Dunyodagi eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri Angliyaning Harvard yuridik maktabi Qur’oni karimni adolatning eng buyuk ifodasi sifatida tan oldi. Bu haqda islam.ru ma’lum qilgan.
Muassasa o‘z kutubxonasiga kiraverishiga muqaddas kitob oyatlaridan parcha keltirib, bu borada o‘z fikrlarini aniq bildirdi.
Fakultetning asosiy eshigiga tepasida Niso surasining 135-oyati bitilgan: «Ey iymon keltirganlar! O‘zingizga, ota-onangizga, qarindosh-urug‘ingizga, xoh boyga, xoh kambag‘alga qarshi bo‘lsa ham, Allohning huzurida guvoh bo‘ling. Albatta, Alloh har ikkisini himoya qilishga qodirdir. Adashib qolmaslik uchun (qalbingizdagi) havoyi nafslarga ergashmang. Agar (adolatni) buzsangiz yoki yaxshi amaldan bosh torsangiz, Alloh nima qilayotganingizni biladir».
Maktabning Islom huquqi o‘quv dasturida ba’zi muhim mavzular ham batafsil yoritilgan.
Umuman olganda, islom qonunlari adolat va tenglikni diniy nuqtayi nazardan qanday ta’minlashi, keyin esa uning jamiyatga tatbiq etilishini o‘rgatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati