O'zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ko'magida Turkiya Din ishlari boshqarmasining mas'ul xodimlari, ulamolar va ushbu davlatda keng yoyilgan Naqshbandiya tariqatining faol a'zolaridan iborat delegatsiya Samarqand shahriga jo'nab ketdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Bosh konsulxona vakillari 140 nafar bo'lgan turkiyalik ziyoratchilarining tashriflarini tegishli vazirlik va hokimiyatlar bilan ishlab chiqdi va ularga tegishli konsullik yordamini ko'rsatdi.
Turkiyalik ziyoratchilarni kuzatish tadbirida O'zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsuli Amirsaid A'zamxodjayev mamlakatimizning o'ziga xos xususiyatlari, tarixiy shaharlar va ziyoratgohlarda sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma'lumot berdi.
O'z navbatida, turkiyalik ziyoratchilar mamlakatimiz hukumati tomonidan sayyohlik sohasini, xususan «ziyorat turizmi»ni rivojlantirishdagi sa'y-harakatlarini, turkiy millatlarning ota yurti bo'lgan O'zbekistonning boy tarixi, qadriyatlari va madaniyatini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlarni e'tirof etdilar.
– O'zbekistonga turkiyalik taniqli olimlar va faollarni olib ketayapmiz, - dedi «Yesevitur» sayyohlik agentligi rahbari Mehmet Kaya. – Dasturimizdan qadimiy Samarqand shahrining mashhur Registon maydoni, Shohi Zinda ansambli va boshqa muqaddas ziyoratgohlarga safarlar o'rin olgan. O'zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga ushbu turni tashkil etishdagi ko'magi uchun minnatdorlik bildiramiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbuslari bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati va qoziyotga qarashli barcha masjid imom-xatiblari tomonidan nuroniy keksalar, mehnat faxriylari hamda yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olindi. Tadbir doirasida muhtoj oilalarning turmushini yengillashtirish maqsadida bir oilaga zamonaviy quyosh paneli o‘rnatib berilib, qo‘shimcha bayram sovg‘alari topshirildi. Bunday xayriya tashabbuslari jamiyatda o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti