Men u salafiyga mujtahid olimlar imom Abu Hanifa, Molik, Shofe'iy va Ahmad rahimahumullohning bir masala haqidagi qavllarini aytdim.
U bo'lsa:
- Siz menga bu masalada Alloh ne degan va Allohning Rasuli ne degan?, shuni ayting, dedi.
Men unga bunday dedim: Bu to'rtala imom bu masala haqidagi hukmni Tavrot yoki Injildan olishmagan. Ular aynan Qur'on va Sunnatdan olishgan. Bu masaladagi ixtiloflari, ya'ni turlicha qavl aytishlari sababi esa, oyat va hadisni turlicha fahmlashlaridir!
(Sahobalar ham bir oyat yoki hadisni turlicha fahmlashgan).
Sening bu fikring esa sathiy, faqat zohiriy e'tiborda, ko'rinishda haq bo'lsada aslida o'ta xatarli va aldamchidir…
Doktor Abdulfattoh Yofi'iy.
————
Hozirda hukmni Qur'on va Sunnatdan olamiz deya odamlarni aldayotgan, ularni ixtilofga solayotgan toifalar bor.
Ularni eshitsangiz gaplariga qoil qolasiz, ammo chuqurroq o'rgansangiz asl basharalari ochilib yolg'onlari fosh bo'lib qoladi.
Ular fikricha Imom Abu Hanifa, Molik, Shofe'iy va Ahmadlarga emas, Qur'on va Sunnatga ergashish lozim ekan.
Go'yo bu mujtahid imomlar oyat va hadisdan emas, Tavrot va Injildan hukm olishgan ekan.
Nauuzu billah! Shunaqalardan bittasi bilan bir soat bahs qildik, rosa tortishdi, oxirida esa keling endi siz kitobingizni o'qing desak, men arabcha o'qiy olmayman dedi…
Ba'zilari oyat va hadisdan olmayapti, deya dod solishadi, ammo o'zlari esa Qur'on o'qishni ham bilishmaydi…
Azizlar ko'zingizni oching. To'rtala mazhab egalari ham aynan Qur'on va sunnatdan hukm olganlar va ularning o'zlari salafi solihlardan bo'lishgan.
Hozirdagi bu toifalar esa, o'zlari va ergashgan ulamolari salaflardan emas, ammo odamlarni salaflarga ergashamiz deya aldashyapti, ha ha aldashayapti.
Ular ergashgan ibn Taymiya, ibn Abdulvahhob, Alboniy, Ibn Boz, Favzon kabi olimlar aslo salafi solihlar emas. Aksincha, eng avvali ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 600 yil keyin yashagan.
To'rtala imom Abu Hanifa, Molik, Shofe'iy va Ahmadlar esa ayni sahobalar, tobeinlar va tabaa tobeinlar davrida yashashgan va ular aynan salafi solihlardir.
Endi oz bo'lsada tushuna oldingizmi?
Aslida salafi solihlarga aynan to'rt mazhabdan birini tutgan inson ergashgan hisoblanadi!
Ularni da'volari juda zo'r, ammo aslida yolg'on!
Aldanishni bas qiling!!!
(oralaridagi solih va aql sohiblari mustasno)
Sunnatulloh Abdulbosit
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV