O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi Muftiy Nuriddin domla hazratlari Buxorodagi yurtimiz va xorijdagi nufuzli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokidagi “Deklaratsiyalar muloqoti” forumida qatnashib, nutq so'zladilar.
Muftiy hazratlari nutqlari avvalida nufuzli anjuman qatnashchilarini tashrif bilan qutlab, keyingi yillarda xalqaro hamjamiyat bilan aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, har bir din o'z izdoshlarini millati, irqi va kelib chiqishidan qat'iy nazar do'stona munosabatda bo'lishga chaqirishi, Islom azaldan o'zga din vakillariga ehtirom ila muomalada bo'lish va samimiy muloqot qilishni o'rgatib, tinch-totuv yashashga da'vat etishini bayon etib, ushbu nufuzli forum ham turli din vakillarining hamjihat bo'lib, yaxshilik yo'lida hamkor bo'lishiga muhim qadam bo'lishini ta'kidladilar.
Nutq davomida Muftiy hazratlari so'nggi yillarda yurtimizda diniy jabhada ham ulkan o'zgarishlar amalga oshirilgani xalqimiz hayotida o'z aksini topib, ko'plab ijobiy natijalarga vasila bo'layotaganini ham qayd etib, so'zlari yakunida xalqaro anjuman faoliyatiga muvaffaqiyat tiladilar.
Safar tafsilotini sayt va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimizda kuzatib boring!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati