Avs ibn Avs as-Saqafiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim juma kuni yuvsa va g'usl qilsa, so'ngra erta borsa, piyoda yurib, (ulov) minmasa, imomga yaqinroq o'tirsa va tinglasa, behuda (harakat) qilmasa, uning har bir qadamiga bir yilning amali berilur, uning ro'zasi va bedorligi ajri berilur», dedilar.
Sunan egalari rivoyat qilishgan.
Sharh: Juma namozi oson yo'l bilan ulkan savoblar ishlab olish uchun qulay fursat ekanini oldin ham aytib o'tgan edik. Bu hadisi sharifda esa, niyat bilan piyoda yurib borish ila har bir bosgan qadam uchun bir yillik ibodatning savobi berilishi haqida so'z bormoqda. Mazkur ulug' maqomga erishish uchun quyidagi ishlar qilinishi kerak ekan:
1. «Kim juma kuni yuvsa».
Ya'ni, yuvishi kerak bo'lgan narsalarni yuvsa. Hususan, sochni yaxshilab yuvishni ulamolarimiz ta'kidlaganlar.
2. «G'usl qilsa».
Bu haqda aytildi.
3. «Erta borsa».
Ya'ni, juma uchun niyat bilan erta borsa.
4. «Piyoda yurib, (ulov) minmasa».
hadisi sharifdagi ayni shu jumla uni bu biz o'rganayotgan «Jumaga yurib borishning fazli» bobida keltirilishiga sabab bo'lgan.
Jumaga savob umidida piyoda yurib borish fazilatli ish. Albatta, sog'-salomat inson piyoda yurib namozga borsa, har taraflama o'ziga foyda.
5. «Imomga yaqinroq o'tirsa».
Albatta, imomga yaqin o'tirishda yaxshiliklar ko'p. Jumladan, avvalgi safdan o'rin oladi, xutba, qiroat va duolarni yaxshi eshitadi. Eng muhimi, katta ajru savoblarga ega bo'ladi.
6. «Tinglasa».
Ya'ni, jumaga borgan odam tinglashi lozim. Hususan, xutbadagi va'z-nasihatni tinglash, ibrat olish o'ta muhim.
7. «Behuda (harakat) qilmasa»
Chunki ozgina behuda harakat o'sha odamni ham, uning atrofidagilarni ham chalg'itib, ko'pgina foydalardan bebahra qiladi.
Hadisi sharifda kelgan bu etti ishni amalga oshirgan musulmonlarga ulkan xayr-barakalar va'da qilinmoqda. Zotan, Payg'ambarimiz alayhissalom: «Uning har bir qadamiga bir yilning amali berilur, uning ro'zasi va bedorligi ajri berilur», dedilar.
Bas, shundoq ekan, bu ishlarni har juma ixlos bilan ado etib, va'da qilingan ajr-savoblarni olishga harakat etaylik.
Hadis va hayot
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا أحمد بن خازم نا عون بن سلام نا أبو بكر النهشلي عن الأعمش عن شقيق عن عبد الله أنه لبى على الصفا وقال: يا لسان قل خيرا تغنم أو اصمت تسلم من قبل أن تندم. فقال: يا أبا عبد الرحمن أهذا شيء أنت سمعته قال: بل سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: إن أكثر خطايا ابن آدم في لسانه.
Shaqiq Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “U Safoda talbiya (labbayka)ni aytib turib, “Ey til, yaxshi gapni ayt, foyda topasan yoki sukut saqla, pushaymon bo‘lishdan oldin salomat bo‘lasan”, dedi.
Unga: “Ey Abu Abdurahmon, bu(ni o‘zingizcha aytayapsizmi yoki) siz eshitgan narsami?” dedi. U: “(Yo‘q) balki, Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning: “Odam farzandi xatolarining aksariyati tilidandir”, deganlarini eshitganman”, dedi”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi