Ko'hna zaminimizda bir paytlar gullab yashnagan, bugungi kunda tarix pardasi ortiga chekinib, faqat ko'hna manbalaru turfa afsonalar orqali nomi bizgacha etib kelgan yana qanchadan-qancha shaharlar, qadimiy tamaddun o'choqlarining izlari saqlanib qolgan. Ulardan biri qadimiy Dabusiyadir.
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahridan viloyatning eng olis hududi – Paxtachi tumaniga kirib borarkansiz, bugungi kun nafasi yaqqol sezilib turgan bu zamonaviy go'shadan bir necha chaqirim narida bir necha ming yillik tarixga ega bo'lgan qadimiy qal'a mavjud bo'lganiga ishongingiz kelmaydi.
Bir paytlar G'arbu Sharqni bog'lagan Buyuk ipak yo'lining bir qismi bo'lgan qadimiy ko'chadan ketib borarkansiz, Zarafshon daryosining chap sohilida, katta-kichik tepaliklar bag'rida, tuproq ostida qolib ketgan Dabusiya qal'asi o'rniga etib kelganingizni ham sezmay qolasiz. Har yili bahor bu tepaliklar – son-sanoqsiz qabrlar uzra o'zining zangori gilamini to'shaydi. Yer bag'rini yorib chiqqan millionlab maysalar, alvon qizg'aldoqlar xuddi noma'lum alifboda, turfa ranglarda bitilgan bitiklar singari bizni moziyning sirli manzillariga chorlaydi...
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, bir paytlar ana shu kengliklarda Dabusiya qal'asi qad rostlagan. Uni turli manbalarda Dabusqal'a, Dabusiy, Dabus, Dahbus singari nomlar bilan atashgan. Zarafshon daryosining telbavor mavjlari qal'aning shimoliy devorlarini yuvib, keyin o'ng tarafga burilib ketadi.
Rivoyatlarga ko'ra, ana shu devorlarda payg'ambarimizning amakivachchalari, Hazrati Ali (r.a.)ning barmoq izlari saqlanib qolgan ekan. Tabiiyki, bugungi kunda qal'a ham, uning devori ham, u edagi tabarruk izlar ham yo'q. Bo'lganda ham, uni hazrati Aliga nisbat berish o'rinsiz bo'lar. Chunki, ul zot bizning diyorimizga qadam bosmaganlar.
Samarqand va Buxoro oralig'idagi bu qadimiy qal'a haqida o'tmishdagi tarixnavis olimlar qimmatli ma'lumotlarni yozib qoldirganlar. Jumladan, H asrda yashab ijod qilgan geograf olim Abdulfaraj Basriyning yozishicha, Dabusiya shahriga Iskandar Maqduniy asos solgan emish. Tarixchi Narshaxiy esa, uning yoshi hatto Buxorodan ham qadimiyroq ekanini ta'kidlaydi.
“Dabus" so'zi arab tilidan tarjima qilinganda temir gurzi, to'qmoq, degan ma'nolarni bildiradi. Qal'a o'z davrida temirdan mustahkam qilib qurilgani bois, ana shunday atalgan bo'lishi mumkin. To'qqizinchi asrda yashagan arab tarixchisi Al-Ya'qubiy ham bu qal'ani “dushman tig'i o'tmaydigan, mustahkam va mashhur shahar” deya ta'kidlagan edi”.
Yana bir mashhur tarixchi Abu Ja'far at-Tabariy Dabusiya haqida to'xtalib, bu erni 10 ming nafar sarboz qo'riqlaganini yozadi. Shuningdek, Al-Muqaddasiy, Yoqut Hamaviy, Ibn Havqal, Ibn Hurdobeh, As-Sam'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abul-Fidon singari o'rta asr allomalari Dabusiya bilan bog'liq ma'lumotlarni o'z asarlarida keltirib o'tadilar.
