frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Shavvol oylarida yuz bergan muhim voqealar

21.05.2022   8017   7 min.
Shavvol oylarida yuz bergan muhim voqealar

Hijratdan avvalgi 13 yil, 1 shavvol, payshanba kuni (nubuvvatning 1 yili / mil. 610 yil avgust)
– Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ikkinchi vahiy nozil bo'ldi va u Zot nubuvvat maqomidan risolat martabasiga ko'tarilib, Rasul (Elchi, Payg'ambar) bo'ldilar.

Hij.av. 9 yil, shavvol oyi (nubuvvatning 5 yili / mil. 614 yil iyul'-avgust)
– Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu boshchiliklarida Habashistonga hijrat qilgan dastlabki muhojir guruh Habashistondan Makkaga qaytib keldi.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Savda binti Zam'a onamizga uylandilar;

Hij.av. 4 yil, shavvol oyi (nubuvvatning 10 yili / mil. 619 yil may-iyun')
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurayshdan umidlarini uzib, Saqif qabilasini Islomga da'vat qilishga, hech bo'lmasa, boshpana berib qo'llab-quvvatlashlarini umid qilib, Toifga bordilar, biroq himoyachi ham, ko'makchi ham topmasdan ozoru aziyatlar ko'rib ortlariga qaytdilar;
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Toifdan qaytayotib Naxla vodiyiga tushganlarida jinlarning birinchi guruhi musulmon bo'ldi.

Hij.av. 3 yil, shavvol oyi (nubuvvatning 11 yili / mil. 620 yil may-iyun')
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning buyrug'i bilan Oishai Siddiqa roziyallohu anhoga fotihalandilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ubayda ibn Horis roziyallohu anhu boshliq oltmish kishilik muhojirlar jamoasini harbiy amaliyot uchun yubordilar (ular Batni Robig' degan joyda Abu Sufyon boshliq ikki yuz kishilik guruhga duch keldilar. Ikki taraf bir-biriga kamon o'qlari uzishdi, biroq jang bo'lmadi. Bu Islom tarixida «Robig'» sariyasi deb ataladi);

Hijriy 1 yil, shavvol oyi (mil. 623 yil aprel')
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oishai Siddiqa roziyallohu anho bilan oila qurib, Madinada birga yashay boshladilar;
– Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anho tug'ildi (bu muborak chaqaloq hijratdan so'ng Madinada muhojirlar ichida tug'ilgan birinchi farzanddir);
– mashhur sahoba As'ad ibn Zurora Ansoriy roziyallohu anhu betob bo'lib, Madinada vafot etdi.
– Birinchi ramazon hayit namozi o'qildi va bu bayram Badr g'azotida qozonilgan ulkan g'alaba ortidan kelgani uchun yanada katta tantana bilan nishonlandi.

Hijriy 2 yil, 1 shavvol (mil. 624 yil 26 mart)
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bani Sulaym qabilasi yashaydigan Kudr[2] diyoriga ikki yuz otliq bilan bordilar (sababi, Badr jangidan so'ng bani Sulaym va bani G'atafon qabilalarining Madinaga hujum qilish uchun kuch to'plashayotgani haqida u Zotga xabar etib kelgan edi. Musulmonlarning kelayotganlarini eshitgan qabila a'zolari tumtaraqay bo'lib, qochib qolishdi. Bu Islom tarixida «Kudrdagi bani Sulaym»g'azoti deb nomlanadi);
– ushbu g'azotda Yasor nomli bir qul qo'lga tushgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ozod qilib yubordilar.

Hijriy 2 yil, shavvol oyining o'rtasi shanba kuni (mil. 624 yil aprel')
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bani Qaynuqo' yahudiylarining qilmishlaridan sabr kosalari to'lib, ularning qal'alarini qamal qildilar (qamal o'n besh kun davom etdi, natijada, bani Qaynuqo' yahudiylari taslim bo'lishdi).

Hijriy 3 yil, 7 shavvol, shanba (mil. 625 yil 22 mart)
– Uhud g'azoti bo'lib o'tdi;
– o'sha kuni jami etmish nafar shahid Uhud maydoniga dafn qilindi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qolgan olti yuz o'ttiz nafar sahoba bilan kechki payt Madinai munavvaraga qaytib keldilar.

Hijriy 3 yil, 8–11 shavvol oyi (mil. 625 yil 23–26 mart)
– Hamroul asad[3] g'azoti bo'ldi (ya'ni Makka qo'shinini ta'qib qilish amaliyoti o'tkazildi).

Hijriy 3 yil, shavvol oyi (mil. 625 yil mart)
– «Arjah» qavlga ko'ra, Uhud g'azotidan keyin xamr (mast qiluvchi ichimliklar)ni iste'mol qilish butunlay harom qilindi.

Hijriy 4 yil, shavvol oyi oxirlari (mil. 626 yil mart oxiri)
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama onamiz roziyallohu anhoga uylandilar.

Hijriy 5 yil, shavvol oyi (mil. 627 yil mart)
– Ahzob (Handaq) g'azoti boshlandi.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Kurz ibn Jobir Fihriy roziyallohu anhu boshchiligidagi yigirma nafar sahobadan iborat sariyani Urayna qabilasi a'zolarining ketidan yubordilar (bunga sabab, Ukal va Urayna qabilasidan bir necha kishi musulmonlik izhor qilib, Madinada yashab turishdi, so'ng kasal bo'lib qolishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni tuyalar boqilayotgan yaylovga yubordilar hamda tuyalarning sutlaridan va siydiklaridan ichishni tavsiya qildilar. Ular sog'ayib olgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning cho'ponlarini o'ldirib, tuyalarni haydab ketishdi, Islomdan so'ng kufrga qaytishgan edi);

Hijriy 6 yil, shavvol oyi (mil. 628 yil fevral'-mart)
– Amr ibn Umayya Zomriy bilan Salama ibn Abu Salama roziyallohu anhumolar Makkaga Abu Sufyonni o'ldirish uchun borishdi (chunki Abu Sufyon ham bir a'robiyni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga suiqasd qilish uchun yuborgandi, lekin har ikki taraf ham suiqasd qilishga muvaffaq bo'lmadi);
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu boshchiligidagi 30 otliqdan iborat sariyani Haybarga yubordilar (ular Abu Rofi' Sallom ibn Abul Huqayqdan keyin Haybar yahudiylariga rahbar bo'lib, musulmonlarga qarshi fitnalarga bosh bo'layotgan yahudiy Usayr ibn Zorimni va uning sheriklarini o'ldirib kelishdi).

Hijriy 7 yil, shavvol oyi (mil. 629 yil fevral')
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bashir ibn Sa'd Ansoriy roziyallohu anhu boshchiligidagi 300 kishilik sariyani G'atafonga qarashli Yamn va Jaborga (yoki Fazora va Uzraga) yubordilar (ushbu sariya Madina atrofiga bosqinchilik uyushtirish maqsadida jamlangan katta qo'shinga qarshi yuborilgan edi. Ular etib borganlarida dushman bundan xabar topib, qochib ketishga ulgurdi. Bashir roziyallohu anhu ko'plab tuyalarni qo'lga kiritdi va ikki kishini asir olib, Madinaga olib keldi. Ular ikkalasi ham musulmon bo'lishdi).

Hijriy 8 yil, shavvol oyi (mil. 630 yil yanvar'-fevral')
– Holid ibn Valid roziyallohu anhu Uzzo butini vayron qilib kelganidan so'ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni 350 kishilik muhojir, ansor va bani Sulaymliklardan tashkil topgan jamoa bilan bani Huzayma qabilasini Islomga da'vat qilish uchun yubordilar.

Hijriy 8 yil, 6 shavvol, shanba (mil. 630 yil 26 yanvar')
– Makka fathining o'n to'qqizinchi kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'n ikki ming askar bilan Makkadan Hunaynga qarab yo'l oldilar.

Hijriy 8 yil, 10 shavvol, chorshanba (mil. 630 yil 30 yanvar')
– Hunayn g'azoti bo'lib o'tdi.

Hijriy 8 yil, shavvol oyi, (mil. 630 yil fevral')
– Hunayn g'azotining davomi o'laroq, shiddatli Toif g'azoti boshlandi.

Hijriy 10 yil, 29 shavvol (mil. 632 yil 27 yanvar')
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ibrohim ismli o'g'illari o'n sakkiz oyligida olamdan o'tdi…

@VAKILLIKUZ

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Imom Buxoriy" ordeni — yuksak ehtirom ramzi!

28.08.2026   13752   2 min.

Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.

Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.

Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.

Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.

Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.

Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).

Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.

Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari