Bu voqeani rus tili ustozimiz aytib bergandilar.
“1989-yil. O'shanda Respublika rus tili va adabiyoti Pedagogika instituti (hozirgi Jahon tillari universiteti)da o'qirdim. Yozgi ta'til tugay deb qolgan, 3-kurs endi boshlanish arafasi edi. O'zim yoqtirgan o'qish, dars qilish mas'uliyati, dunyoni unutib kitob o'qish zavqiga hech narsani tenglashtirmas, kitob men uchun, men kitob uchun tug'ilgandek edim! Yangi o'quv yiliga bir necha hafta qolgan, intiq kutib narsalarimni mehr bilan hozirlab qo'ygan edim. Bir varaqqa qiladigan ishlarim, rejalarim, o'qiladigan kitoblarimning ro'yxatini tuzib qo'ygandim.
Onam rahmatlik uy ishlariga talabchan edilar. Bu talaba, o'qishini o'qisin demasdilar. Uy ishlari bilan o'qishimni teng olib borishga majbur edim. Hammasini bir maromda olib borishga bazo'r ulgurayotgan kunlarimning birida uyimizga “mehmonlar” kelib qoldi. Sovchi ekan. Darrov unashtirishdi. Mendan so'rab ham o'tirmay rozilik berib yuborishdi. Na so'z, na yig'i-sig'i kor qildi. Ayni darslar qizigan pallada ota uyini tashlab, kelin bo'ldim. Axloq va tarbiya maskanimda olgan bilimlarimni qo'llash, ro'zg'orda o'rgangan tajribalarimni sinash payti kelgan edi. Epli onaning elagidan o'tgan, talabchan otaning chig'irig'idan chiqmagan mendek farzand – bir oilaga kirishib ketishimga anchayin amin edim. Biroq... oila bilan oilaning farqi bor ekan. Tushgan xonadonim katta, ish ko'p, vazifalar tugay demas, keldi-kettining orti uzilmasdi. Aksiga olgandek, yangi kelinlik kunlari qish fasliga to'g'ri kelib qoldi. Samovorda choy damla, qozonga o'tin qala, pechga ko'mir tashla, kirga suv qaynat, sahar ko'cha supur, sigirni sog', o't yul; kunduz o'qishga yugur, qaytgach, yana o'sha-o'sha takroriy ishlar. Kitob o'rniga o'tin quchoqlashga, qalam o'rniga tesha ushlashga bora-bora ko'nika boshladim...
Orada yukli bo'ldim. Yukimga yuk qo'shilganday bo'lar, darslarim o'lda-jo'lda qolib ketardi. Bir kun darsga borsam, ikki kun uydaman. Borsam ham arang o'tiraman. Nachora, oilani ham, o'qishni ham eplashim kerak. Chunki, ota-onam ziyoli insonlar bo'lsalarda, shu qoida asosida tarbiya qilgan edilar! Ammo uyimizdagi ishlar bunchalik ko'p emasdi.
Hullas, shu zaylda kunlar o'tib ketdi. Farzandlik bo'ldik. Hamma xursand. Tabiiyki, men ham. Ona bo'ldim! Lekin onalik yumushlari ham oson emasdi. Endi o'zimdan ko'ra ko'proq farzandimni o'ylar, uni parvarishlash uchun kuyib pishardim. Uy ishlarimiz engillashmas, aqalli kimdir “kel, sen dam ol” yoki “mana bu ishn keyin qil” deya qolmasdi. Mashaqqat cheksam ham, goho tanbehlar yomg'iriga shalabbo bo'lsam ham, gap qaytarmas, uydagilarga esa lom-mim demasdim. Barcha qizlarning qismati shu bo'lsa kerak-da, deb o'ylaganman, shekilli... Balki, ota-onamning tarbiyasi bunga yo'l ham qo'ymaganmidi?!
Yumaloq yostiqday o'qish ham nihoyalanib, yozgi imtihonlar boshlandi. Ilgari har bir o'qishda tibbiyotdan darslar qo'yilgan, davlat imtihonlariga tibbiyot sinovlari ham kiritilgan edi. Esimda, o'shanda dushanba kuniga tibbiyotdan imtihon qo'yildi. Kelinning yakshanbadan dushanbagacha bo'sh soatlari, ayniqsa imtihonga tayyorgarlik ko'rishi amri mahol. Tavakkal, boramanda, nechiga bo'lsa ham topshiraman dedim. Imtihonga tayyorgarligim – o'zimga-o'zimning bergan katta daldam bo'ldi. Hotirjam ko'zimni yumdim. Dunyo ko'zimga chiroyli ko'rindi. Kayfiyatim baribir yaxshi edi... lekin kechasi go'dagim ko'p bezovtalandi. Qaradim: issig'i baland, chirillab yig'lar, hech ovunmasdi. Imtihon tugul, o'zini ham unutgan devonaday zir yugurardim. Shu issiq menda chiqsa-yu, bolajonimning joni orom olsa! Tongga qadar go'dagimning harorati tushdi, tinchlanib uxlab qoldi. Nonushtadan so'ng, yolvora-yolvora imtihonga ruxsat oldim. Bolamni beshikka belab, buvisiga topshirdim. Yengil egnimga nimadur ildimda, ko'chaga otildim. Ko'chada yurmasdim, yugurardim, balki, oyog'im erga tegmay uchdimmi?
Imtihon. Ulgurish kerak. Mayli nima bo'lsa ham, topshirib kelaman. Institut hovlisiga qadam qo'ydim. Jiddiy muhit, katta ustozlar, ko'zlari hadiksiragan talabalar. Chekka-chekkada kitob ushlagan kursdoshlarimni ko'rdim.
Tibbiyotdan dars bergan M.Vorfolomeeva ismli ustozimiz mening familiyamni chaqirdi. Kirdim. Bilet tortdim. Nazariy savollarning ba'zilariga javob berdim. Amaliy savol quyidagicha ekan: “Pintsetda ignani shpritsga qo'shib, ukol qilishni ko'rsating”. U mahalda shpritslar ko'p martalik, hozirgiday plastmassa emasdi. Pintsetni qo'limga oldim. Endi ignani temir tovoqdan olaman deb tursam, ustoz “To'xta! Qo'llaringni stolga qo'y”, dedi. Qo'ydim. Qaradi-yu: “Ux... Gryazniee ruki!” dedi-da, 30 sm.lik chizg'ichda qo'llarimga “sharaq” etib soldi. Haqiqatda qo'llarim kir edi: tirnoqlarim orasi ko'mirdan qoraygan, qo'llarim yorilgan, kamiga sho'ralab, timsohning terisiga o'xshab dag'al bo'lib qolgan edi. Bir qo'llarimga, bir ustozga qarayman. Na yig'lashni va na gapirishni bilaman. Hammaning oldida izza bo'lganim qattiq alam qildi. Ho'rligim keldi. Shartta xonadan otildimu, bekatga qarab yugurdim. Menga kim qo'yibdi imtihonni? Bolam kasal bo'lsa, uyda shuncha ish bo'lsa, menga imtihon kerakmidi! Shunaqa imtihonni kutganmidim? Tamom, haydashsa, o'qishdan haydab yuborishsin. Ketaman! Bekatga ettim. Ko'zim jiqqa yoshga, ichim alamga to'ldi. Boshimni ham qilib, ko'zyosh to'kardim. Kimdir ortimdan chaqirdi: “Umidaxon, ustoz sizni chaqiryaptilar!” Dugonam ortimdan ergashib kelibdi. Men: “Bormayman, qaytib o'qishga ham kelmayman”, dedim. Dugonam majburlab, qo'llarimdan tortib o'qishga qaytarib olib ketdi. Kirdim. Boya qo'llarimga chizg'ich bilan urgan ustoz xonada menga qarab turardi. Ichimdan qaltiroq keldi. Endi battar koyiydi. Hali xumoridan chiqmagan ko'rinadi, deya battar siqildim. “Beri kel!” dedi. Bordim. “Qo'llaringni cho'z” dedi. Ming hadikda qo'llarimni cho'zdim-u, ko'zimni yumdim. Boshqa biror narsani ko'rishga yuragim toqat qilmaydi, nima qilsa, qilsin, dedim. Dag'al qo'llarim mayin qo'llar orasiga qo'yildi. Yumshoq kaft qo'llarimni ustidan ohista siladi. Ustoz qo'llarimni biroz yuqoriga ko'tardi, ularni o'pdi va: “Bu qo'llar o'pishga loyiq!” Bunisini kutmagan edim. Keyin ustoz M.Vorfolomeeva uzoq gapirdi: “Qizim, meni kechir... Sening oilali ekaning, katta xonadonda yumushlaring ko'p ekanligini, shunday bo'lsada, o'qishni tashlamay harakat qilayotganingni bilmagan ekanman. Mehnatda qoraygan bu qo'llar ehtiromga loyiq. Qizim imtihondan o'tding, ketaver”, dedi. Boya xafa bo'lib yig'lagan bo'lsam, endi quvonchdan entikib-entikib yig'lardim. Ichimdagi barcha qora bulutlar tarqalib ketdi.
Yillar o'tdi. O'qishni tamomladim. O'zim ustoz bo'ldim, necha-necha shogirdlar chiqardim. O'sha qo'llarimdan o'pgan ustozimni aslo unutmadim. M.Vorfolomeeva nafaqat bilimli ustoz, balki ham kuchli pedagog, ham yaxshi psixolog edi.
Shuni anglab etdimki, tashqi ko'rinishga qarab baho berish katta xato! O'quvchining darsda oqsayotgani dangasalikdan, biror vazifani uddalay olmayotgani qobiliyatsizlikdan, ko'zlari ishgani ko'p uxlaganidan bo'lmasligi, balki boshqa sababi bor bo'lishi mumkinligini tushunib etdim. Talaba va o'quvchilar bilan ishlash jarayonida avvalo uning ruhiyati, ichki dunyosini anglashga, shu asosida muomala qilishga harakat qiladigan bo'ldim. Hayot menga shuni o'rgatdi. O'zim bosib o'tgan mashaqqatli kunlar hulosasiga e'tiborli bo'ldim.
Barcha yosh ustozlarga tavsiyam shuki, ilm olish faqat kitob bilan chegaralanib qolmaydi. Balki, katta ustozlar tajribasi, keksalarimizning hayot saboqlariga e'tibor berish, oltinga teng nasihatlariga quloq tutish zarur. Ular bizga odam bo'lib yashashni, odamni qanday yashatish kerakligini oddiy gaplar bilan o'rgatib qo'yadilar...”
N.Saidakbarova,
Toshkent islom instituti
“Hadis va Islom tarixi kafedrasi” o'qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan