— Halq orasida: “O'rgimchak (shu jumladan chayon) tushgan suvni agar u suv to'la idishga tushgan bo'lsa, butunlay hammasini to'kib tashlash kerak, it yalagan suvni ichib bo'lmaydi, kaltakesak odam terisiga tegsa, 40 marta yuvinish kerak, degan gaplar bor. Shular rostmi?
— Bu gapning qayerdan kelib chiqqani noma'lum. Jumhur ulamolar, shu jumladan hanafiylar ham o'rgimchak, ari, suvarak va kapalaklar singari qonsiz hasharotlar idishdagi suv yoki taomga tushsa, hatto taomning qaynoqligi sabab o'lsa ham, suv yoki taomni najosat qilmaydi, deyishgan. Shuningdek, bu kabi hasharotlar tushgan suvni ichish yoki tahorat va g'usl kabi ibodatlar uchun ishlatish ham joiz. Bunga Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisdagi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari dalil bo'ladi: “Agar birontangizning ichimligiga pashsha tushgudek bo'lsa, pashshaning hammasini botirib, so'ng olib tashlasin. Zero, uning bir qanotida kasallik bo'lsa, bir qanotida davo bor” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ulamolar bunday deydilar: “Ushbu hadis agar suvga yoki biron suyuqlikka pashsha tushib, o'lsa, uni najosat qilmasligiga nihoyatda ochiq dalildir. Bu aksar ulamolar, shu jumladan hanafiylarning ham fikridir. Alloma Ibn Nujaym: “Pashsha to'g'risidagi mazkur hukm asalari, o'rgimchak va shu kabi oqar qoni mavjud bo'lmagan hasharotlarga ham tegishli bo'ladi”, degan (Bahrur-roiq).
Ibn Qudoma shunday deydi: “Agar pashsha, chayon, qo'ng'iz va shunga o'xshash oqar qoni bo'lmagan hasharotlar ozgina suvga tushib, o'lsa, suvni najosat qilmaydi” (Al-mug'niy).
Lekin kishi o'z tabiatidan kelib chiqib, chayon yoki shunga o'xshash hasharot tushgan ichimlikni iste'mol qilish yoxud undan foydalanishni istamasa ixtiyori o'zida.
Muhammad Ayyub domla Homidov