Mazkur tarixiy manbalarda Dabusiyada juda katta bozorlar, masjid va madrasalar faoliyat ko'rsatgani, oltin, kumush va mis tangalar zarb etiladigan zarbxonalar bo'lgani o'z aksini topgan. Bir zamonlar Dabusiyada to'qilgan “vadoriy” deb nomlangan matolarning G'arbu sharqda bozori chaqqon bo'lgan. Shuningdek, Dabusiyada jundan to'qilgan matolar va teridan yasalgan mahsulotlar ham ko'p miqdorda ishlab chiqarilgan va savdogarlar tomonidan dunyoning turli burchaklariga olib ketilgan. Bularning bari Dabusiya o'z davrida ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham harbiy jihatdan katta mavqega ega bo'lganidan dalolat beradi.
Dabusiya ahli azaldan mard, jasur, erkparvar bo'lgani haqida tarixiy manbalar ham, xalq orasidagi afsonayu rivoyatlar ham dalolat beradi. Arab lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim o'z qo'shini bilan Buxoroni qamal qilganida uning hukmdori yordam so'rab, Dabusiyaga elchi jo'natadi. Dabusiyaliklar zudlik bilan Buxoro shahriga yo'l oladi va buxorolik mudofaachilar bilan birlashib, dushmanni Amudaryoning narigi qirg'og'iga uloqtirib tashlaydi.
Oradan ko'p o'tmay, Qutayba qo'shin to'plab, Afrosiyob shahriga hujum uyushtiradi. Lekin Buxoro va Dabusiya lashkarlari yana birlashib dushmanni mag'lub etadi.
Shunda Qutayba avval Dabusiyani bo'ysundirmasa, Buxoroni ham, Samarqandni ham ololmasligini anglab etadi. Shuning uchun ham keyingi mag'lubiyatdan so'ng kuch to'plab, Dabusiya qal'asiga hujum qiladi. Bir necha kun davom etgan qaqshatqich to'qnashuvlardan so'ng Qutayba qal'a devorlarining mustahkamligi, himoyachilarining mohir chavandoz, o'tkir merganliklariga tan beradi. Kamon o'qlari va qilich tig'lariga kuchli ta'sir etuvchi zahar surtilganligi bois, undan jarohat olgan yog'iylar darhol halok bo'lardi. Shunda Qutayba qal'ani qamal holatida saqlashga qaror qiladi. Qal'aga kirib-chiquvchi yashirin yo'llar, chashmalardan sopol quvurlar orqali suv oqib kelishi, maxsus omborlarda oziq-ovqatlar saqlanishini dushman bilmagan. Bu erda besh yilgacha etadigan quritilgan go'sht, mevalar, don ulkan sopol ko'zalarda saqlangan.
Arablar qo'liga asir tushib qolgan dabusiyaliklar sir olish uchun juda qattiq qiynoqqa solingan. Asirlar xoinlikdan ko'ra mardlarcha o'limni afzal bilib, o'z tillarini tishlab uzib tashlaganlar.
Nihoyatda tang ahvolda qolgan Qutayba qal'a atrofidagi qishloqlar aholisini qatl qilishga farmon beradi. Shundan keyin qal'a mudofaachilari soni keskin kamayib boradi. Ular o'zlarini o'limga mahkum etsalar-da, taslim bo'lishmaydi. Shundan keyingina bosqinchilar himoyasiz qolgan qal'aga bostirib kirganlar.
Qal'a hududida olib borilgan ilmiy izlanishlar jarayonida topilgan ish qurollari, ro'zg'or buyumlari, hunarmandchilik uskunalari, ovchilik va chorvachilik qurollari sifati, pishiqligi, ixchamligi va tashqi ko'rinishi bilan ancha taraqqiy etganligidan dalolat beradi. Hatto, qal'aning butun hududiga sopol quvurlar yotqizilib, kanalizatsiya tizimi yaratilgan, toza ichimlik suvi ta'minoti yo'lga qo'yilgan.
Tarixiy manbalarni varaqlar ekanmiz, bir paytlar bu ko'hna kent ne-ne fotihu jahongirlarni ko'rganiga amin bo'lamiz. Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk ajdodlarimiz bu maskanga qadam ranjida qilishgan. Ehtimolki, Samarqandda umrining eng navqiron damlarini kechirgan Hazrat Navoiy ham bir muddat Dabusiyada to'xtab o'tgan, balki mana shu kengliklarda turib, o'zining malohat va nazokatga boy baytlarini bitgandir?
Dabusiyada tug'ilgan allomalar ichida eng mashhuri faqih, qozi Abu Zayd Ubaydullo ibn Umar ad-Dabusiydir. Ul zot Buxoroning etti mashhur qozisidan biri, hanafiy mazhabining yirik vakili va peshvosi bo'lganlar. Abu Zayd ad-Dabusiy 978 yili Dabusiyada tavallud topgan va shu erda ulg'ayib mashhur allomalardan ta'lim olib, fiqh ilmining bilimdoni bo'lib etishgan.
Dabusiy nisbasi bilan tanilgan yana o'nlab allomalar nomi va asarlari bizgacha etib kelgan. Bu esa, Dabusiya qadimiy madaniyat va ma'rifat beshiklaridan biri bo'lganini yana bir karra tasdiqlaydi.
Dabusiya asrlar davomida barqaror, mustahkam qal'a sifatida mavjud bo'lgan. Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar singari sulolalar davrida ham Dabusiya o'z strategik ahamiyatini yo'qotmay kelgan. O'n to'qqizinchi asrning birinchi yarmida, Buxoro hukmdori Amir Haydar davridan boshlab, qal'a Ziyovuddin nomini olgan. Dastlab, Dabusiya va Ziyovuddin atamalari teng qo'llangan bo'lsa, keyinchalik, Dabusiya atamasi iste'moldan chiqib ketgan. O'sha paytlarda Ziyovuddin ham qal'a nomi, ham Buxoro amirligidagi viloyat nomi sifatida qo'llangan. Bugungi Paxtachi tumani markazi – Ziyovuddin shahri esa, tarixiy Dabusiyadan 7-8 chaqirim masofada joylashgan.
Dabusiya nima sababdan huvillab qolgani, odamlar bu hududni tashlab ketgani haqida ham aniq ma'lumotlar yo'q. Bu holni ko'pchilik qal'adan bir necha chaqirim masofda, bugungi Paxtachi tumani markazida yangi Ziyovuddin shahrining yuzaga kelishi, ahlining ko'pchiligi shu erga ko'chib kelishi bilan izohlashadi.
Ha, bugun bu tarixiy hududda ana shu devor parchalariyu, yagona obida Bahra ota maqbarasidan bo'lak inshootni uchratmaysiz. Mazkur inshoot o'rta asrlarda qad rostlagan bo'lib, unda bir paytlar shu hududda yashab o'tgan ulug' allomalardan birining xoki yotibdi.
Ko'hna Dabusiya kengliklar uzra yana bir oqshom cho'kmoqda. Bu maskanni tark etarkanmiz, dilimizdan o'tayotgan xazin, tushuniksiz tuyg'ular o'z-o'zidan quyma satrlarga aylanadi.
Bunda har bir qadam – asrlarga teng,
Har zarra mangulik, erk nishonasi.
Qadim Dabusiya – ko'hna tarixning
Yangi dunyodagi elchixonasi...
Rustam JABBOROV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Milodiy XV asrning yarmiga qadar yer yuzida insonlarni hidoyatga boshlovchi, ularga ilm o‘rgatib, ruhiy tarbiya beruvchi, ichki olamiga go‘zal naqshlar soluvchi, hidoyat mayoqlari bo‘lgan ulamolar, tariqat va tasavvuf murshidlari ko‘p edi. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular birin-ketin boqiy dunyoga rihlat qildilar. Ularning vafotlaridan so‘ng insonlarni nur yuzli zotlarni ko‘rmaslik qo‘rquvi chulg‘ab oldi.
Alloh taoloning va’dasi – haq, bunga aslo shak-shubha yo‘q. Buyuk Robbimiz hech qachon habibi Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ummatini yordamsiz qoldirmaydi. Darhaqiqat, shunday bo‘ldi ham. Musulmon olami G‘arbiy Panjobdagi Jhang shahridan ufqqa hidoyat mayog‘i bo‘lib ko‘tarilgan oyni ko‘rdi. Uning nuri juda tezlik bilan butun ufqni yoritdi. Qaqrab yotgan dillar rahmat bulutining yomg‘iridan qonib-qonib icha boshladi. Qo‘rquv va noumidlik o‘rnini ishonch va umid egalladi. U ulug‘ zot ulamolar va solihlar suyuklisi, shariat va tariqat piri hazrat Mavlono Pir Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy Mujaddidiy edi.
Tavallud topishlari va yoshlik yillari
Hazrat 1953 yil 1 aprelda Hindistonning Panjob viloyati Jhang shahrida tug‘ilgan. Otasining ismi Alloh Deyeta hofizi Qur’on bo‘lib, Alloh roziligi uchun Qur’ondan dars berardi. Har kuni tahajjuddan keyin Qur’oni karimdan 3-4 pora tilovat qilish odati bor edi. Hazratning volidasi ham obida, soliha, taqvodor ayol edi. U zot onalarini bunlay xotirlaydi: “Men uch yoshimgacha onam bilan birga uxlardim. Kechalari uyg‘onib qolsam, volidam oldimda bo‘lmas edi. Har gal onamni joynamoz ustida tahajjud namozini o‘qiyotganini ko‘rardim. Onam namozini tugatishini ancha kutardim. Namozdan so‘ng yig‘lab uzoq duo qilardi. Onamning tahajjud namozida yig‘laganidek birovning bunchalik ko‘p yig‘laganini ko‘rmaganman. Ba’zan mening ismimni tilga olib, duo qilardi, bundan juda xursand bo‘lib uxlar qolar edim.
Boshlang‘ich ta’lim va tarbiya
Hazratning ta’lim va tarbiyasida u zotning akasi Malik Ahmad Alining hissasi katta bo‘lgan. U kishi qattiqqo‘l va mehribon edi. Hamisha ukalarini yomon xulqli bolalar bilan do‘stlashish va suhbatlashishdan uzoq qilgan.
Mavlono Zulfiqor Ahmad maktab va kollej darslaridan tashqari, Qur’oni karimni to‘liq yod olib, Qur’on hofizi bo‘ldi. Fors va arab tilidagi asarlarni, sarf-nahv (arab tili grammatikasi)ni, ayniqsa, hadisi sharifga doir bir qancha kitoblarni qunt bilan o‘qidi.
Ilohiy muhabbat otashi
Bu davrga kelib hazrat “G‘unyatut tolibiyn”, “Kashful mahjub” va shu kabi kitoblarni o‘qib, juda qattiq ta’sirlanadi. Qalbida muhabbat uchqunlari alanga ola boshlaydi.
Hazratga Shayxul Hadis Mavlono Zakariyo rahmatullohi alayhning “Fazoili zikr” nomli kitobida kelgan bir voqea juda qattiq ta’sir qiladi. Ushbu hikoyada Sirri Saqatiy rahmatullohi alayh aytadi: “Men Jurjoniy hazratlarini quruq talqonni chaynamasdan tanovul qilayotganini ko‘rdim. Shunda men “Axir, bu quvvat bo‘maydi. Non yesangiz-chi”, dedim. Shunda u zot: “Nonni chaynash va talqon yeyish uchun sarflanadigan vaqtni hisoblab chiqib, juda ko‘p vaqt isrof bo‘lishini bildim. Bu vaqtda yetmish marta “Subhanalloh” deb zikr qilish mumkin. Shu bois, yetmish yildan beri non yemayman”, deb javob beradi.
Bu voqea hazratning hassos tabiatiga shu darajada ta’sir etadiki, u zot ertayu kech, har holatda “Subhanalloh” zikrini tilidan tushirmaydi. Buning natijasida hazrat o‘ziga kamgaplik, oz yeyish, kam uxlashni odat qildi. Hazrat ikki yarim yil “Subhanalloh” zikrini tilidan qo‘ymadi. Ikki yil davomida har kun hojat namozini o‘qib Allohdan: “Yo Ilohiy, biror-bir komil piri murshidga uchrashtirgin, uning suhbatini menga nasib etgin”, deb duolar qildi.
Ilohiy rahmat jilvasi
Alloh taolo hech qachon xolis duoni rad qilmagan, qilmaydi ham. 18 yoshida hazrat bilan bog‘liq ajoyib voqea yuz berdi. Mavlono Zulfiqor Ahmad masjidda e’tikofda edi, tahajjud namozidan so‘ng zikrlardan forig‘ bo‘lgach, tong otishiga chamasi bir soatcha vaqt qolganda, joynamoz ustida uxlab qoladi va tushida hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuni ko‘radi. U zot barmoqlarini hazratning qalbga qo‘yib, “Alloh…”, “Alloh…” “Alloh…”, deydilar. Hazrat uyg‘onib ketadi, butun badani esa titrar edi.
Ustoz tutishlari
Bu voqeadan so‘ng hazrat namoz, zikr, tilovatlarida ajib bir lazzat tuya boshlaydi. Qalbi qattiqroq, lekin yoqimli tarzda ura boshlaydi. Hatto bir necha kun ko‘kslarini bog‘lab yuradi. Oxiri universitetdagi do‘stlari Janob Muhammad Aminga bo‘lib o‘tgan voqeani aytib beradi. U kishi Lohurga borib, Shayx Vajihuddindan maslahat oladi. Unga piri komil Abdulloh rahmatullohi alayhga xat yozishni tavsiya qilishadi. Xatga bir necha kundan keyin bunday mazmundagi javob keladi: “Ma’lum bo‘lgan narsa shuki, sizning qalbingiz ravshan bo‘libdi. Darhol bir ustozdan ta’lim oling, Alloh taolo siz bilan yuz minglab insonlarni hidoyatga boshlaydi. Agar ustoz tutmasangiz, la’natlangan shayton sizni fitnaga solishi mumkin”.
Bu xatni o‘qigach, hazrat Zulfiqor Ahmad o‘sha davrning mashhur naqshbandiya tariqatining Shayxi Mavlono Sayyid Zavvor Husayn Shoh rahmatullohi alayhning huzuriga borib, u zotni ustoz tutib, ta’lim oladi. Ustozlari vafotidan so‘ng, o‘sha davr naqshbandiya tariqatining yetuk murshidi hazrat Xoja G‘ulom Habibdan ta’lim olishni davom ettiradi.
1983 yil ustozidan xalfalik maqomini oladi va naqshbandiya tariqati asosida insonlarga ta’lim bera boshlaydi. Natijada naqshbandiya tariqatining yetuk shayxlaridan biriga aylanadi.
Albatta, avliyolarning karomatlari haqdir. Bundan bir necha yil oldin Xoja Mavlono Abdulloh: “Alloh sizni sababchi qilib yuz minglab insonlarni hidoyatga boshlaydi”, degan edi. Hozirgi kunda Shayx Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazratning shogirdlari va izdoshlari million nafardan oshib ketdi.
Hazrat zamonamiz muammolarini naqshbandiya tariqatining ta’limotiga ko‘ra, mohirona va zamonaviy misollar bilan tushuntirib beradi. Shayx hazratning nutq va ma’ruzalari diltortar bo‘lib, ruhiy tarbiyani isloh qilishga qaratilgan. Hazratning ma’ruza va suhbatlarini insonlar ko‘zda yosh bilan tinglab, gunohlariga chin ko‘ngildan tavba qilishadi. Eng muhimi, hayotda sunnatga amal qilishni odat tusiga kiritishadi.
