Shod-xurram o'tirgan er-xotinning hazillari zil bo'ldi. Gap talashib, orada janjal chiqdi. Ikkalasi ham og'ziga kelganini qaytarmadi. O'zlarini kuzatib turgan bolalarining borligini ham esdan chiqarishdi.
Baqir-chaqirdan so'ng ayol yig'lab ichkari xonaga kirdi. Ortidan qizchasi ham ergashdi. Qizining ma'yus, yoshga to'la munchoq ko'zlari onasiga zorlanib tikilib turardi. Ona achchig'idan unga e'tibor bermaslikka harakat qildi. Qizaloq taftli qo'llari bilan bo'ynidan mahkam quchoqlab olganidan so'ng ayolning hushi joyiga keldi. Mitti qo'llarini qo'yib yubormay, marjondek tizilib oqayotgan ko'z yoshlari bilan onasini ovutishga harakat qildi: – Onajon, yig'lamang, bizni tashlab ketmang! Nega dadamning so'zlariga “Ho'p!” deya qolmaysiz?! Axir, dadam urishsalar ham, bizni yaxshi ko'radilar-ku...
Bu gapdan ayol qattiq ta'sirlandi. Nahotki, shunchalik xudbinlashib ketdi?! Shu qizalog'ichalik aqli yo'qmi?
Qizcha onasini quchog'idan bo'shatdi va qo'liga bir konvert tutqazdi. Ayol ajablanib konvertni ochib, ichidan bir qog'ozni oldi. Unda “Onajon, dadajon! Men sizlarni juda yaxshi ko'raman! Iltimos, hech qachon urishmanglar!” degan yozuv bor edi. Ayol keyingi vaqtlarda eri bilan gap talashishlari ko'p bo'layotgani va er-xotin bir-birini ayblashdan charchamayotganlarini o'ylab qoldi. Bu holat farzandlariga salbiy ta'sir qilib, ularning tushkun kayfiyatda yurishlariga sabab bo'layotganini anglab, yuragi ezildi.
Darhaqiqat, hozir ko'p uchrayotgan bunday voqealar kishini ranjitishi aniq. Axir, biz ota-onalar farzandlarimizga go'zal xulq va chiroyli tarbiya bermog'imiz zarur emasmi? O'sha go'zal xulq o'zimizda bo'lmasa-chi?!
Dinimizda odob masalasi ibodat maqomidadir. Go'zal xulq sohibi bo'lgan ota-onalarning farzandlari ham buyuk insonlar bo'lib etishadilar, inshoalloh.
Mehrigul ShONAZAROVA,
Qiziltepa tumani “Hafqoriyon” mahallasi otinoyisi
"Mo'minalar", 4-son, 2023 yil
Turkiya safar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, professor, doktor Safiy Arpagush o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot avvalida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mezbonni Fatvo kengashlarining xalqaro maslahat yig‘ilishi yuksak saviyada va muvaffaqiyatli o‘tgani bilan muborakbod etdilar.
Muftiy hazratlari ikki qardosh mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro hamkorlik munosabatlari tobora kengayib, ayniqsa, ulamolar o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shuningdek, mazkur nufuzli anjuman musulmon ummati oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lgani, unda qabul qilingan bayonot va tavsiyalar barcha musulmon xalqlari uchun manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, professor, doktor Safiy Arpagush O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun katta minnatdorlik izhor etdi.
Ushbu maslahat yig‘ilishi ummat birligini mustahkamlash va zamonaviy muammolarga jamoaviy ijtihod asosida mo‘tadil yechim topishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlar ekan, hamkorlikda fatvolar ishlab chiqishni rivojlantirish, ularda ijtimoiy voqelikni hisobga olish, axborot asridagi fatvo tarqoqligining oldini olish maqsadida raqamli maydonda rasmiy fatvolarni keng yoyish hamda sun’iy intellektdan faqat tadqiqot vositasi sifatida foydalanib, uni fatvo berish manbaiga aylantirmaslik zarurligini alohida bayon etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati