To'rt yarim oy ichida Qur'onni to'liq holda qo'lda yozgan misrlik talaba qiz taqdirlandi.
Hojar Abdul Rauf Abdul Halim Al-Azhar islom universiteti talabasi.
Islam.ru xabariga ko'ra, u butun Qur'onni xattotlikda qayta yozgan birinchi qizdir.
Bu talabaning Qur'on bo'yicha navbatdagi yutug'i hisobanadi. Chunki u Qur'onni to'liq yod olgandan so'ng bu ishga astoydil kirishgandi va qisqa vaqtda u orzusini ro'yobga chiqara oldi.
Hojar otasining ko'magi bilan bor-yo'g'i to'rt yarim oy ichida Qur'onni usmonli yozuvida yozishga muvaffaq bo'ldi.
Uning so'zlariga ko'ra, bu ish jamiyatdagi xotin-qizlarga namuna bo'lish uchun qilingan.
Chiroyli ovozda Qur'on tilovat qiladigan Hojar Al-Azhar Islom tadqiqot assambleyasidan ruxsat olib, san'at asarini nashr etmoqchi ekanini aytadi, ta'kidlaydi azon.uz.
Yaqin orada u ruxsat olish uchun Al-Azhar rahbari shayx Ahmad al-Toyib bilan uchrashmoqchi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati