniy bo'lmagan manbalardan o'rganilsa ham yaratuvchi kuchga ega bo'lgan e`tiqod o'sha yaratuvchining borligiga ko'rsatiladigan dalillardan oldin vujudga kelgani ayon bo'ladi. Umuman, diniy bilimlarga tayanmay turib yaratuvchiga nisbatan aqiydaning paydo bo'lgan vaqtini aniqlash qiyin. Zero, hammadan qudratli hamda mangu barhayot Zot haqidagi fikr va mushohada, boshqa bilimlar qatori, o'zimiz sezmagan holda paydo bo'ladi.

Insonning Allohga bo'lgan e`tiqodi rivojlana borgandan so'ng, Alloh payg'ambarlarini odamlarga to'g'ri yo'lni ko'rsatish uchun da`vat etib, ularni mo'jizalar bilan qo'llab-quvvatladi. Mo'jiza insonning qudrati etmaydigan odatdan tashqari amal bo'lib, uni ko'rgandan so'nggina odamlar payg'ambarlarni Allohning haqiqiy elchilari ekanligiga ishonganlar. Islomda esa, insonlarni Allohga ishontirish uchun aqlni ishga solish uslubi qo'llangan. Bu holat boshqa dinlarda uchramaydi. Qur`on oyatlari ham Allohga Iymon keltirish uchun aqliy dalillarga suyanishga chaqiradi. Shu e'tibordan, iymon keltirish kerak bo'lgan barcha narsalar Allohning borligiga va birligiga dalolat qiladi.

Imonning shartlari.

Shariat istilohida Imonning shartlari ettitadir. Bu haqda Rosululloh (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar:

Bu hadis Umar ibn Hattob (r.a.) dan rivoyat qilinadi: 1''Bir kuni biz Rasululloh ( s.a.v.)ni huzurlarida edik. Shu paytda oppoq kiyimlik, qopqora sochlik bir kishi keldi. Unda safar alomati ko'rinmas edi. Bizlardan birortamiz u kishini tanimadik. Hattoki Rosulullohning tizzalariga tizzalarini tekkizgan holda o'tirdi va ikki qo'lini ikki sonlari ustiga qo'ydi. Haligi kishi aytdi: " Ey Muhammad menga islomdan xabar bering", Rasululloh ( s.a.v.): "Islom –Allohdan boshqa iloh yo'q va Muhammad Allohning elchisi deb guvohlik bermoqliging, namozni qoim qilmoqliging, (moling nisobiga etganda) zakotni ado qilmoqliging, ramazon ro'zasini tutmoqliging va yo'lga qodir bo'lganingda Baytullohni haj qilmoqliging" –dedilar. Haligi kishi yana aytdi:" Menga Imondan xabar bering". Rasululloh ( s.a.v.): "Imon –Allohga , uning farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik taqdirdan ekanligiga ishonmoqligingdir", dedilar". Imomi Muslim bu hadisni oxirigacha rivoyat qilganlar.

Imon kalimasi va uning sharhi.

أمنت بالله وملا ئكته وكتبه ورسوله واليوم الاخر و بالقدر خيره وشره من الله تعالى والبعث بعد الموت

Men, Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga, taqdirga, ya`ni yaxshilik va yomonlik Allohning irodasi bilan bo'lishligiga, o'lgandan keyin qayta tirilmoqqa, bularning hammasi haq ekanligiga ishondim va Imon keltirdim.

Shu o'rinda aytish lozimki, Iymonning asli bittadir ya'ni, iymon asli yaxlit, bir butundir. Uning aslida iymon ahlining hammasi tengdir. Iymon juzlardan iborat emas, kattalashib yoki kichiklashmaydi ham. Uning orasida afzallik taqvoda, iymonning quvvatidadir. Ya'ni, osmon ahlining iymoni, er ahlining iymoni, farishtalarning iymoni, payg'ambarlarning iymoni, insonlar va jinlarning iymoni – Allohning tavhidida, zotiy, fe'liy sifatlarida va jamiki iymon keltirish vojib bo'lgan narsalarda tengdirlar.

Yuqorida zikr qilingan narsalarga nizbatan sof aqidasi bo'lgan kishigina dunyodagi eng hur, erkin va baxtiyor inson bo'ladi. U barchaning tarbiyachisi bo'lmish Alloh taolodan boshqa hech kimdan qo'rqmaydi, hech kimga bo'ysunmaydi, o'zini xor tutmaydi. Allohga bo'lgan sof Iymoni uni barcha yomonliklardan qaytaradi, yaxshiliklarga chorlaydi. Bunday inson o'ziga, oilasiga, qarindoshlariga, jamiyatga,bashariyatga va borliqdagi hamma narsalarga yaxshilik keltiradi. Alloh hammamizni o'ziga iymoni sodiq bandalardan qilgan bo'lsin!

Hadichai Kubro ayol-qizlar o'rta maxsus

islom ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi Olimjonova Ziroat

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston bankirlari Malayziyada islomiy banking bo‘yicha malaka oshirdi

28.07.2026   13260   2 min.
O‘zbekiston bankirlari Malayziyada islomiy banking bo‘yicha malaka oshirdi

O‘zbekiston bank-moliya sohasi vakillari Malayziyaning Islom moliyasi bo‘yicha shariat maslahatchilari assotsiatsiyasi (ASAS) tomonidan tashkil etilgan “Islomiy bank darchasi” mavzusidagi o‘quv-amaliy dasturida ishtirok etib, sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rgandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Dasturning ilk bitiruvchilariga xalqaro sertifikatlarni topshirish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev davlat rahbari tashabbusi asosida mamlakatimizda islom moliyasini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, elchi joriy yilda sohani tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilingani islom moliyasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lganini qayd etdi.

Tadbirda O‘zbekiston uchun Malayziya tajribasining uchta ustuvor yo‘nalishi alohida ta’kidlandi. Birinchidan, bu – qo‘shaloq bank tizimi bo‘lib, unda an’anaviy va islomiy banklar yagona regulyator nazorati ostida parallel faoliyat yuritadi.

Ikkinchidan, markazlashgan shariat nazorati tizimi orqali banklar tomonidan o‘zaro zid fatvolar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Uchinchidan, “Islomiy darcha” modeli tijorat banklarida yangi infratuzilmani tez va samarali shakllantirish imkonini beradi.

Malayziyaning yirik islomiy banklaridan biri – “Maybank Islamic Berhad” bosh direktori o‘rinbosari Mohd Ramazon Fitri O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

U O‘zbekiston bank tizimi vakillariga islomiy darchalarni tashkil etish, zarur moliyaviy infratuzilmani shakllantirish hamda audit jarayonlarini yo‘lga qo‘yishda amaliy va texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida, ASAS bosh ijrochi direktori Moxtar Abdulla mazkur o‘quv dasturi davomida o‘zbekistonlik mutaxassislar islom moliyasi instrumentlari, shariat boshqaruvi va islomiy darchalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni chuqur o‘zlashtirganini ta’kidladi.

Tadbir yakunida bunday o‘quv dasturlari O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatimizda shariat tamoyillariga asoslangan zamonaviy bank xizmatlarini samarali joriy etish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari