Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Haj safari atrofidagi gap-so'zlarga munosabat

05.06.2022   7076   8 min.
Haj safari atrofidagi gap-so'zlarga munosabat

Aziz yurtdoshlar! Yaratganga beadad shukrlar bo'lsinki, mana, 2 yildan beri intiqlik bilan kutganimiz haj safariga ham yo'llar ochildi. 2022 yilgi mavsumda o'zbekistonlik ziyoratchilar uchun kvotalar miqdori 7200 kishidan 10 ming 865 nafarga oshirildi. Bu, shubhasiz, millionlab insonlarning qalbiga xursandchilik olib kirdi. Keksalar tilida duo: etkazganiga shukr, kimlar etdi kimlar etmadi, Alloh qodir qilsin, hammani O'zining baytiga etkazsin...

Taassufki, yurtimiz bo'ylab ana shunday xursandchilik shukuhi kezib yurgan bir mahalda ayrim internet nashrlari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari internet tarmoqlaridagi to'liq asosga ega bo'lmagan ma'lumotlarni tarqatib, odamlarda norozilik kayfiyatini uyg'otishga harakat qilayotgani achinarli hol, albatta.

Ushbu maqolada yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi turli asossiz va tagi yo'q ma'lumotlarga chalg'ib qolmasliklari uchun quyidagi ma'lumotlarni e'tiboringizga havola etamiz:

 

Birinchidan, “Haj-2022” mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to'lov miqdori 62 million 900 ming so'm so'm etib belgilangani va ushbu to'lovga nimalar kirishi haqida to'xtalib o'tsak.

Avvalo, Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga ta'sir qiluvchi qo'shimcha soliq va majburiy to'lovlar joriy qilinganini, shuningdek, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to'lovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshganini aytib o'tish lozim.

Qolaversa, Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy to'lovlar joriy etilgan.  Shu bois dunyo mamlakatlari uchun haj xizmatlari narxi o'rtacha 40-45 foizga ko'tarilgan.

O'rganishlar natijasida ayrim davlatlarda haj safari uchun “Iqtisodiy”, “Lyuks” va “VIP” paketlarda xizmat ko'rsatilmoqda.

Eng e'tiborli jihati – O'zbekiston tomoni Saudiya bilan olib borilgan uzoq muzokaralar natijasida ziyoratchilarimiz uchun iqtisodiy paket narxiga lyuks darajasidagi xizmat ko'rsatishga erishdi va to'lov uchun o'rta narxni belgiladi.

Eslatib o'tamiz, ayrim davlatlarda eng qimmat paketlar narxi 25 ming AQSh dollarigacha etib belgilangan.

 Ikkinchidan, yurtdoshlarimiz joriy mavsumda birinchi marta Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar. Aslida, mazkur mehmonxonalar lyuks darajasida xizmat ko'rsatadigan mehmonxonalar sirasiga kiradi. Makka shahrida esa “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida yashaydilar.

Ushbu mehmonxonalar yuqori sig'imli ekani, muqaddas qadamjolarga yaqinligi bilan alohida ajralib turadi. Masalan, Makka shahridagi “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi barcha hojilarimizni bir vaqtda joylashtirish imkoniyatiga ega.

Uchinchidan, yurtimiz ziyoratchilarining safar davomiyligi ayrim qo'shni davlatlar ziyoratchilari singari 14-17-20 kun emas, balki 26 kunni tashkil etadi. Bu ham, tabiiy ravishda, narxlarga o'z ta'sirini ko'rsatadi.

To'rtinchidan, yana bir muhim jihat – joriy haj mavsumida Saudiya hukumatining qaroriga asosan, barcha to'lovlar shirkatlar orqali emas, balki Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining “Haj elektronportali” orqali belgilangan tartibda amalga oshirildi. Ushbu portalda har bir davlat uchun alohida hisob raqami mavjud bo'lib, barcha xizmatlar: mehmonxona, transport, mashoir va hokazolar uchun shu erning o'zida inson omilisiz shaffof holda amalga oshiriladi.

Beshinchidan, joriy mavsumda mashoir (Mino, Arafot, Muzdalifa) xizmatlari ham sezilarli darajada ko'tarildi. Shunday bo'lsada, iqtisodiy paket olindi va oldinlari taqdim etilmagan xizmatlar ko'rsatishga erishildi.

Jumladan, avvallari ziyoratchilar Mino vodiysida gilamda yotgan bo'lsalar, bu yil har bir hoji uchun maxsus yoyma to'shaklar (matraslar) ajratiladi. Shuningdek, boshqa davlatlarda 3 mahal issiq ovqat berilmasa-da, yurtimiz ziyoratchilari uchun Mino va Arafotda ham 3 mahal issiq ovqatlar tortiq etiladi. Qolaversa, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat ko'rsatiladi.

Oltinchidan, haj uchun to'langan mablag' ichiga quyidagiar kiradi:

  • Haj vizasi;
  • Aviabilet;
  • Shaharlararo (Madina-Makka-Jidda) transport xizmati;
  • Madina shahrida “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonasi;
  • Madina shahrida Uhud tog'i, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
  • Makka shahrida “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi;
  • Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
  • 24 soat tibbiy xizmat;
  • Hojilarning tibbiy sug'urtasi;
  • 24 soat transport xizmati;
  • 3 mahal isiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
  • Haj qo'llanmasi;
  • Davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
  • «Zamzam» suvi (5 litr);
  • Respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
  • Madinai munavvaraga to'g'ridan-to'g'ri aviareys;
  • Qurbonlik.

Yuqoridagilardan ham anglagan bo'lsangiz, bu yil ziyoratchilarimizga yuqori darajada xizmat ko'rsatish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha kuch va imkoniyat safarbar etilgan.

Maqsad aniq – yurtdoshlarimizning haj amallarini ishonchli va xavfsiz tashkil etish hamda ibodatlari mukammal bo'lishini ta'minlash!

 

Aziz yurtdoshlar!

Ushbu muborak safarni tashkil etish ishlari mo'min-musulmon yurtdoshlarimizni rozi qilish tamoyili asosida olib borilayotganini eslatib o'tamiz hamda vaziyatni to'liq va  puxta o'rganmasdan tarqatilayotgan bir yoqlama ma'lumotlarga aldanib qolmasligingizni so'rab qolamiz.

So'zimiz yakunida, ikki yillik tanaffusdan so'ng, haj safariga yo'l ochilgani uchun Alloh taologa shukronalar aytib, ziyoratchilarimizning hajlari mabrur, gunohlari mag'fur, sa'ylari mashkur bo'lishini Yaratgandan so'rab qolamiz.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   23741   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari