Islom dinida farzand tarbiyasi ibodat darajasidagi amallar qatoriga kiradi. Shu sababli donishmand ota-bobolarimiz, oqila onalarimiz farzand tarbiyasiga alohida e'tibor bergan. Tarixga nazar tashlasak, bunga juda ko'p misollarni ko'ramiz. Jumladan, muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning buyuk olim bo'lib etishishida ota-onasining ulkan xizmatlari, uzoq yillik mashaqqatlari mujassamdir.
Imom Buxoriyning otasi Ismoil ibn Ibrohim o'z davrining etuk muhaddislaridan bo'lib, Imom Molikning shogirdi edi. Manbalarda uning Hammod ibn Zayd, Imom Molik ibn Anas va Abu Muoviya kabi yirik muhaddislardan hadislar rivoyat qilgani, Abdulloh ibn Muborakdan tarbiya olgani haqidagi ma'lumotlar qayd etilgan. Ismoil ibn Ibrohim ilm olish va uni tarqatish qatorida, tijorat ishlari bilan ham shug'ullangan.
Manbalarda zikr qilinishicha, Ismoil Buxoriy o'ta taqvodor, xudojo'y, odil inson bo'lgan. Tarixchi Ahiyd ibn Hafs: “Abu Muhammad bandalikni bajo keltirayotgan mahal uni ziyorat qilishga borganimda, menga: “Bor molu dunyoimdan harom, shubhali, nopok yo'l bilan topilgan bir dirhamni ham bilmayman”, deb iltijo qilganida, nafasim bo'g'ilib, bor vujudim uning ulug'vorligi oldida arzimas bir narsadek tuyuldi”, deb yozgan. Buyuk shoir Abdurahmon Jomiy “Batho (Makka atrofidagi tepaliklar nomi) va Yasribda (Madinada) yasalgan tanganing sayqali Buxoroda kamoliga etdi”, degan so'zlari orqali taqvo va ilm bilan ziynatlangan nasab ortidan Buxoroi sharifda buyuk muhaddis Imom Buxoriy etishib chiqqaniga ishora qiladi.
Buyuk muhaddisning onasi ham taqvodor, diyonatli va oqila ayol bo'lgan. Uning asl ismi manbalarda uchramaydi. Taqvodorligi va ko'p ibodat qilishi, ilmli va oqilaligi bilan tanilgani sababli el orasida asl ismi unutilib, karomat sohibasi sifatida “Duosi mustajob ayol” nomi bilan mashhur bo'lgan. Imom Buxoriyning ulug' alloma bo'lib etishishida otasining taqvosiyu onasining ixlos ila qilgan duo-ibodatlarining juda katta o'rni bor.
Tug'ilganida ota-onasi go'dakning ismini Muhammad deb qo'yadi. Oradan bir necha yil o'tib, yosh Muhammadning otasi Ismoil vafot etadi. Imom Buxoriy to'rt yoshlar atrofida ko'zi jarohatlanib, ko'rish qobiliyatini yo'qotadi va tabiblar harchand urinmasin, uni davolay olmaydi. Turmush o'rtog'idan ayrilgan, ham farzandiga etgan bunday musibatdan yosh Muhammadning onasi o'zini yo'qotib qo'ymadi. Aksincha, kunduzlari o'g'lining ta'lim-tarbiyasi bilan shug'ullanib, uni ilm olishga rag'batlantirar, tunlarini ibodat bilan bedor o'tkazib, Yaratgandan o'g'lining ko'z nurini qaytarishni tinmay iltijo qilib so'rar edi.
Darhaqiqat, ota-bobolarimiz “Ota-ona farzand uchun eng birinchi va oliy madrasadir”, deb to'g'ri aytgan. Oqila ayolning tarbiyasi bilan, ko'zi ojiz bo'lishiga qaramasdan, yosh Muhammadning ilmga, ayniqsa, hadislarni yod olishga rag'bati kundan-kun oshib bordi. Kunlardan bir kuni onasi tushida Ibrohim alayhissalomni ko'radi. U zoti sharif bu mushfiqa onaga qarab: “Ey, volida! Sening behisob duolaring sharofatidan Alloh taolo o'g'lingga mukammal ko'rish qobiliyatini qaytardi”, deya xushxabar aytadi. Shu chog' uyqudan uyg'onib, o'g'lining qaroqlarida nur jilvalanib, ko'zlariga olam qaytadan nurafshon bo'lib turganini ko'radi. Oqila ona Alloh taologa shukrona ibodatini qilib, farzandlari haqiga uzundan-uzun duolar aytib, tong ottiradi.
Ta'lim-tarbiyani ibodat darajasidagi amal deb bilgan bir onaning beqiyos xizmati sabab bugun butun olam musulmonlari Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislaridan, eng sahih rivoyatlardan bahramand bo'lib kelmoqda. Allomaning 20 dan ziyod bebaho asari asrlar osha o'z ahamiyatini yo'qotmay kelmoqda. Muhaddisning “Al-Jomi' as-sahih” hadislar to'plami butun dunyo musulmonlari tomonidan hadis ilmi sohasida eng muhim manba sifatida e'tirof etilgan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Buxoriy o‘zining sahih hadislar to‘plamida mana bu voqeani hikoya qiladi: Bani Isroildan bo‘lgan kishi bir odamdan ming dinor qarz berishini so‘radi.
Haligi odam: Guvohing bormi? deb so‘radi.
U: Guvohim Alloh, dedi.
Haligi odam: To‘g‘ri aytding, Alloh guvohlikka kifoya qilur, dedi.
Vakiling bormi? dedi.
U: Vakilim Alloh, deb javob berdi.
Haligi odam: Alloh vakillikga kifoya qilur, dedi va unga ming dinorni berdi. Bir muddatni belgilab, va’dalashishgach, qarzni olgan odam qaytib ketdi.
Bu ikki qarz beruvchi va qarz oluvchining o‘rtasida bir daryo bor edi. Va’dalashilgan vaqt yetib kelgach, qarz olgan odam qarzlarini egasiga qaytarish uchun haqdorning oldiga bormoqchi bo‘lib, daryoning u tomoniga o‘tish uchun qirg‘oqda qayiq kelishini kutib turdi, lekin kech tushib, ancha vaqt o‘tishiga qaramasdan daryoda hech qanday qayiq ko‘rinmadi.
Shunda u Alloh taologa munojot qilib: Allohim, qo‘limdagi pullarning egasi guvoh so‘raganida ham, vakil so‘raganida ham Seni ko‘rsatgan edim, Allohim, bu maktubimni unga yetkazgin, dedi va bir yog‘ochni olib, uni o‘yib, ichiga pullarni joylashtirdi, yoniga yozgan maktubini ham qo‘yib qo‘ydi, so‘ngra yog‘ochni daryoga otib yubordi. Bu yog‘och Allohning izni va lutfi-inoyati bilan suvda suzib ketdi. Xuddi ana shu paytda o‘sha pullarning egasi ham va’daga binoan daryo yoqasida qarzdorni kutib turgan edi. U yerda hech kim yo‘qligini ko‘rgach ortiga qaytmoqchi bo‘lib, o‘zicha: Hech bo‘lmasa uyimga o‘tin olaman, deb turgan paytda oldiga bir yog‘och suzib keldi, u yog‘ochni uyiga olib ketdi. Uyga kelib, yog‘ochni yorgach, ichidan uning pullari va bir parcha maktub chiqdi.
Chunki guvoh bo‘lgan Alloh qarzdorga yordam bergan, vakil bo‘lgan Alloh o‘z vakolatini ado qilgan edi. U Zot naqadar Buyukdir. “Alloh, Undan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘q. Bas, mo‘minlar Allohning O‘zigagina tavakkal qilsinlar” (Tag‘obun surasi, 13-oyat).