Ko'hna zaminimizda bir paytlar gullab yashnagan, bugungi kunda tarix pardasi ortiga chekinib, faqat ko'hna manbalaru turfa afsonalar orqali nomi bizgacha etib kelgan yana qanchadan-qancha shaharlar, qadimiy tamaddun o'choqlarining izlari saqlanib qolgan. Ulardan biri qadimiy Dabusiyadir.
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahridan viloyatning eng olis hududi – Paxtachi tumaniga kirib borarkansiz, bugungi kun nafasi yaqqol sezilib turgan bu zamonaviy go'shadan bir necha chaqirim narida bir necha ming yillik tarixga ega bo'lgan qadimiy qal'a mavjud bo'lganiga ishongingiz kelmaydi.
Bir paytlar G'arbu Sharqni bog'lagan Buyuk ipak yo'lining bir qismi bo'lgan qadimiy ko'chadan ketib borarkansiz, Zarafshon daryosining chap sohilida, katta-kichik tepaliklar bag'rida, tuproq ostida qolib ketgan Dabusiya qal'asi o'rniga etib kelganingizni ham sezmay qolasiz. Har yili bahor bu tepaliklar – son-sanoqsiz qabrlar uzra o'zining zangori gilamini to'shaydi. Yer bag'rini yorib chiqqan millionlab maysalar, alvon qizg'aldoqlar xuddi noma'lum alifboda, turfa ranglarda bitilgan bitiklar singari bizni moziyning sirli manzillariga chorlaydi...
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, bir paytlar ana shu kengliklarda Dabusiya qal'asi qad rostlagan. Uni turli manbalarda Dabusqal'a, Dabusiy, Dabus, Dahbus singari nomlar bilan atashgan. Zarafshon daryosining telbavor mavjlari qal'aning shimoliy devorlarini yuvib, keyin o'ng tarafga burilib ketadi.
Rivoyatlarga ko'ra, ana shu devorlarda payg'ambarimizning amakivachchalari, Hazrati Ali (r.a.)ning barmoq izlari saqlanib qolgan ekan. Tabiiyki, bugungi kunda qal'a ham, uning devori ham, u edagi tabarruk izlar ham yo'q. Bo'lganda ham, uni hazrati Aliga nisbat berish o'rinsiz bo'lar. Chunki, ul zot bizning diyorimizga qadam bosmaganlar.
Samarqand va Buxoro oralig'idagi bu qadimiy qal'a haqida o'tmishdagi tarixnavis olimlar qimmatli ma'lumotlarni yozib qoldirganlar. Jumladan, H asrda yashab ijod qilgan geograf olim Abdulfaraj Basriyning yozishicha, Dabusiya shahriga Iskandar Maqduniy asos solgan emish. Tarixchi Narshaxiy esa, uning yoshi hatto Buxorodan ham qadimiyroq ekanini ta'kidlaydi.
“Dabus" so'zi arab tilidan tarjima qilinganda temir gurzi, to'qmoq, degan ma'nolarni bildiradi. Qal'a o'z davrida temirdan mustahkam qilib qurilgani bois, ana shunday atalgan bo'lishi mumkin. To'qqizinchi asrda yashagan arab tarixchisi Al-Ya'qubiy ham bu qal'ani “dushman tig'i o'tmaydigan, mustahkam va mashhur shahar” deya ta'kidlagan edi”.
Yana bir mashhur tarixchi Abu Ja'far at-Tabariy Dabusiya haqida to'xtalib, bu erni 10 ming nafar sarboz qo'riqlaganini yozadi. Shuningdek, Al-Muqaddasiy, Yoqut Hamaviy, Ibn Havqal, Ibn Hurdobeh, As-Sam'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abul-Fidon singari o'rta asr allomalari Dabusiya bilan bog'liq ma'lumotlarni o'z asarlarida keltirib o'tadilar.
Mazkur tarixiy manbalarda Dabusiyada juda katta bozorlar, masjid va madrasalar faoliyat ko'rsatgani, oltin, kumush va mis tangalar zarb etiladigan zarbxonalar bo'lgani o'z aksini topgan. Bir zamonlar Dabusiyada to'qilgan “vadoriy” deb nomlangan matolarning G'arbu sharqda bozori chaqqon bo'lgan. Shuningdek, Dabusiyada jundan to'qilgan matolar va teridan yasalgan mahsulotlar ham ko'p miqdorda ishlab chiqarilgan va savdogarlar tomonidan dunyoning turli burchaklariga olib ketilgan. Bularning bari Dabusiya o'z davrida ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham harbiy jihatdan katta mavqega ega bo'lganidan dalolat beradi.
Dabusiya ahli azaldan mard, jasur, erkparvar bo'lgani haqida tarixiy manbalar ham, xalq orasidagi afsonayu rivoyatlar ham dalolat beradi. Arab lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim o'z qo'shini bilan Buxoroni qamal qilganida uning hukmdori yordam so'rab, Dabusiyaga elchi jo'natadi. Dabusiyaliklar zudlik bilan Buxoro shahriga yo'l oladi va buxorolik mudofaachilar bilan birlashib, dushmanni Amudaryoning narigi qirg'og'iga uloqtirib tashlaydi.
Oradan ko'p o'tmay, Qutayba qo'shin to'plab, Afrosiyob shahriga hujum uyushtiradi. Lekin Buxoro va Dabusiya lashkarlari yana birlashib dushmanni mag'lub etadi.
Shunda Qutayba avval Dabusiyani bo'ysundirmasa, Buxoroni ham, Samarqandni ham ololmasligini anglab etadi. Shuning uchun ham keyingi mag'lubiyatdan so'ng kuch to'plab, Dabusiya qal'asiga hujum qiladi. Bir necha kun davom etgan qaqshatqich to'qnashuvlardan so'ng Qutayba qal'a devorlarining mustahkamligi, himoyachilarining mohir chavandoz, o'tkir merganliklariga tan beradi. Kamon o'qlari va qilich tig'lariga kuchli ta'sir etuvchi zahar surtilganligi bois, undan jarohat olgan yog'iylar darhol halok bo'lardi. Shunda Qutayba qal'ani qamal holatida saqlashga qaror qiladi. Qal'aga kirib-chiquvchi yashirin yo'llar, chashmalardan sopol quvurlar orqali suv oqib kelishi, maxsus omborlarda oziq-ovqatlar saqlanishini dushman bilmagan. Bu erda besh yilgacha etadigan quritilgan go'sht, mevalar, don ulkan sopol ko'zalarda saqlangan.
Arablar qo'liga asir tushib qolgan dabusiyaliklar sir olish uchun juda qattiq qiynoqqa solingan. Asirlar xoinlikdan ko'ra mardlarcha o'limni afzal bilib, o'z tillarini tishlab uzib tashlaganlar.
Nihoyatda tang ahvolda qolgan Qutayba qal'a atrofidagi qishloqlar aholisini qatl qilishga farmon beradi. Shundan keyin qal'a mudofaachilari soni keskin kamayib boradi. Ular o'zlarini o'limga mahkum etsalar-da, taslim bo'lishmaydi. Shundan keyingina bosqinchilar himoyasiz qolgan qal'aga bostirib kirganlar.
Qal'a hududida olib borilgan ilmiy izlanishlar jarayonida topilgan ish qurollari, ro'zg'or buyumlari, hunarmandchilik uskunalari, ovchilik va chorvachilik qurollari sifati, pishiqligi, ixchamligi va tashqi ko'rinishi bilan ancha taraqqiy etganligidan dalolat beradi. Hatto, qal'aning butun hududiga sopol quvurlar yotqizilib, kanalizatsiya tizimi yaratilgan, toza ichimlik suvi ta'minoti yo'lga qo'yilgan.
Tarixiy manbalarni varaqlar ekanmiz, bir paytlar bu ko'hna kent ne-ne fotihu jahongirlarni ko'rganiga amin bo'lamiz. Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk ajdodlarimiz bu maskanga qadam ranjida qilishgan. Ehtimolki, Samarqandda umrining eng navqiron damlarini kechirgan Hazrat Navoiy ham bir muddat Dabusiyada to'xtab o'tgan, balki mana shu kengliklarda turib, o'zining malohat va nazokatga boy baytlarini bitgandir?
Dabusiyada tug'ilgan allomalar ichida eng mashhuri faqih, qozi Abu Zayd Ubaydullo ibn Umar ad-Dabusiydir. Ul zot Buxoroning etti mashhur qozisidan biri, hanafiy mazhabining yirik vakili va peshvosi bo'lganlar. Abu Zayd ad-Dabusiy 978 yili Dabusiyada tavallud topgan va shu erda ulg'ayib mashhur allomalardan ta'lim olib, fiqh ilmining bilimdoni bo'lib etishgan.
Dabusiy nisbasi bilan tanilgan yana o'nlab allomalar nomi va asarlari bizgacha etib kelgan. Bu esa, Dabusiya qadimiy madaniyat va ma'rifat beshiklaridan biri bo'lganini yana bir karra tasdiqlaydi.
Dabusiya asrlar davomida barqaror, mustahkam qal'a sifatida mavjud bo'lgan. Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar singari sulolalar davrida ham Dabusiya o'z strategik ahamiyatini yo'qotmay kelgan. O'n to'qqizinchi asrning birinchi yarmida, Buxoro hukmdori Amir Haydar davridan boshlab, qal'a Ziyovuddin nomini olgan. Dastlab, Dabusiya va Ziyovuddin atamalari teng qo'llangan bo'lsa, keyinchalik, Dabusiya atamasi iste'moldan chiqib ketgan. O'sha paytlarda Ziyovuddin ham qal'a nomi, ham Buxoro amirligidagi viloyat nomi sifatida qo'llangan. Bugungi Paxtachi tumani markazi – Ziyovuddin shahri esa, tarixiy Dabusiyadan 7-8 chaqirim masofada joylashgan.
Dabusiya nima sababdan huvillab qolgani, odamlar bu hududni tashlab ketgani haqida ham aniq ma'lumotlar yo'q. Bu holni ko'pchilik qal'adan bir necha chaqirim masofda, bugungi Paxtachi tumani markazida yangi Ziyovuddin shahrining yuzaga kelishi, ahlining ko'pchiligi shu erga ko'chib kelishi bilan izohlashadi.
Ha, bugun bu tarixiy hududda ana shu devor parchalariyu, yagona obida Bahra ota maqbarasidan bo'lak inshootni uchratmaysiz. Mazkur inshoot o'rta asrlarda qad rostlagan bo'lib, unda bir paytlar shu hududda yashab o'tgan ulug' allomalardan birining xoki yotibdi.
Ko'hna Dabusiya kengliklar uzra yana bir oqshom cho'kmoqda. Bu maskanni tark etarkanmiz, dilimizdan o'tayotgan xazin, tushuniksiz tuyg'ular o'z-o'zidan quyma satrlarga aylanadi.
Bunda har bir qadam – asrlarga teng,
Har zarra mangulik, erk nishonasi.
Qadim Dabusiya – ko'hna tarixning
Yangi dunyodagi elchixonasi...
Rustam JABBOROV
Alloh taoloning inson zotiga ko‘rsatgan cheksiz marhamatlaridan biri shubhasiz suv ne’matidir. Zamindagi biror tirik jon suvdan behojat bo‘lolmaydi. Ushbu hayotdagi barcha narsa suv bilan tirikdir. Lekin Yaratuvchi bu ulug‘ ne’matini maxsus bir suv bilan xosladi. Unga fazl va barakot ato etdi. Musulmonlar kurrai zaminning turli nuqtalaridan ushbu xos ne’matdan bahramand bo‘lish uchun keladilar. U ham bo‘lsa zamzam suvidir. Xo‘sh, zamzam suvi o‘zi nima va uning qanday mo‘jizakor xususiyatlari bor?
Zamzam suvi
Zamzam suvi bu - zamzam qudug‘idan chiqadigan suvdir. Bu quduq Makkai mukarramadagi Haram hududida joylashgan. Bu suv barcha musulmonlar nazdida muqaddas suv hisoblanadi. Zero, Alloh taolo uni o‘ziga xos mo‘'jizaviy xususiyatlar bilan boshqa suvlardan afzal qilgan. Dini Islom ta’limotlariga ko‘ra, zamzam bulog‘ini Alloh taolo Ismoil alayhissalom va uning onasi uchun chiqarib bergan.
Zamzam qudug‘i Makkiy Haram hududi o‘z ichiga olgan muhim tarixiy unsurlardan biri hisoblanadi. U yer sathidagi eng mashhur buloq bo‘lib, musulmonlar qalbida o‘ziga xos ruhiy o‘rni bor. Ayniqsa, hojilar va umra ziyoratchilari uchun bu suvning ahamiyati katta. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Yer yuzidagi eng yaxshi suv zamzam suvidir. U to‘yimli taom va kasallikdan shifodir" (Tabaroniy rivoyati, al-Mo‘jam al-Kabir, sahih hadis).
Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa bunday marhamat qilinadi: "Zamzam suvi nima niyatda ichilgan bo‘lsa, o‘sha niyatning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ladi" (Imom Ahmad, ibn Moja va boshqalar rivoyati).
Zamzam suvining nomlari
Zamzam suvining ko‘p nomlari bo‘lib, quyida ularning ba’zilarini zikr qilamiz:
1. "Zamzam" va "Zumazim". Bu so‘z "zamma-yazimmu-zumuman" fe’lidan olingan bo‘lib, biror idishga suv lim-lim to‘lib yonlaridan oqib tushganda ishlatiladi. Zamzam bulog‘ining suvi ko‘p va barakali bo‘lganligi uchun shunday nomlangan. Boshqa bir rivoyatda kelishicha, zamzam bulog‘i otilib chiqqan paytda Hojar onamiz unga qarab "zam-zam!" ya’ni "ko‘pay va ziyoda bo‘l!", degan ekanlar. Yana bir qavlga ko‘ra esa zamzamning bunday nomlanishi Jabroil alayissalomning zamzamasidan ya’ni, farishtaning mazkur buloq ustida chiqargan tovushi va kalomi tufaylidir. Boshqa bir fikrga ko‘ra, mazkur buloq ilk marotaba otilib chiqqan vaqtda o‘zidan maxsus tovush chiqarib sharqirab turgan, shu sababli zamzam deb nomlangan. Zero, zamzama so‘zi shovqin bermoq, muttasil tovush chiqarmoq ma’nosini anglatadi. Zamzama so‘zining yana bir ma’nosi biror narsaning yoyilib ketgan chetlarini to‘plash, tarqalib ketmasligi uchun jamlash ma’nosini anglatadi.
2. "Baraka" va "Muboraka". Baraka so‘zi o‘sish, ziyoda bo‘lish, ko‘p yaxshilik va saodat ma’nolarini anglatadi. Zero, ularning bari zamzamda mavjuddir.
3. "Barra". Bu so‘z yaxshilik, ezgulik va vafo ma’nolarini anglatuvchi "birrun" so‘zidan olingan. Chunki Alloh taolo bu suv bilan Ismoil alayhissalomga yaxshilik qilgan. Yana bir qavlda esa aytiladiki, chunki u abrorlar, ya’ni yaxshilar uchun oqib chiqqan, fojirlardan esa tiyilgan.
4. "Bushro". Bushro so‘zi lug‘atda yaxshilik va xursandchilik xabari, mujda ma’nosini anglatadi. Zamzamning bunday nom bilan atalishiga sabab o‘zi va o‘g‘lining hayotini saqlab qolish uchun jon holatda suv qidirayotgan paytda Hojar onamiz uchun xushxabar bo‘lganligidandir. Zero, Hojar onamiz Safo va Marvo orasida suv izlab umidlari uzilay degan paytda Alloh taolo tomonidan in’om qilingan zamzamni ko‘rib qolgach, benihoya xursand bo‘lib ketadilar va "menga xushxabar bo‘lsin, axir bu suv-ku!", deb yuboradilar.
5. "Maktuma" (yashirilgan). Jurhum qabilasidan so‘ng zamzam bulog‘i yerga ko‘milib, berkilib ketganligi uchun shunday atalgan edi. So‘ngra Abdul Muttolib uni qayta ochgan.
6. "Haramiyya". Zamzam qudug‘i Alloh taoloning Harami ichkarisida bo‘lganligi tufayli unga "Haramiyya", ya’ni Haram bulog‘i degan nom berildi.
7. "Rakzatu Jibriyl" (Jabroilning qanot qoqishi), "hazmatu Jibriyl" (Jabroil paydo qilgan quyilik, chuqircha), "vat’atu Jibriyl" (Jabroilning oyoq bosishi). Zamzam suvining bunday nomlar bilan nomlanishiga sabab uning Jabroil farishta o‘z qanoti bilan yerga urishi yoxud oyog‘i bilan yerga tepishi natijasida paydo bo‘lib, yerdan otilib chiqqanligidir.
8. "Solima" (sog‘lom va salomatli suv). Zamzamning bu ism bilan nomlanishiga sabab unda salomatlik va ofiyat borligidandir.
9. "Siqoyatul hoj" (Hojilarga suv berish). Zamzam suvi hojilarni suv bilan ta’minlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarni zamzam suvi bilan ta’minlash ishini Abbos roziyallohu anhu va oilasiga topshirdilar.
10. "Sayyida". Chunki zamzam suvi boshqa barcha suvlarning sayyidi, eng afzali, eng sharaflisi va eng qadri balandi hisoblanadi.
11. "Shabbo‘atul 'iyol" (kambag‘allarni to‘ydiruvchi) shuningdek, "shab’a" (to‘qlik, to‘yimlilik). Johiliyat davrida zamzam bulog‘i shu nom bilan ham nomlanardi. Sababi, u chanqaganni chanqog‘ini qondirardi, kambag‘allarning qornini to‘ydirardi.
12. "Sharobul abror" (yaxshilarning sharobi). Sababi hamma yaxshilar va solih kishilar zamzam suvidan ichishga haris bo‘ladilar.
13. "Shifau suqmin" (kasalliklar shifosi). Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: "Zamzam yer yuzidagi eng yaxshi suvdir. Unda ochiqqanlar uchun taom, kasalliklar uchun shifo bordir" (Tabaroniy {11167, 11/98}, Haysamiy {3/286}, Ibn Hibbon sahih deganlar). Unda Alloh taoloning izni bilan barcha kasalliklarga davo bordir. Kim shifo niyatida ichsa, Allohning irodasi bilan, albatta, tuzalib ketadi.
14. "Sofiya" (sof). Zamzam barcha zararli narsalardan pok va sof bo‘lgan suvdir.
15. "Tohira" (pok). Zamzam barcha aybu nuqsonlardan pok, ichuvchi kishi uchun foydali suvdir. Bundan tashqari, zamzam hurmati balandligi uchun iflos narsalarga iste’mol qilinmaydi.
16. "Toyyiba" (xush, shirin, mazali). Zamzam suvining bu nom bilan nomlanishi sabab, ichgan kishi lazzatlanadi, uni hamma yaxshi ko‘radi.
17. "Zohira" (zohir, ochiq-oydin). Zamzam suvining manfaati doim zohir bo‘lib, ko‘rinib turadi.
18. "Ofiyat". Zamzam suvi uni ichgan inson uchun ofiyat va shifodir. Alloh taolo mutaxassis tabiblar ham davolay olmagan qancha-qancha kasalliklardan zamzam tufayli shifo bergan.
19. "G‘iyos" (yordam, qutulish). Chunki u Hojar onamiz va u kishining farzandi Ismoil alayhissalom uchun yordam, qattiq qiyinchilikdan so‘ng qutulish manbai edi.
20. "Kofiya" (kifoya qiluvchi). Zamzam suvi uni ichayotgan kishining barcha hojatlariga kifoya qiluvchidir.
21. "La tunzofu vala tuzammu" (yo‘q bo‘lmaydi va kamaymaydi). Zamzam suvidan qancha ko‘p ichilmasin kamaymaydi ham, tugab ham qolmaydi.
22. "Ma’saratu Abbos" (Abbosning ulug‘ merosi). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarga zamzam suvini ichirishdek sharafli vazifani Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ajratib beradilar. Bu esa Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ulug‘likda tengsiz bo‘lgan meros edi.
23. "Mu’nisa" (do‘st, dildosh). Zamzam suvidan ichgan mo‘min unga o‘rganib, o‘zida unga nisbatan doimiy mayl his qiladi va uni yaxshi ko‘rib qoladi. Mudom zamzam suvidan ichgisi kelaveradi.
24. "Maymuna" (barakali). Zamzam suvi har tamonlama barakalidir.
25. "Nofi’a" (foydali). Zamzam suvi sanab tugatib bo‘lmaydigan manfaatlarga ega ekanligi tufayli shunday nomlangan.
Zamzam suvining foydalari
Zamzam suvi o‘zining ma’naviy foydalaridan tashqari salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga egadir. Ularning ba’zilarini quyida zikr qilamiz:
1. Erta qarishning oldini oladi.
2. Jismning himoya tizimini (immunitet) kuchaytiradi.
3. Ovqat hazm qilishga yordam beradi.
4. Saratonga qarshi samarali vositalardan biri hisoblanadi.
5. Jism uchun foydali bo‘lgan ozuqa moddalarini qonga so‘rilish jarayonini kuchaytiradi.
6. Jismga kuch-quvvat baxsh etadi. Ayniqsa, hojilar haj mavsimida bunday kuch-quvvat va energiya manbaiga muhtoj bo‘ladilar.
7. Ko‘plab kasalliklardan tuzalishga yordam beradi. Jumladan, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, qizamiq, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi, qon aylanishi kasalliklari va boshqa bir qator xastaliklardan tuzalishda samarali yordam beradi.
8. Shuningdek, zamzam suvi qandli diabet kasaliga chalinganlar, buyrak xastalari uchun ham shifodir. Shu bilan birga suyak va bo‘g‘in kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari, hazmdagi muammolar, yo‘g‘on ichak muammolari, qabziyat va yana bir qancha kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi.
Zamzam suvini boshqa suvlarga aralashtirish haqida
Agar zamzam suvidan boshqa oddiy suvlarga aralashtirilsa mazkur oddiy suv unga qo‘shilgan aralashma miqdoricha barakot va fazilat kasb etadi. Qancha ko‘p aralashtirilsa, shunchalik barakoti ortadi. Kamroq aralashtirilgan bo‘lsa ham mazkur suv zamzam qo‘shilmagan suvdan afzalroq va barakotliroq bo‘ladi. Zero, zamzam aralashtirilgan suvdan ichgan kimsa zamzam suvining ma’lum miqdorini ichgan hisoblanadi. Shu tufayli, uning fayzidan bonasib bo‘ladi.
Imom Kosoniy (rahimahulloh) aytadilar: "Agar bir kimsa zamzam suvidan iborat bo‘lgan biror suvni ichmayman deb qasam ichgan bo‘lsa va o‘sha (zamzamdan iborat bo‘lgan) suvga boshqa suvlardan juda ko‘p miqdorda quyilib, natijada zamzam suvi o‘ziga quyilgan ko‘p miqdordagi suvga aralashib, boshqa suv uning ustidan g‘olib kelsa va shundan so‘ng, mazkur suvdan ichsa, qasamini buzgan hisoblanadi" ("Badoi’u-s-sanoi'": 3/63;).
Yuqoridagi matnda aytilmoqchi bo‘layotgan narsa shuki, zamzam suvini ichmayman deb qasam ichgan kishi o‘ziga juda ko‘p oddiy suv aralashtirilishi natijasida oddiy suvga aralashib ketgan zamzam suvidan ichsa, qasamiga rioya qilmagan va zamzamdan ichib qo‘ygan hisoblanar ekan. Bu esa oddiy suvga aralashtirilgan zamzam butkul yo‘qolib ketmasligini anglatadi. Balki, u aralashgan suviga barakot kirgazadi.
Shu ma’noda, zamzam aralashtirilgan suvga "zamzam" deyilsa ham u hukman zamzam maqomida bo‘ladi. Unda zamzamning barakoti va fazilati mavjud bo‘ladi. Oddiy suvlardan ortiq bo‘ladi. Unga har qancha ko‘p suv quyilsa ham baribir, ichida zamzam mavjud bo‘ladi. Ammo fazilatda musaffo zamzamchalik bo‘lmaydi.
Sahobai kiromlar nafaqat zamzam, balki Nabiy alayhissalom tahorat qilgan suvlardan ham tabarruklanganlar. Uzoqdan kelgan kishilar uylariga qaytishda U zotning (alayhissalom) tahoratdan qolgan suvlarini o‘zlari bilan olib ketib, uni ko‘p miqdordagi suvlarga qo‘shib ko‘paytirganliklari rivoyat qilinadi.
Bu ham bo‘lsa, tabarruk narsa boshqa oddiy (tohir va pok) narsaga aralashtirilganda, aralashtirilgan oddiy narsa ham barakot va fazilat kasb etishiga dalolat qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom Makkaning hokimiga odam yuborib, undan Madinaga zamzam suvidan jo‘natishni talab qilar ekanlar. Bundan maqsad, Madinaliklar ham zamzamdan yuqorida aytilganidek, oddiy suvlarga aralashtirib, ko‘paytirish orqali bahramand bo‘lishlari uchun ekan.
Abdulloh Kamolov