Ozarbayjonning Shemaxa shahrida bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Turizm bo'yicha ishchi guruhi 17-majlisi va Turizm vazirlari 7-yig'ilishida qabul qilingan tegishli qarorga asosan, Shemaxaga Turk dunyosinig 2023 yildagi sayyohlik poytaxti maqomi berildi.
Tadbirda TDT bosh kotibi Bag'dod Amreev, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, shuningdek Turkiya, Qozog'iston, Turkmaniston, Vengriya davlatlarining sayyohlik sohasi mas'ullari, Ozarbayjondagi dimplomatik missiya vakillari ishtirok etdi.
Anjuman qatnashchilari mul'timilliy “Zamonaviy Buyuk Ipak yo'li” ko'rinishidagi qo'shma sayyohlik mahsulotlari yaratish yo'lidagi sa'y-harakatlarni faollashtirish muhimligini bir ovozdan ma'qulladilar. Ozarbayjon Turizm davlat agentligi xabariga ko'ra, yig'ilishda “Turk dunyosi turizm poytaxti tashabbuslari” qoidalari tasdiqlandi va “Turkiy davlatlar tashkilotining turizm bo'yicha “Yo'l xaritasi” qabul qilindi.
Bosh kotib Bag'dod Amreev tashkilotga a'zo davlatlar o'rtasida barcha yo'nalishlarda jadal rivojlanayotgan hamkorlik, jumladan, turizm sohasida ham yaqqol aks etayotganini ta'kidladi. U Shemaxa shahrini yuksak maqomga sazovor bo'lgani bilan qutlarkan, mazkur tashabbusning davomiyligi mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro jipslik yanada mustahkamlanishiga olib kelishini bildirdi.
Qayd etish joiz, Shemaxa – Buyuk Ipak yo'lidagi eng muhim, tarixiy va sayyohlik nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega shaharlardan biri. Shuning uchun ham Turk dunyosining 2023 yildagi turizm poytaxti etib tanlandi.


G'.HONNAZAROV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV