Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Qo'shni ko'chadagi uyda yashaydigan amakimning o'g'li, ettinchi sinf o'quvchisi – Ma'rufning ertalab ryukzagini elkasiga ilib olgancha qayergadir yugurib ketayotganini ko'rib, uning yo'lini to'sdim.
– Qayerga shoshilyapsan?
– Maktabga.
– Maktabga?! Dars boshlanishiga hali ancha bor-ku! Avtobus bekati esa anavi erda. Nega bu tomondan ketyapsan?
Bu savolni berishimni kutmagan Ma'ruf qizarib ketdi.
– Pulim yo'q edi... Dadam yo'lkiraga berganlarini ishlatib qo'ygandim...
– Anavi kuni ham yayov ketayotganingni ko'rgandim. Mayli, mana buni olgin-da, – dedim unga cho'ntagimdan pul chiqarib, – maktabga avtobusda bor, qolganini keyin gaplashamiz.
Kechqurun ishdan qaytayotganimda ataylab qo'shni ko'chadagi qarindoshimiznikiga kirdim. Amakim, kelinoyim bilan ozgina u yoq-bu yoqdan gaplashgach, ularga «Ma'rufda ozgina ishim bor edi», deb jiyanni tashqariga olib chiqdim.
– Ho'sh, – dedim boshini quyi qilib olgan Ma'rufga qarab. – Yana nimalar qilib yuribsan? Amakim yo'lkirang uchun pul berishlarini bilaman... O'rtoqlaring bilan komp'yuter xonaga kirdinglarmi?
– Yo'q. Dadam ruxsat bermaydilar internet-kafega kirishga...
– Aldamayapsanmi?
– Yo'q.
– Baribir o'rtoqlaringdan bilib olaman. Qanchadan beri piyoda yuribsan?
– Bir oycha bo'lib qoldi...
– Voy-bo'... Nimaga ishlatding shuncha pulni?
– Bitta odam so'ragan edi...
– Kim?
Shu payt barmoqlari qaltiray boshlagan Ma'rufning past ovozda aytgan «Onasi kasal bo'lib qolgan ekan...» degan so'zlarini zo'r-bazo'r angladim. Keyin jiyanim tez-tez bir narsalarni g'o'ldiray ketdi. Yig'lamsirab gapirgani uchun nima deyotganini tushunib bo'lmasdi.
– Endi, shoshma, – dedim jiyanni bag'rimga bosib. – Hammasini boshidan dona-dona qilib aytib ber.
Ahamiyatlisi, Ma'ruf menga bir oy davomida boshidan o'tganini tushuntirib berganidan so'ng u ancha ulg'ayganini tushunib etdim. Jiyanning aytib berganidan shu ma'lum bo'ldiki, u har kuni maktabdan piyoda qaytayotganida uyidagi ahvolni tahlil qilar, bitta o'zi ishlab, onasi va ukalarini boqib kelayotgan dadasiga qanday qilib yordam berish haqida bosh qotirishga harakat qilgan ekan.
– To'g'ri, boshqa sinfdoshlarimga o'xshab har kuni do'kondan mazali eguliklarni ololmasdim. Biroq ust-boshim toza va butun, uyda eb-ichishimizdan muammo yo'q edi, – deya tushuntirardi menga Ma'ruf. – Shunchaki, o'rtoqlarim o'zlari xohlagan narsalarni sotib olish uchun do'konga kirib ketganlarida, ichimda «Bizga ham shunday kunlar nasib qilib qolar», deb qo'yardim. Bir kuni shunga o'xshash har xil narsalarni o'ylab maktabdan uyga ketayotganimda oldimdan kichkina xalta ko'tarib olgan, chamasi 25-30 yoshlardagi bir kishi o'tib ketdi.
Ma'rufning aytishicha, o'ziga yarashgan kiyimlarni kiyib olgan o'sha yigitning qadamida qandaydir qat'iyat va ishonch bo'lgan. Sal o'tib yigit eski bir uy darvozasi oldidagi supachada o'tirgan, yoshi saksonlardan oshgan onaxonga xaltasidan bir dasta pulni olib, uzatibdi. Onaxon e'tiroz bildirib, olishni istamasa ham haligi kishi uning qo'liga pulni tutqazibdi. Oxiri hadyani olgan ayol yigitni duo qilibdi. Ma'ruf avvaliga ko'rganini hazm qila olmay, joyida qotib qolibdi. Keyin to'satdan boshqa ko'chaga burilib ketgan yigitga etib olish maqsadida qadamini tezlatibdi. O'sha ko'chaga kirganida yigit ancha uzoqqa ketib qolgan ekan. Ma'ruf saxiy kishiga etib olish ilinjida begona ko'cha bo'ylab ancha yurib, katta yo'l yoqasiga chiqibdi. Avvalo charchagani, ikkinchidan boshqa yo'ldan ketib qolgani uchun uyiga taksida ketadigan bo'libdi. Ko'p o'tmay oldiga «Neksiya» to'xtabdi. Haydovchi bilan yo'l haqini kelishgach, orqa o'rindiqqa yaxshilab suyanib o'tirib olibdi. Taksichi harakatlanishni boshlaganida mashina magnitofoni ovozini balandlatibdi.
«Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo bandasining sadaqasini o'ng qo'li bilan qabul qiladi va uni sizlardan biringiz toychog'ini tarbiya qilgandek tarbiya qiladi» (Buxoriy rivoyati). Yana Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mol sadaqa sababidan kamaymaydi» (Termiziy rivoyati). Hatto eng kichkina qilingan sadaqa ham, Allohning nazdida katta qiymatga ega. Agar hamma odamlar, bu narsalarni Alloh qabul qilishini bilganda va tushunib etganda edi…».
Ma'ruzaga berilib ketgan Ma'ruf uyiga qanday etib kelganini bilmay qolibdi. Agar o'sha payt taksichi «Uka, shu erda tushasanmi?» demaganida ketaverar ekan. Mashinadan tushib, ko'chaning boshidan uyi tomon borayotganida ro'parasidan yoshi 17–18 dan oshmaydigan bir yigit chiqib qolibdi. Boshiga eski do'ppini biroz qiyshaytirib qo'ndirib olgan, bir ko'zi negadir yumilib qolgan yigit xijolat bo'lib, Ma'rufga murojaat qilibdi:
– Uzr, – debdi notanish yigit salomlashgach, o'zidan kichik bolani sizlab. – Uyat bo'lsa ham sizdan bir narsa so'ramoqchi edim.
– Mayli, so'rayvering, – debdi Ma'ruf.
– Vaziyat shundayki, onam betob bo'lib, bir haftadan beri kasalxonada yotibdilar. Ularning muolajalariga kerak pulni ishlab topib berdim. Endi dorilarga ham pul zarur bo'lib qoldi. Hozir masjiddan kerakli pulning bir qismini olib chiqdim. Baribir etmayapti. Imkoniyatingiz bo'lsa, siz ham yordam bering... Alloh nomi bilan so'rayman, yolg'on gapirmayapman. Onam rostdan ham kasal.
Uni diqqat bilan eshitib, o'ylab ham o'tirmay cho'ntagidan ellik ming so'm pulni chiqarib, «ko'p emasu, faqat shuncha bera olaman» deb uzatdim, – deya hikoyasini davom ettirdi Ma'ruf. – O'sha aka pulni olib, o'zida yo'q xursand bo'lib, rahmatlar aytib, duolar qildi. Ammo bu so'zlar qulog'imga kirmadi. Sababi meni allaqanday hislar chulg'ab olgandi. Men baxtiyor edim. Bir tarafdan uydagilarimga pulni qayerga sarflab yuborganimni qanday qilib tushuntirishni o'ylardim. O'ylab-o'ylab, hech kimga hech nima demay, uydan sal erta chiqib, maktabga piyoda borib, vaziyatdan chiqib ketishga qaror qildim. Bor gap shu.
– Shunday yo'l tutib, katta savob olibsan, – dedim jiyanga qarab. – Haqiqatan ham sadaqaning katta-kichigi bo'lmaydi. Ammo kelasi safar bunday ishlarni kattalar bilan maslahatlashib qilgin. Notanish joylarga borishing, begona mashinalarga o'tirishing yaxshi emas...
Bolaning qo'liga kerakli miqdorda pul berib, Alloh taolodan shunaqa esli hushli, iymoni butun farzandlarimizni ko'paytirishini so'radim.
Sardor Qurbonov
«Hilol» jurnalining 4(49) sonidan
Turkiya safar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, professor, doktor Safiy Arpagush o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot avvalida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mezbonni Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishi yuksak saviyada va muvaffaqiyatli o‘tgani bilan muborakbod etdilar.
Muftiy hazratlari ikki qardosh mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro hamkorlik munosabatlari tobora kengayib, ayniqsa, ulamolar o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shuningdek, mazkur nufuzli anjuman musulmon ummati oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lgani, unda qabul qilingan bayonot va tavsiyalar barcha musulmon xalqlari uchun manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, professor, doktor Safiy Arpagush O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun katta minnatdorlik izhor etdi.
Ushbu maslahat yig‘ilishi ummat birligini mustahkamlash va zamonaviy muammolarga jamoaviy ijtihod asosida mo‘tadil yechim topishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlar ekan, hamkorlikda fatvolar ishlab chiqishni rivojlantirish, ularda ijtimoiy voqelikni hisobga olish, axborot asridagi fatvo tarqoqligining oldini olish maqsadida raqamli maydonda rasmiy fatvolarni keng yoyish hamda sun’iy intellektdan faqat tadqiqot vositasi sifatida foydalanib, uni fatvo berish manbaiga aylantirmaslik zarurligini alohida bayon etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati