Mamlakatimizning Avstriyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Vengriyada yashab ijod qilgan o'zbek olimi Mulla Isoq Ibrohim (1836-1892) tavalludining 186 yilligi munosabati bilan vatandoshimiz dafn etilgan Feyer viloyati Velentse shaharchasidagi qabristonda gulchambar qo'yish marosimi o'tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Marosimda Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriyadagi vakolatxonasi rahbari Yanosh Hovari, Velentse shahri meri Gerxard Akosh, vengriyalik turkolog olimlar va tadqiqotchilar hamda O'zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi vakillari ishtirok etdilar.
Yanosh Hovari o'z nutqida venger va o'zbek xalqlari qadim aloqalarga egaligi xususida to'xtalar ekan, ikki xalqning tarixiy kelib chiqishi bir-biriga tutash ildizlarga borib taqalishini, o'zaro tarixiy munosabatlar XIX asrda Armin Vamberi va Mulla Isoqning o'zaro do'stligi natijasida qayta tiklanganligini alohida ta'kidladi. “Hozirgi paytda mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro munosabatlar O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban sa'y-harakatlari bilan sifat jihatdan yuqori bosqichga ko'tarilgan”, dedi u.
Shuningdek, turkshunos olimlar Mulla Isoqning Vengriyada kechgan hayoti haqidagi tarixiy ma'lumotlarga alohida e'tibor qaratdilar. Hususan, Vengriya Fanlar akademiyasi tadqiqotchisi D.Somfai o'zbek olimi Mulla Isoq o'z hayot yo'li va ijodi bilan Vengriya madaniyati rivojiga hissasini qo'shganini alohida ta'kidladi.
Mulla Isoq 1836 yilda Qoraqolpog'istonning Qo'ng'irot tumanida tavallud topgan. 1863 yilda Hivada Muhammadaminbek madrasasi talabasi bo'lgan vaqtida vengriyalik mashhur tukrshunos olim, sayohatchi Armin Vamberi bilan uchrashgan va u bilan birgalikda Turkiya orqali Vengriyaga kelgan. Mulla Isoq mahalliy xalq tilini o'rganib Vengriya Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik kutubxonasida ishlagab ijod qilgan. U shu erda oila qurgan va hayotining so'nggi damlarida Vengriyaning Velentse shaxarchasiga ko'chib kelgan. Vatandoshimiz 1892 yili 56 yoshida vafot etgan.
Mulla Isoq Armin Vamberining do'sti va shogirdi bo'lgan. Armin Vamberi o'zining 1864 yildagi “O'rta Osiyoga sayohat” nomli mashxur asarida Mulla Isoq haqidagi ma'lumotlarni yozib qoldirgan.
Mulla Isoq venger yozuvchisi Yanosh Aronning «Ajoyib ohuning hikoyati» she'riy asarini mojar imlosida o'zbek tiliga tarjima qilgan. Hozirgi paytda ushbu kitobning asl nusxasi Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxonasida saqlanmoqda.
Alohida qayd etish joizki, mazkur tarjima asarning yangi taxrirdagi nusxasi Vengriya Bosh vaziri V.Orbanning 2021 yil mart oyida O'zbekistonga buyurgan tashrifi chog'ida O'zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan unga tuhfa qilingan.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Qo'ng'irot tumanida Mulla Isoq Ibrohim nomi bilan ataladigan jome masjid mavjud. Uning peshtoqida Vengriyaning O'zbekistondagi elchixonasi bilan birgalikda Mulla Isoq Ibrohimning Vengriyadagi hayoti haqidagi ma'lumotlar bitilgan lavha o'rnatish rejalashtirilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati