Jidda shahrida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolandi.
O'zA xabariga ko'ra, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, memorandum imzolash marosimi “Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirishda inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarning roli” mavzusidagi xalqaro seminar yakunida bo'lib o'tdi. Mazkur seminar 22-26 may kunlari Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi 19-doimiy sessiyasi doirasida tashkil etildi.
Sessiya ishida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari Mirzatillo Tillaboyev va mamlakatimizning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili ishtirok etdi.
Memorandum Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M.Tillaboyev va Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Hadji Ali Achikgyul tomonidan imzolandi.
Tomonlar ushbu memorandum doirasida umumiy manfaatlardan kelib chiqqan holda o'zaro hamkorlikka taalluqli masalalarni muhokama qilish uchun muntazam ravishda maslahatlashuvlar o'tkazish hamda inson huquqlarini himoya qilish sohasida qo'shma tadbirlar, dastur va loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Hadji Ali Achikgyul Memorandum inson huquqlarini himoya qilish sohasida uzoq yillar xizmat qilishini va birgalikda faoliyat yuritish uchun eng maqbul mexanizm vazifasini bajarishini qayd etdi. Ushbu hujjat Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari uchun munosib namuna ekanini alohida ta'kidladi.
Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining 19-xalqaro sessiyasida O'zbekiston delegatsiyasi tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot taqdim etildi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining bu boradagi tizimli faoliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, inson huquqlari sohasida qabul qilingan yangi qonunlar, inson huquqlari ta'limi yo'nalishidagi O'zbekiston tajribasi haqida atroflicha so'zlab berildi hamda tadbir mavzusidan kelib chiqqan holda bir qator takliflar bildirildi.
Sessiya ishtirokchilariga 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan inson huquqlari bo'yicha maqsad va vazifalari haqida ham batafsil axborot berildi.
Shuni alohida qayd etish joizki, joriy yil oktyabr' oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan Inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha Global forumga Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zolari tomonidan katta qiziqish bildirildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati