O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon domla Ishmatbekov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ يُسَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمَرَهُنَّ أَنْ يُرَاعِينَ بِالتَّكْبِيرِ وَالتَّقْدِيسِ وَالتَّهْلِيلِ، وَأَنْ يَعْقِدْنَ بِالْأَنَامِلِ، فَإِنَّهُنَّ مَسْئُولَاتٌ مُسْتَنْطَقَاتٌ.
Yusayra roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularni (ayollarni) takbir, taqdis va tahlilga rioya qilishga va ularni barmoq uchi ila sanashga amr qildilar. Chunki ulardan so‘ralur va nutq qilish talab qilinur».
Ushbu hadisi sharifni rivoyat qilayotgan Yusayra roziyallohu anho ansoriyya sahobiyalardan bo‘lganlar.
Takbir – «Allohu akbar» deyish.
Taqdis – «Subhanal malikil quddus» deyish.
Tahlil – «Laa ilaaha illalloh» deyish.
Ushbu kalimalarni zikr qilganda ularni barmoq bilan sanash kerak ekan. Bu aytilayotgan zikrning sonini bilish uchun kerak. Qiyomat kuni barmoqlardan bu haqda so‘ralar va nutq qilish talab qilinar ekan.
Albatta, bunday sanash barmoq bilan sanasa bo‘ladigan sondagi zikrlarga bog‘liq.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi