Alloh taolo insonni azizu mukarram qilib yaratish bilan birga o'z xatolarini tuzatish, gunohlardan forig' bo'lish yo'lini ko'rsatgan. Zero, inson borki, aybu nuqson, gunohlardan holi emas. Bunday kishi gunoh-xatolardan afsuslanish, ularga chin dildan tavba qilib, yaxshi amallar qilishga o'tishi lozim.
Butun insoniyat otasi Odam alayxissalom ham xato qilgandan so'ng tavba-tazarru orqali Haq taolo mag'firatiga noil bo'ldi. Shu bois tavbaga yuzlanish, gunohlarga istig'for aytish inson nasliga farz qilingan azaliy hukmdir.
Qur'oni karimda marhamat kilinadi: “Ey imon keltirganlar! Allohga chin tavba qilinglar, shoyad Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o'chirib, ostidan anxorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog'larga kiritsa!” (Tahrim surasi, 8-oyat).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Gunohlaridan xolis tavba qilgan kishi xech bip gunoh qilmagan kishi kabidir”, deganlar (Ibn Moja rivoyati). Ulamolar oyat va xadislarda zikr etilgan tavbadan murod shudir, deyishgan.
Tavba gunohlardan qotgan qalbni yumshatadi. U qalb shifosi, unga rohat bag'ishlovchi ulkan ne'mat. Mo'min kishi gunohlarni kichik sanamay, darrov tavbaga shoshilishi, ulardan forig' bo'lish orqali va'da qilingan jannat mukofotini qo'lga kiritishga harakat qilmog'i lozim. Zero, tavba jannat va do'zax o'rtasidagi to'siqdir.
Hatto Payg'ambar sollalloxu alayxi va sallamdek gunoh-xatolardan ma'sum bo'lgan zot ham har kuni tavba qilib, ummatlarini ham shunga chaqirganlar: “Ey insonlar, Allohga tavba qilinglar va Undan doimo gunohlapingni kechirshiini so'ranglar! Men Allohga har kuni yuz marta tavba qilaman” (Imom Muslim rivoyati).
Bandaning tavbasi qabul bo'lishi uchun bir necha shartlar bor. Avvalo, banda qilgan gunoh-xatolaridan iztirob chekishi, joni qiynalishi, ich-etini eyishi, huzur-halovati yo'qolib, uyqu va oromdan kechishidir. Vaholangki gunohdan qaytmagan kishining istig'for va nadomatidan foyda yo'q. Agar inson bir gunohga tavba qilsayu so'ng yana uni qaytarsa, uning tavbasi xaqiqiy sanalmaydi.
Tavbaning yana bir sharti gunohlarni butunlay tark etishdir. Bunday kishi astoydil tavba qilib, toat-ibodat, sadaqa-ehsonlarni ko'paytiradi va hech qachon umidsiz bo'lmaydi. Kishining faqat solih amallar qilishga o'tishi esa tavbaning qabul bo'lgani alomatidir.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Yaxshiliklar, albatta, yomonliklarni ketkazadi” (Hud surasi, 114-oyat).
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Agar bir gunoh qilsangiz, unga kafforot bo'ladigan bir yaxshilik qiling. Maxfiy gunohga maxfiy yaxshilik, oshkora gunohga oshkora yaxshilik kafforot bo'ladi” (Imom Bayxaqiy rivoyati).
Banda gunoh yoki xatosiga istig'for aytsa, mehribon va rahmli Alloh azza va jalla uning gunohlarini, albatta, kechiradi va yaxshilikdan umid qilinadi. Ammo banda kibr yo g'ururga borib, istig'for aytishni kanda qilsa, o'ziga zulm qilgan, o'z zarariga ishlagan bo'ladi.
Hadisi Qudsiyda Alloh taolo: “Ulug'ligim va buyukligimga qasamki, to ruhi tanasida ekan, bandalarimga tavba eshigi ochiqdir”, degan (Imom Ahmad, Imom Abu Ya'lo, Imom Hokim rivoyati).
Tavba eshiklari doimo ochiq. Shunday ekan, doimo tavba va istig'forni o'zimizga lozim tutib, xayrli amallarda bardavom bo'laylik. Shunda gunohlar hatto tog'dek bo'lsa ham kechirilib, ulkan mukofotga sazovor bo'lamiz, inshoalloh.
Fazliddinxon Muxtarov,
Shahrisabz shahar bosh imom xatibi
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati