Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

YuZLARIDA SAJDA IZLARI BOR

21.05.2022   2045   11 min.
YuZLARIDA SAJDA IZLARI BOR

Tafsir

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

مُحَمَّدٌ رَسُولُ اللَّهِ وَالَّذِينَ مَعَهُ أَشِدَّاءُ عَلَى الْكُفَّارِ رُحَمَاءُ بَيْنَهُمْ تَرَاهُمْ رُكَّعًا سُجَّدًا يَبْتَغُونَ فَضْلًا مِنَ اللَّهِ وَرِضْوَانًا سِيمَاهُمْ فِي وُجُوهِهِمْ مِنْ أَثَرِ السُّجُودِ ذَلِكَ مَثَلُهُمْ فِي التَّوْرَاةِ وَمَثَلُهُمْ فِي الْإِنْجِيلِ كَزَرْعٍ أَخْرَجَ شَطْأَهُ فَآزَرَهُ فَاسْتَغْلَظَ فَاسْتَوَى عَلَى سُوقِهِ يُعْجِبُ الزُّرَّاعَ لِيَغِيظَ بِهِمُ الْكُفَّارَ وَعَدَ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ مِنْهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا

«Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo'lgan (mo'min)lar kofirlarga qahrli, o'z oralarida (mo'minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku va sajda qilayotgan hollarida ko'rarsiz. Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir. Mana shu (sifatlar) ularning Tavrotdagi misollaridir. Ularning Injildagi misollari esa, xuddi shoxlar chiqarib, quvvatga kirgach, yo'g'onlashib o'z novdasida tik turgan, dehqonlarni ajablantiradigan o'simlikka o'xshaydi. (Bu) ular sababli kofirlar jahlini chiqarish uchundir. Alloh ulardan imon keltirib, solih amallarni qilgan zotlarga mag'firat va ulkan mukofot va'da qilgandir» (Fath surasi, 29-oyat).

Ayrim kishilar: “Muhamad sollallohu alayhi va sallam barcha insonlardan, hatto payg'ambarlardan ham afzal ekaniga shubha yo'q. Lekin nima uchun u zotning muborak ismlari Qur'oni karimda bor-yo'g'i 4 o'rinda zikr etilgan? Vaholanki, oldingi payg'ambarlarning ko'pchiligi, misol uchun, Nuh alayhissalom 40 marta, Lut alayhissalom 27 marta, Solih alayhissalom 9 marta, Ibrohim alayhissalom 69 marta, Muso alayhissalom 136 marta, Iso alayhissalom 35 marta eslangan. Shu bilan birga, Kalomullohda “Ey Nuh; ey Lut; ey Ibrohim; ey Muso; ey Horun; ey Hud; ey Solih” deya payg'ambarlarga murojaat qilingan. Lekin so'nggi Payg'ambarimizga “Ey Muhammad!” deya xitob qilinmagan. Buning boisi nima?» deyishadi.

Mufassirlarimiz aytishadi: «Alloh taolo Habibimizning muborak ismlarini Oli Imron surasi 144; Ahzob surasi 40; Muhammad surasi 2 va Fath surasi 29-oyatlarda zikr qilishi barobarida u zotga Kalomullohning 13 o'rnida “Ey Nabiy”, 2 o'rinda “Ey Rasul!” deb murojaat qilgan. Aslida, yuksak ehtiromga sazovor kishiga ismi bilan emas, balki uning unvoni, darajasi va mavqei tilga olinadi. Sarvari koinotga ham shunday bo'lgan.

Bundan tashqari, Qur'oni karimda buyruq maylida kelgan barcha hukm oyatlari bevosita Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga murojaatdir. Shu orqali u zotning ummatlariga ta'lim berilgan. Oxirgi zamon ummatini esa Alloh taolo boshqa ummatlardan ulug'lab, maqtagan: “Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz, (ey musulmonlar!) zero, siz amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz» (Oli Imron surasi, 110-oyat). Bu ham, aslida, Payg'ambarimiz alayhissalomga berilgan ta'rifdir: u zotning ummatlari eng yaxshi ummat ekan, o'zlari eng ulug' nabiydir.

Shuningdek, Alloh taolo Qur'oni karimda so'nggi ummatga 90 o'rinda “Ey imon keltirganlar!” deb murojaat qilgan. Demak, insonlarning “Ey imon keltirganlar!” degan sharafli nomga  sazovor bo'lishlarida Nabiy alayhissalomning risolatlari asos bo'lgan. Qolgan ummatlarga esa “Ey Odam farzandlari!” deb 5 o'rinda murojaat qilingan. Shuning o'zi ham Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamning ummatlari uchun katta baxtdir».

Oyatdagi “U bilan birga bo'lgan (mo'min)lar kofirlarga qahrli, o'z oralarida (mo'minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar” so'zdan murod Rasulullohning to'rt roshid xalifasi – Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhumdir. Haqiqatan, hazrati Abu Bakr roiyallohu anhu Makkadan Madinaga ko'chish asnosida “Savr” g'orida Nabiy alayhissalom bilan birga bo'lish barobarida ko'p vaqtlarni koinot sultoni bilan birga o'tkazgan. Hazrati Umar roziyallohu anhu kofilarga juda qahrli, hazrati Usmon roziyallohu anhu mo'min-musulmonlarga rahm-shafqatli edi. Hazrati Ali roziyallohu anhu esa ko'p ruku-sajda qiladigan, ya'ni ibodatga berilgan zot bo'lgan (Alloh barchalaridan rozi bo'lsin).

Shuningdek, oyatning mazkur so'zi barcha sahobalarga oiddir. Chunki Nabiy alayhissalomning safdoshlari kofir va mushriflarga qahri qattiq, mo'min-musulmonlarga nisbatan esa rahmdil bo'lishgan.

Hadisi sharifda: “Bir-birlaringizga mehribon bo'lmaguningizcha jannatga kira olmaysiz”, deyildi (Imom Hokim rivoyati). Shunda sahobalar: “Bizlarning har birimiz farzandlarimizga mehribonmiz”, deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Bu rahmat emas. Haqiqiy rahmat kishi o'ziga ravo ko'rgan narsasini birodariga va farzandlariga ilinishidir”, dedilar.

No''mon ibn Bashir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda esa: “Mo'minlarning barchasi bir kishi kabidir. Uning bir a'zosi og'risa, tanasining barcha a'zosi isitmalaydi va bedor bo'ladi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

“Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku va sajda qilayotgan hollarida ko'rarsiz”. Ya'ni, jannatni so'rab, rahmatidan umidvor bo'lishidir. “Ruku va sajda qilayotgan hollari...”ning esa ikki xil ma'nosi bor. Birinchisi, ularning namozni doimiy tarzda jamoat bilan o'qishi muntazam ravishda ruku va sajda qilishga kinoya etilmoqda. Ikkinchisi, Rabbisidan qo'rqishi hamda mo'minlarga tavozeli bo'lishidir.

Ba'zi mufassirlar “Allohdan fazl va rozilik tilab...”dan murod yashash uchun zarur narsalarni so'rash ekanini aytishadi.

“Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir”. Hasan Basriy rahimahulloh va boshqalar oyatdan murod yuzlarida qo'rquv va namozning belgilari bor, deydilar.

Boshqalar esa: “Kishi tunda uyg'onib, uzoq vaqt namoz o'qisa, tong otganda uning yuzida bedorlik alomati seziladi, rangi o'zgarib, sarg'ayadi”, deyishadi. Hasan Basriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: “Insonlarni betob deb hisoblaydigan kishilarga Alloh rahm qilsin. Lekin ular betob emaslar(balki ko'p namoz o'qiganlari uchun horg'indirlar)”, deganlar.

Imom Qatoda rahimahulloh esa, yuzida tuproq izi borligi uchun shunday deyilgan, deydi.

“Ularning yuzlarida...” oyatidan murod qiyomat kuni tahorat va sajda belgilari borligi uchun shunday deyilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «“Men qiyomat kuni ummatimni boshqa ummatlar orasida taniyman”, dedilar. Shunda sahobalar: “Qanday qilib taniysiz?” deyishdi. Nabiy alayhissalom: “Sajda belgilari tufayli qiyomat kuni ummatimning (peshonasi) porlab turadi. Lekin bu holat hech bir ummatda uchramaydi”, dedilar» (Imom Ibn Moja rivoyati).

“Mana shu (sifatlar) ularning Tavrotdagi misollaridir. Ularning Injildagi misollari esa, xuddi shoxlar chiqarib, quvvatga kirgach, yo'g'onlashib o'z novdasida tik turgan, dehqonlarni ajablantiradigan o'simlikka o'xshaydi”. Ya'ni Rasuli akram alayhissalomning ummatlari vasfi Tavrotda ham, Injilda ham bayon etilgan. Bu xabar Qur'oni karimda keltirilmoqda. Buni ahli kitoblarning hech biri inkor etmaydi, lekin yashiradi.

Sahobalar Tavrot va Injilda dehqonlarni ajablantiradigan o'simlikka o'xshatilmoqda. Chunki sahobalar Nabiy alayhissalomdan Islom ta'limotini olgach, boshqalarga ham uni etkazib, dinning quvvatlanishiga hissa qo'shishi shunday ta'riflanmoqda. Darvoqe, olamlar sayyidi, Habibimiz qisqa fursat – 23 yil mobaynida bashariyatni jaholat va zulmat botqog'idan imon va hidoyat nurga olib chiqqani hammani ajablantirishi tabiiy.

E'tibor berilsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga vahiy kelganida u zot yolg'iz edilar. Allohning inoyati bilan u zot risolatni odamlarga etkazishi natijasida musulmonlar safi sekin-asta kengayib bordi. Huddi nihol dastlab nozik bo'lib, so'ngra zabardast daraxtga aylangani kabi Islom ham dastlab sekin-asta, keyinchalik gurkirab butun olamga yoyildi.

Alloh taolo Islomning qanday rivojlanganini, musulmonlar safi qanday kengayganini o'simlikka qiyoslamoqda. Bu bejiz emas. Chunki dehqonlar ekkan o'simligi, erga qadagan don-dunlari, ekin-tikinlari qanchalik gurkirasa, shunchalik xursand bo'ladi. Buning ortidan qanchalab odamlar meva-chevalardan, don-dunlardan bahramand bo'ladi. Huddi shunday Islom ham jaholat botqog'iga botgan insonlarni hidoyat bilan ne'matlantirdi, ularga ruhiy, ma'naviy ozuqa berdi.

Lekin bu holat kofirlarga yoqmaydi. Shu bois Alloh taolo: (Bu) ular sababli kofirlar jahlini chiqarish uchundir”, deb marhamat qildi. Kofirlar musulmonlar soni oshganidan aslo xursand bo'lmagan, aksincha, ich-etini eb, haq dinning payini qirqish ilinjida bo'lgan. Botiniy va rofiziylar Rasululloh alayhissalomning vafotlaridan so'ng kofir bo'lib, dindan qaytdilar. Lekin, shunday bo'lsa-da, Alloh taoloning nusrati g'olib keldi: «Haqiqat (ya'ni Islom) keldi va botil (kufr) yo'qoldi. Chunki botil narsa yo'qoluvchidir»(Isro surasi, 81-oyat).

“Alloh ulardan imon keltirib, solih amallarni qilgan zotlarga mag'firat va ulkan mukofot va'da qilgandir”. Ya'ni, hamisha Haqqa itoat etib, solih amallar qilgan kishilarga Alloh taoloning ulkan mukofoti bordir.

Alloh taoloning ulkan mukofotlarini olish barchamizga nasib qilsin!

 

Abu Mansur Moturidiyning “Ta'vilotu ahlis sunna”

asari asosidaTolibjon NIZOMtayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Imom Moturidiyning Hanafiy mazhabini yoyishdagi o‘rni

04.07.2025   356   1 min.
Imom Moturidiyning Hanafiy mazhabini yoyishdagi o‘rni

Imom Abul Mu’in Nasafiy rahmatullohi alayh "Tabsiratul adilla" asarlarida Xuroson va Mavoraunnahr aholisi hanafiylikni Imomi A’zam rahmatullohi alayhning yetakchi shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy, uning shogirdi Abu Suraymon Juzjoniy, uning do‘sti Shayx Abu Bakr Ahmad, Shayx Is'hoq Sobih Juzjoniy, Imom Abu Bakr Juzjoniy, Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy Ansoriy va Imom Moturidiy silsilasi orqali o‘rgangan deb keltiradi. Imom Nasafiyning ta’kidlashlaricha bu olimlar ilk davrdan boshlab Movarounnahrning barcha hududlarida hamda Xurosonning Marv va Balx shaharlarida hanafiylik mazhabini yoyishda jonbozlik ko‘rsatishgan.

Imom Moturidiy rahimahulloh Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodiy qarashlarini yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari mintaqamizda hanafiylik tarqalishida muhim hissa qo‘shganlar.

Kosonsoy tuman "Buzrukho‘ja" jome masjidi imom-xatibi

Sodiqjon Abdurahmanov

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA