Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Beruniyning dorivor o'simliklar haqidagi asarini bilasizmi?

24.05.2022   2702   4 min.
Beruniyning dorivor o'simliklar haqidagi asarini bilasizmi?

Buyuk allomalarimiz ijodini o'rganamiz

Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Al Beruniyning (973-1048y.) asarlari ming yildan buyon jahon ilm ahliga mukammal darslik va qo'llanmalar vazifasini o'tab kelmoqda.

Olimning “Hronologiya”, “Hindiston”, “Geodeziya”, “Mineralogiya” va “Mas'ud qonunlari” kabi asarlari bir muncha to'liq o'rganilgan. Biroq Beruniyning so'nggi asari bo'lmish “Kitab as-saydana fi-t-tibb” (“Tibbiyotda farmokognoziya kitobi”) asari etarli o'rganilgan emas. Uning yagona asl nusxasi 1927 yilda Turkiyaning Bursa shahrida topilgan va o'sha erdagi kutubxonada saqlanadi.

Fors tiliga tarjima qilingan nusxasi esa 1899 yilda Hindistonning Lakxnau shahrida topilgan bo'lib, hozirda Britaniya muzeyida saqlanadi. “Saydana”ni rus tiliga olim Ubaydulla Karimov o'girgan bo'lib, “Fan” nashriyotida 1973 yilda nashr etilgan “Beruniy” tanlangan asarlarining IV jildini tashkil etadi.

“Saydana” farmokognozik asar bo'lib, tibbiyotning quroli sanalmish dori-darmon tayyorlanuvchi vositalar haqidagi ma'lumotlar yig'indisidir. Farmakognoziya grekcha “dori” va “bilim” ma'nolarini anglatuvchi so'zlardan iborat. Nabotot, hayvonot va ma'danlardan olinadigan dorivor vositalar haqidagi ilmiy fandir.

“Saydana” o'sha vaqtlari mavjud bo'lgan dorishunoslik tarixi bo'yicha yozilgan eng qimmatbaho manba hisoblanadi. Olimning bu asari Ibn Sinoning “Tib qonunlari”dan keskin farq qiladi. Ibn Sino dorivor vositalarning tarkibini, xususiyatlarini hamda kasallikka ta'sirini, dorivor vositalardan dorinoma bo'yicha malham, ichimlik, dori tayyorlashni aniq yozgan.

Beruniy esa o'z asarida ana shunday dorivor vositalarning turli tillardagi muqobillari, hatto ayrim shevalardagi nomlarini ham keltirib o'tgan. Chunki, o'sha vaqtlarda birgina dorining turli nomlari bor va (yoki) bitta atama turli dorilarni anglatar edi. Bu haqda Beruniy shunday bir hikoyani misol keltiradi: “Dorilarning turli tillardagi nomlarini aniq bilish inson uchun foydalidir. Mening esimda, xorazmlik bir amir kasal bo'lib qolganida uning davosi uchun Nishopurdan dorinoma jo'natadilar. Lekin dorishunoslar, hakimlar dori tarkibining bir qismini hech topa olmaydilar. Nihoyat, bir odamda borligini eshitib, dorivorning o'n besh dirhamini besh yuz dirham toza kumushga sotib olishadi. Harid qilingan modda gulsafsar ildizi ekan. Tabiblarning jahli chiqib, sotuvchiga ta'na qilishadi. Shunda u: “Sizlar dorivorning nomini bilmadingiz, lekin aslida shuni so'radingiz” deya javob beradi.

Beruniy goho muammolar keltiradigan bu kabi chalkashliklarni bartaraf etish maqsadida o'z asarida nabotot, hayvonot, ma'dan va ulardan olinadigan taxminan 4500 ta dorivor vosita haqida ma'lumot berib, ularning arabcha, suryoniy, so'g'diycha, forscha, xorazmcha, turkcha va boshqa tillardagi nomlarini keltirish bilan birga, o'sha davr dorishunoslik atamashunosligiga katta hissa qo'shgan. Olim goh u atamaga, goh bu atamaga izoh berish jarayonida tibbiyotga daxldor talay ma'lumotlarni ham berib o'tganki, bu asarning ko'pqirraligini ta'minlagan.

Muallif 2000 yillik davrda yashab o'tgan tabiblaru hakimlar va dorishunos olimlar, tabiatshunoslardan 250 nafarining asarlaridan foydalangan. O'rni kelganda, maqollar, she'riy parchalardan ham misollar keltirib, atamalarning ma'no qirralarini yoritishga erishgan. Dorivor moddalarni izohlar ekan, ularning shifobaxshlik xususiyatlarini ham ochib berishga intilgan: “Havorang gulli ayiqtovon o'simligi bavosilga davo bo'ladi, qizil gullilari esa bavosilni kuchaytiradi... Bo'tako'zning damlamasi yara-chaqalarga malham bo'ladi. Lekin hakimlar bo'tako'zning mijozini sovuq va ho'lga tenglashtirishadi. U holda yaralarga malham emas, tinchlantiradigan vositadir. Qubiyun toshi o'tkir ta'mli hidga ega bo'lib, u yiringni tortib oladi”.

Beruniy va undan oldingi davr tibbiy atamalari shu dorivor olinadigan mahsulot nomiga, kasallik nomiga va dorining xususiyatlariga nisbatan ifodalangan. Bu xizmatlar o'tmish tabiblarimiz va tabobatga oid fanning xalqchilligini va amaliyotda qo'llashning qulayligini ta'minlaydi. “Saydana”da bu atamalarning bir necha tillardagi muqobillari va sinonimlari berilishi tabobat ilmini umumjahon ahamiyatiga molik qilgan. Ulug' alloma Abu Rayhon Beruniyning buyuk tarixiy xizmati ham ana shunda.

Muharrama Pirmatova

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

21.07.2025   3065   1 min.
Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
•  Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
•  Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
•  Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.

Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab  (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.

Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.