Shayx Zulfiqor Ahmad hazratning asarlari kitobxonlar orasida qo‘lma-qo‘l, sevib mutolaa qilinadi. U zot diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallagani, bir necha xorijiy tillarda bemalol ma’ruza qilishi tufayli XXI asrda naqshbandiya tariqati ta’limotlarini nafaqat Osiyo, balki Yevropa va AQSHda ham keng targ‘ib qilmoqda. Hazrat yetmishdan ortiq mamlakatlarga, xususan, bir necha marta O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan. U zot safarlarini xotirlab “Lohur se to xake Samarqandu Buxoro” (Lohurdan Samarqand va Buxoro tuproqlarigacha) nomli kitob yozgan.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazrat Xoja Muhammad Abdulmolik Siddiyqiyning Qur’on hofizi bo‘lgan kichik qizlariga uylangan. Ulardan ikki o‘g‘il: Mavlono Pir Habibulloh Naqshbandiy va Mavlono Sayfulloh Naqshbandiy dunyoga kelgan.
Ta’lim olgan joylari
– 1967 yil – o‘rta maktab
– 1971 yil – Panjobda o‘rta maxsus ta’lim (kollej)
– 1976 yil – Lohurda elektr muhandisligi ixtisosligi
– 1990 yil – Shvetsiyada o‘z sohasi bo‘yicha malaka oshirgan
Diniy ta’lim yo‘li
– Otasidan Qur’onni to‘liq yod olgan.
– Jomiya Rehmaniya Jahaniya Mandi universitetida hadis fanidan to‘liq hadis davrasida bilim oldi.
– Jomia Qasim ul-ulum Multan universitetida ham hadis fanidan to‘liq hadis davrasida ishtirok etdi.
– 1971 yil Naqshbandiya tariqati va tasavvuf ta’limotidan Shayx Mavlono Sayyid Zavvor Husayn Shoh rahmatullohi alayhdan saboq oladi.
– 1983 yil Naqshbandiya tariqati va tasavvufdan hazrat Xoja G‘ulom Habib rahmatullohi alayhdan ta’lim oladi.
Yozgan kitoblari
“Ilohiy ishq”, “Ishqi Rasul”, “Habibimiz hayotlari”, “Suluk darajalari”, “Suluk maqomotlari”, “Naqshbandiya tariqatining zikrlari”, “Naqshbandiya shayxlari silsilasi”, “Dil davosi”, “Qalb xotirjamligi”, “Foydali ilm”, “Namunali ayol”, “Gunohlardan qanday saqlanamiz?”, “Erkak kamolotida ayolning o‘rni”, “Noumid bo‘lmang”, “Imonning ahamiyati”, “Qalbni poklash usullari”, Mag‘firat qilinish shartlari”, “Ayollar uchun islohiy tarbiyalar”, “Turmushning namunali ko‘rinishi”, “Muslima ayollar uchun yo‘riqnoma”, “Tasavvuf va suluk”, “Odobli nasibalidir”, “O‘limga tayyorlanish”, “Lahurdan Buxoro va Samarqand tuproqlarigacha”, “Islomning ayollarga mehribonligi”.
Xulosa o‘rnida shunday deyish mumkin, insoniyat taraqqiyoti tarixida shunday shaxslar bo‘lganki, ularning faoliyati mahalliy, madaniy hudud chegarasidan tashqariga chiqibgina qolmay, balki davrlar chegarasini yorib o‘tib, g‘oyalar rivojlanishida umumjahon jarayonining bir qismiga ham aylangan. Ularning asarlari barcha nodir hodisalar singari avval o‘tganlar tajribalarni eng qimmatli tomonlarini o‘zida gavdalantiradi, jamiyat ilmiy fikri hamda ma’naviy madaniyatning keyingi ko‘p asrlarda sodir bo‘ladigan olg‘a harakatini belgilab beradi. Mana shunday buyuk siymo bu so‘zsiz shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiydir.
Nodir Odinayev