Bugun, 3 iyun' kuni “Haj – 2022” mavsumiga tayyorgarlik ko'rish yuzasidan brifing bo'lib o'tdi. Unda haj safari narxi ham ma'lum qilindi.
Brifingda haj safarini tashkil etish jarayonlari, muborak safar narxi, yaqinlashayotgan mavsumda qo'shimcha soliq va majburiy to'lovlar joriy qilingani haqida ma'lumot berildi. Jumladan, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to'lovlar miqdori 30-40 foiz oshgan. Shuningdek, haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy to'lovlar joriy etilgan.
Qayd etilgan o'zgarishlar natijasida dunyo mamlakatlari uchun haj xizmatlari narxi o'rtacha 40-45 foizga ko'tarilgani
ma'lum bo'ldi.
Shulardan kelib chiqib, 2022 yil Haj mavsumida eng yuqori darajada ko'rsatiladigan barcha xizmatlarni e'tiborga olgan holda hamda Jamoatchilik kengashining qaroriga asosan “Haj-2022” mavsumi uchun 1 nafar fuqaroga 62 900 000 so'm etib belgilandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muslim.uz
#Yangi_o‘quv_yili
Bugun, 3 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining barcha kurslari va oliy diniy ta’lim muassasalarining 1-kurs talabalari uchun yangi 2025-2026 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosimlarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, hududiy hokimlik mas’ullari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar, shuningdek, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirlar Qur’oni karim tilovati, xayrli duolar va davlat madhiyasi bilan boshlandi.
So‘zga chiqqan mutasaddilar barchani mustaqilligimizning 34 yilligi va yangi o‘quv yili boshlanishi bilan qutladi. Mamlakatimizda Yurtboshimiz tomonidan barcha sohalarda bo‘lgani singari diniy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibor qaratilayotgani, xususan, bunga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va bir guruh ulamolar “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangani yorqin dalil ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, o‘tgan yili magistratura bosqichi ochilib, endilikda doktaranturani tashkil etish rejalashtirilayotgani kabi qator yangiliklar aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, diniy ta’lim muassasalari faoliyati yildan-yilga takomillashayotgani, jumladan, o‘quv dasturlari zamon talabiga qarab yangilab borilayotgani, kirish imtihonlari elektron test shaklida o‘tkazilib, eng munosib talabalar saralab olinayotgani, muddaris va talabalarga har jihatdan sharoitlar hozirlanayotgani, ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, talabalar astoydil o‘qib-o‘rganib, yaxshi mutaxassis bo‘lishga harakat qilishi lozimligiga urg‘u qaratildi.
Tadbirlar davomida diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Marosimlar yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchligi va farovonligi, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishi hamda yangi o‘quv yili xayrli va manfaatli bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Bayram tadbirlaridan so‘ng o‘quv auditoriyalarida “Mustaqillik darslari” boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati