Mo'min kishi jannatning ham, do'zaxning ham haq ekanligiga ishonishi kerak. Oyati karimalarda ham jannatlar vasf qilingan. Misol uchun:
«Albatta, imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlar uchun Firdavs bog'lari manzil bo'lur» (Kahf surasi, 107-oyat).
Shuningdek, Al-Haqqo surasining 21–22-oyatlarida:
«Bas, u qoniqarli maishatda, oliy jannatda...», deb marhamat qilingan. Demak, Alloh taolo mo'min, muxlis bandalariga oliy jannatlarni tayyorlab qo'ygan.
Hadisi shariflarda ham jannatlarning darajalari bayon etilgan. Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan jannat daraxtlari haqida so'rashdi. U zot: “Jannat daraxtlarining barglari to'kilmaydi, shoxlari qurimaydi, g'ovlab ham ketmaydi”, dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhmat qildilar:
«Jannatda shunday daraxt borki, ulovdagi kishi uning bir yaprog'i soyasida yuz yil yursa ham tugamaydi”, dedilar va: “Agar xohlasangiz: “..yoyiq soya (osti)da,” oyatini tilovat qiling” dedilar» (Imom Dorimiy rivoyati).
Jannatdagi eng ulkan daraxt nomi “Tubo” bo'lib, asli durdan, o'rtasi yoqutdan, eng yuqorisi tilladandir. Shoxlari zabarjaddan, yaproqlari shoyidan bo'ilb, uning mingta shoxi bor. Eng uzun shoxi Arshning shiftiga yopishib turadi, eng kaltasi esa dunyo osmoniga tegib turadi.
Jannatning xonasi ham, gumbazi ham yo'q. Lekin unda solib turuvchi daraxt shoxlari bor. Unda shunday mevalar borki, ularning ta'mini dunyoda topish qiyin. Ular xuddi quyoshga o'xshaydi. Quyosh osmonda tanho bo'lsa-da, lekin uning ziyosi butun er yuzini nurafshon qiladi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Jannatning sakkizta eshigi bor. U eshiklar tillodan bo'lib, gavharlar qadalgandir. Avvalgi eshikda “Laa ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb yozilgan bo'lib, u payg'ambarlar, shahidlar, saxiylarning eshigidir. Ikkinchisi namozlari va tahoratlarini komil qilguvchi namozxonlarning eshigi, uchinchisi mollari zakotini berguvchilarning eshigidir. To'rtinchisi ro'zadorlar, beshinchisi amri ma'ruf va nahiy munkar qilguvchilar kiradigan eshik, oltinchisi haj va umra qilguvchilarning eshigidir. Yettinchisidan mujohidlar, sakkizinchisidan ko'zlarini haromdan tiyguvchilar hamda silai rahm va ota-onalariga ezgulik qilish kabi solih amallar qilguvchilar kirishadi».
"Musulmon uchun 30 va'z" kitobidan
"Vaqf" xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali tomonidan kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolajonlarning sunnat to‘yi bayramona ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Tadbirda "Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbari o‘rinbosari Oybek domla Xushvaqtov, mahalliy mutasaddilar, nuroniylar, homiylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar yurtimizda insonparvarlik, mehr-oqibat va xayr-saxovat qadriyatlarini mustahkamlash, ayniqsa, yetim va ehtiyojmand bolalarga quvonch ulashish eng ulug‘ va savobli amallardan biri ekanini ta’kidladi.
Bayram dasturi bolalar uchun tayyorlangan maxsus shoudasturlar va qiziqarli o‘yinlar bilan boyitildi. Tadbir yakunida barcha bolajonlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashdagi fidokorona xizmatlari uchun "Vaqf" fondi Xorazm viloyati filiali rahbari Alijon domla Matyaqubovga tashakkurnoma topshirildi.
Fayzli o‘tgan tadbir yakunida ushbu saxovat tadbiriga hissa qo‘shgan barcha homiylar va saxovatpesha insonlar haqqiga duoi xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati