Hazrat Ashraf Ali Tahonaviy aytdilar: «Insonning amali, hoh dinga taalluqli bo'lsin, xoh dunyoga tegishli bo'lsin, yuzaki nazar bilan tekshirilganda uch turli ekani ma'lum bo'ladi. Ko'pchilik olimlar shu fikrga kelganlar. Bittasi foydali amal, ikkinchisi zararli amal, uchinchisi na foydali va na zararli bo'lgan amal. Lekin chuqurroq o'ylab ko'rilsa, uchinchi turdagi (na foydali va na zararli) amal ham, ikkinchi, ya'ni zararli amal turiga qo'shiladi. Chunki befoyda ishga sarf bo'lgan vaqt va quvvat biror foydali ishga sarflansa edi, bundan katta foyda bo'lar edi. Mana shu foydadan mahrumlikning o'zi katta bir zarardir. Masalan, bir tijoratchi o'z sarmoyasini bir ishga tikdi. Undan na foyda bo'ldi va na zarar. Lekin u mana shuni o'zining nuqsoni va zarari deb hisoblaydi. Chunki u o'zi umid qilib, ko'z tikkan foydasidan mahrum bo'ldi».
«Majolisi hakimul-umma» kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati