Bugun, 26 may kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohim domla Inomov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston va Tatariston respublikalariga xizmat safari bilan jo'nab ketdi.
Tashrif davomida delegatsiya a'zolari Rossiya musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi raisi Talgat Safa Tajuddinov bilan o'zaro aloqalarni mustahkamlash, radikalizm, diniy ekstremizm va terrorizmni oldini olish, aholining turli oqimlarga qarshi fikrini shakllantirish va bu boradagi hamkorlikni yanada kuchaytirish bo'yicha uchrashuv o'tkazish mo'ljallanmoqda.
Shuningdek, safar davomida Ibrohim domla Inomov, Toshkent viloyati bosh imom xatibi, ustoz Jasurbek domla Raupov hamda boshqa delegatsiya a'zolari Boshqirdistonda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashib ma'rifiy suhbatlar o'tkazishi va juma namozlarida ishtirok etishi kutilmoqda.
Alloh taolo ustozlarimizning safarlarini xayrli qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.