Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2026   |   23 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:30
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2026, 23 Ramazon, 1447

E'tiqodimizni himoya qilish vaqti...

23.05.2022   1445   10 min.
E'tiqodimizni himoya qilish vaqti...

Bugungi kun uchun g'oyat dolzarb hisoblangan soxta salafiylar masalasi va ular ilgari surayotgan iddaolar xususida o'z fikrlarimni bayon etishni lozim topdim. Sizga ma'lumki, bid'at ahlining eng ko'zga ko'ringan namoyondalari, bu soxta salafiylardir. Bu oqim vakillari ahli sunna val jamoa imomlari, moturudiy va ash'ariy ulamolarga ta'na toshlarini otish, ularni obro'sizlantirish yo'lidan borishmoqda. Oqibatda ummat orasida ahli sunna val jamoa ulamolari shaxsiyatlariga nisbatan noto'g'ri taassurot paydo bo'lmoqda.

Aslida buning sababi nimada? Tarixda bu kabi harakatlarni kimlar, qanday toifalar amalga oshirgan? Hozirda bo'layotgan mazkur buzg'unchi harakatlarning ildizi qayerda?.. Avvalo, shular xususida aytib o'tsam...

Ha, bunday “taftishchilik”, dunyo tan olgan allomalar ilgari surgan g'oyalarni inkor qilishga urinishlar bugun paydo bo'lib qolgan hodisa emas. Uning ildizlari necha asrlar nariga boradi. Masalan, Islom olamida Hujjatul islom deb tan olingan Imom Abu Homid G'azzoliyga (1058-1111) qilingan bo'htonlar yoki Imom Faxriddi Roziy (1149-1209) va Imom ibn Furok (941-1015) rahimahullohlarga qilingan yolg'on va tuhmatlarni misol qilib keltirsak bo'ladi. Imom Abu Bakr ibn Furok davrida oddiy xalq ahli bid'at ta'siriga tushib qolmasin uchun karromiylar, hashaviylar va mujassimalar bilan avom xalqning huzurida ochiq bahslar qilinar edi. Bunday bahs qilish ahli sunna val jamoa tarafdorlarining uslubi hisoblanadi. Hozirgi zamonga kelib esa ahli sunna val jamoa ulamolari va ularning shogirdlarida sof aqidani saqlash va uni tarqatishda, ahli bid'atga raddiya berishda sustkashlik sezilmoqda.

Imom Ash'ariyning ahli bid'atga qarshi qilgan ishlari va aytgan so'zlari bizga ibrat bo'lishi kerak. U zot mu'taziliy va karromiylar bilan to'g'ridan-to'g'ri ularning majlislariga kirib borib bahslar qilar va ulardan bahs qilishni talab qilar edilar. Imom Ash'ariy: “Hozirda bu mu'taziliylar minbarlarni egallab hukmronlik qilib turishibdi, ular o'z minbarlaridan toki biz ularni oldiga chiqmagunimizgacha ular bizning oldimizga tushmaydi”, deb aytganlar.

Huddi shu kabi ishni keyinchalik Imom Ash'ariyning shogirdi Ibnu Furok ham davom ettiradi. Raqiblar Ibnu Furok bilan ilmiy bahs olib bora olmaslikka ko'zlari etgach, uning ustidan hukmdor Mahmud ibn Subuktekinga shikoyat qilib borishadi. Turli xil tuhmat gaplarni aytishadi. Go'yoki  Ibn Furok Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning nubuvvati u Zot bu dunyodan ko'z yumganlaridan keyin tugaganligi va insonlar unga amal qilmasligi lozimdur, deb aytgan emish. Mahmud Ibn Subuktekin Ibn Furokdan g'azablanib, uni o'z huzuriga chaqirtiradi. Ibn Furok ushbu tuhmatlarni ash'ariy olimlar keltirgan dalillar bilan puchga chiqaradi va Mahmud Ibn Subuktekin tomonidan turli xil hadyalar bilan taqdirlanadi. Ammo shundan so'ng o'sha mujassimalar unga suiqasd uyushtiradilar, olimni zaharlab o'ldirishadi.

Imom Ibn Furok mutashobeh hadislar haqida yozgan kitoblari, usul va tafsirlari bilan mashhurdirlar.

Har bir asrda ahli sunna val jamoa ulamolari chiqib, o'shanday bid'at ahllariga o'zlarini ilmiy raddiyalarini berib kelishgan. Hozirda ham, ayniqsa, soxta salafiylar (vahhobiylar) o'tmishda o'tgan va hozirda faoliyat ko'rsatib kelayotgan ahli sunna ulamolarini kamsitib, odamlar nazdida ahamiyatini tushirish uchun harakat qilmoqda. Masalan, Imom G'azzoliyni yozgan asarlarida, “Ihyo ulumud din” kitoblarida zaif hadislarni ko'p keltirgan, deb malomat qilishadi.

Ho'p, savol tug'iladi, Imom G'azzoliy mazkur kitoblarini sahih hadislarni to'plash uchun yozganmilar yoki kitoblarini nomini “Ihyodagi sahih hadislar” deb nomladilarmi? Yo'q, albatta, unda Hujjatul Islom qayerdan bunchalik hujumga uchraydilar?! Imom Bayhaqiyning “Shua'bul iymon” sahih to'plamlarida ham ko'plab zaif hadislar mavjud. Undan tashqari, boshqa muhaddis olimlar ham hadis to'plashda faqatgina sahih hadislarni emas, balki zaiflarini ham to'plashni maqsad qilganlar.

Nega endi soxta salafiylar atayin Imom G'azzoliyga hujum qilishadi?! Javob aniq, chunki bu zot ash'ariy olimlardan hisoblanib, mujassimalarga ilmiy raddiyalarga to'la aqidaga oid asarlari bilan tanilganlar.

Shuning uchun ham siz mujassimalar tarafdorlarini u zotga nisbatan o'z g'azablarini to'kayotganini ko'rasiz. Ular “Ihyo ulumud din” nomli kitoblarini ko'p tilga olib, unda zaif hadislar ko'p deb gapirishadi.

Aytingchi, qaysi bir olim o'z asarida faqatgina sahih hadislarni ishlatgan, Imom Buxoriy va Imom Muslim kabi sanoqli olimlargina shu shart bilan hadislarni to'plaganlar. Imom Al-Iroqiy va shu kabi boshqa katta muhaddislar Imom G'azzoliyning “Ihyo ulumud din” kitobidagi hadislarni taxrij qilganlar. Ular ilmiy uslub bilan asardagi zaif hadislarni sahihlaridan ajratib berishgan, ular Imom G'azzoliyni kamsitishni maqsad qilishmagan, chunki bunday kamsitish yo'li haqiqiy olimlarning yo'li emas.

Aslida bir kitobning muqaddimasida men bu kitobda faqat sahih hadislarnigina keltiraman, deb shart qo'yilsa va kitob davomida zaif va to'qima hadislar keltirilsa, e'tiroz o'rinli bo'lar edi, ammo imom G'azzoliy bunday qilmaganlar. Ul zot mushabbiha va mujassimalarga qarshi  asarlar yozganlar, ulardan biri “Al-iqtisod fil e'tiqod” nomli asarlari. Undan tashqari adashgan falsafachilarga raddiyalar berib, ularning ilmiy salohiyatlarini  yo'qqa chiqarganlar.

Hozirda ba'zi bir zamondoshlarimizni Imom Faxruddin ar-Roziy sha'nlariga ham turli xil yolg'on va tuhmatlarni yog'dirayayotganlarini ko'ramiz. Buning sababi ham oddiy, agar bu buyuk olimning tarjimai hollarini o'rganib chiqadigan bo'lsak hammasini tushunib olamiz.

Imom Subkiy aytadilar: “Imom Faxriddin Roziy mushabbihalar va karromiylarni ta'qib qilib, ular bilan ochiq bahs qilganlar va ular bu kishidan qanday qilib qutulishni bilmaganlar, ular hattoki, bahs asnosida yig'lash darajasiga tushib qolishar edi”.

Imom Roziy ularga qarshi “Ta'sis attaqdis” asarini yozganlar va u kitobda karromiylar hamda mujassimalarga ilmiy raddiyalarni yozib qoldirganlar. U zot qayerga bormasin bu kabi ahli bid'atlarni bahsga chaqirib, tinch qo'ymas edilar. Ular ham o'z navbatida olimga suiqasdlar uyushtirishar edi, ammo bu kabih ishlari amalga oshmas edi.

Hozirgi kunda ham soxta salafiy namoyondalari Imom Roziy darajalarini tushirish, aqlni naqldan ustun qo'ygan deb va hattoki kufrda va dinsizlikda ayblash darajasiga borishmoqda.

Qisqa qilib aytganda, ular o'zlarining bobolari bo'lmish karromiy mushabbihalardan qolgan g'arazli meroslarini davom ettirib kelmoqdalar. Bu ularning uslubi hisoblanadi. Ular oddiy xalq orasida ushbu ishlarini o'zlarining botil aqidalarini singdirish maqsadida amalga oshiradilar.

Aksari odamlar esa ilmsizliklari oqibatida o'zi ishongan mav'izachi imomining aldovlariga laqqa tushaveradilar. Agar siz shu kabi insonning oldiga kelib, Imom Roziy yo Imom G'azzoliy haqida gap boshlasangiz, u tabiyki seskanib tushib, biz Qur'on va sunnatga ergashamiz, falsafa va kalomchilarning gapini gapirma deb sizdan nari ketishadi.

Mana shunday qilib, bu soxta salafiylar oddiy xalqni yo'ldan chalg'itishadi. Bu judayam katta qabih ish va uslub hisoblanadi. Mana shu sabab hozir oddiy xalq orasida Ash'ariy va Moturidiy kabi olimlar xususida yanglish tushunchalar shakllanmoqda. Buning sababi –  o'sha soxta salafiylar o'z da'vatlarini oddiy xalqqa qaratishgani va biz ilm ahllari esa etarli darajada ularga raddiya berolmayotganimizdir.

Shar'iy ilmlarni o'rganayotgan ilmi toliblar haqiqiy shaxs bo'lib, o'zining e'tiqodida mustahkam bo'lishi va o'tmishdagi buyuk imomlarimiz kabi o'zini namoyon qilish kerak. Chunki bu e'tiqod dalil va hujjatga asoslangan, salafi solihlar unga e'tiqod qilgan va hozirda ko'pchilik e'tiqod qilayotgan sog'lom e'tiqoddir, yuqorida nomi zikr qilingan mujassima va mushabbihalarning e'tiqodi emas.

Ammo hozirgi kunimizda bid'atchi bo'lmish soxta salafiylar ta'siriga tushgan ko'pchilik yoshlar xalq orasida ahli sunna val jamoa e'tiqodining asosi bo'lgan ikki maktab sohiblarini tortinmasdan, uyatsizlarcha kamsitib kelmoqdalar. Ular o'zlariga loyiq bo'lmagan, aslida haqiqiy olimlarga beriladigan minbarni egallab olib, ko'cha-ko'yda, internet ijtimoiy tarmoqlarida o'zlarini botil e'tiqodlarini tarqatib kelmoqda. O'tmishda ulamolar shunday holatlar sodir bo'ladigan bo'lsa, darhol ilmiy yondoshib, bu kabi fitnachilarning raddiyasini berar edilar.  

Shunday ekan, hozir ularga nisbatan jim turib kuzatib turadigan vaqt emas, ming yildan beri ota-bobolarimiz amal qilib kelayotgan e'tiqodni, to'rt mazhab sohiblarining haq yo'lini botildan himoya qilish, adashgan kimsalarni to'g'ri yo'lga qaytarish vaqtidir. Har bir ilm kishisi o'z oilasi, qavmu qarindoshlaridan boshlab qo'ni-qo'shni va yoru do'stlarini ham botil aqidadan  himoya qilishi vojib bo'ladi.

Alloh taolo butun dunyodagi musulmonlarni, xususan, yurtimizda yashab kelayotgan mo'min-musulmonlarni bunday zalolatlardan asrasin, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlasin.

Rustam Oxunjonov

Ko'kaldosh o'rta maxsus islom bilim yurtimuddarisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ramazon – pushaymondan oldingi oxirgi imkoniyatdir

11.03.2026   3044   5 min.
Ramazon – pushaymondan oldingi oxirgi imkoniyatdir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bizga muborak Ramazon oyi ro‘zasini farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar, Ramazon oyi kechalarini qoim qilishni sunnat qilgan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin.

Biz oddiy oylardan biri emas, balki juda ulug‘, fazilatlarga to‘la oyning oxirgi uchinchi dahasi – jahannam otashidan asraguvchi dahasidamiz. Ushbu muborak oy jannat eshiklari ochiladigan, do‘zax eshiklari yopiladigan oydir. Har kecha bir nido qiluvchi nido qiladi: “Ey yaxshilikni istovchi, kelgin! Ey yomonlikni istovchi, to‘xtatgin!”.

Bu muborak oy – Ramazon oyida insonlarga mehr bilan bunday deyiladi: Tavba qiling, o‘zingizni sarhisob qiling va umringizdan qolgan fursatni g‘animat biling. Chunki shunday bir kun keladiki, inson dunyoga qaytishni orzu qiladi, ammo uning orzusi qabul qilinmaydi va unga muhlat berilmaydi

Doktor Zag‘lul Najjor ushbu holatning dahshatidan yig‘lab bunday deydi:

“Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Agar sen ularni do‘zax oldida to‘xtatilganlarida ko‘rsang edi! Ular: «Do‘zax uzra to‘xtatib qo‘yilganda, «Oh, koshki edi (dunyoga) qaytarilsak, Rabbimiz oyatlarini yolg‘onga chiqarmaydigan mo‘minlardan bo‘lsak», deyishlarini ko‘rganingizda edi!” (An’om surasi, 27-oyat).

Ushbu ulug‘ qissa Qur’on karimda qiyomat kunining eng dahshatli manzaralaridan birini tasvirlaydi. Bu shunday manzaraki, uni tasavvur qilganda tanimiz jimirlab ketadi, qalblar qo‘rquvdan titraydi. Ular dunyoda Allohning oyatlarini inkor qilgan, payg‘ambarlarini masxara qilgan va Allohdan boshqasiga ibodat etgan kimsalar edi.

Qiyomat kuni esa ular jahannam yoqasida turib, o‘z ko‘zlari bilan o‘sha olovni ko‘radilar. Uning dahshatli ovozini eshitadilar, zanjirlar va kishanlarning shohidi bo‘lishadi, aql tasavvur qila olmaydigan azoblarni ko‘radilar.

Shunda qo‘rquv shunchalik kuchayadiki, qalblar halqumga kelib qoladi, nafaslar tiqilib ketadi. Ana o‘sha paytda bu gunohkorlar shunday bir orzu qiladilarki, agar ularga dunyoda shu orzu berilganida edi, Allohga hech qachon osiy bo‘lmas edilar: “Oh, koshki edi (dunyoga) qaytarilsak, Robbimiz oyatlarini yolg‘onga chiqarmaydigan mo‘minlardan bo‘lsak”. Lekin bu orzu qabul qilinadimi? Bu kechikkan pushaymon foyda beradimi?

Javob keyingi oyatda keladi: Yo‘q! Ularning oldindan yashirib yurgan (sir)lari ularga fosh bo‘lib qoldi. Bordi-yu, (dunyoga) qaytarilsalar ham, (yana o‘sha) taqiqlangan narsalarga qaytgan bo‘lur edilar. Ular, haqiqatan, yolg‘onchilardir!(An’om surasi, 28-oyat).

Alloh taolo ularning haqiqiy holatini ochib beradi. Agar ular dunyoga qaytarilsa ham, yana avvalgi gunoh va inkorga qaytadilar. Chunki ularning bu yerdagi pushaymoni haqiqiy iymon emas, balki azobdan qo‘rqishdir.

Ushbu Qur’oniy qissa bizga katta ibrat beradi:

–  Pushaymon kech bo‘lsa, foyda bermaydi.

– Tavba eshigi faqat dunyoda ochiq. O‘lim kelganda yoki qiyomat qo‘zg‘alganda tavba qabul qilinmaydi.

– Iymon faqat og‘izdagi so‘z emas. U qalbdagi ishonch, til bilan iqror va amal bilan isbotdir.

– Alloh muhlat beradi, ammo bee’tibor qoldirmaydi.

Bu yerda biz uchun muborak Ramazon oyidagi buyuk ibrat bor.

Ramazon – pushaymondan oldingi imkoniyat oyidir.

Ramazon – tavba eshigi yopilishidan oldingi fursatdir.

Bu oyda ko‘plab insonlar do‘zaxdan ozod qilinadi.

Savol shu: “Biz ozod qilinganlardan bo‘lamizmi yoki keyin pushaymon bo‘luvchilardanmi?”.

Ramazon faqat yeb-ichishdan tiyilish emas. U gunohlardan tiyilish, Allohga chin qalb bilan qaytish oyidir. Ramazondagi har bir kun – yangi sahifa sanaladi. Har bir kecha – ko‘z yoshi bilan yillar davomidagi kamchiliklarni yuvish imkoniyatidir

Shuning uchun, ey bu so‘zlarni o‘qiyotgan aziz insonlar:

Pushaymon foyda bermaydigan kunni kutmangiz.

Ayniqsa ushbu muborak oyda tavbaga shoshilingiz.

Ko‘proq istig‘for ayting. Namozingizni to‘g‘rilang. Qur’oni karim bilan munosabatingizni mustahkamlang. Kim bilsin, balki bu Sizning hayotingizdagi oxirgi Ramazon bo‘lishi mumkin.

Allohdan so‘raymizki, Bizni Ramazon oyini g‘animat bilib, O‘ziga yaqin bo‘ladigan hamda Ramazon oyi tugaganida jahannamdan ozod bo‘ladigan bandalari qatorida qilsin! Omiyn. Ya Robbal ’aalamiyn!. …” (Doktor Zag‘lul Najjor xotiralaridan).


I.Ahmedov tarjimasi

Maqolalar