“Muhabbat” so'zi “ hubb” sozining o'zagidan olingan bo'lib, lozim tutish va sabot ma'nolarini anglatadi. Biror narsaga muhabbat qo'ygan odam mazkur mahbubni lozim tutadi va unda sobit turadi.
Muhabbatning iste'lohiy ma'nosi haqida ulomolar bir-birini to'ldiruvchi bir necha ta'riflarni aytganlar:
Rog'ib: “Muhabbat nafsning o'zi yaxshi deb bilgan va gumon qilgan narsaga moyil bo'lishidir. U ikki xil bo'ladi. Biri tabiiy bo'lib, u insonda, hayvonda va gohida jonsiz narsada ham bo'ladi. Boshqasi ixtiyoriy bo'lib u faqat insonga xos bo'ladi “, degan.
Kafaviy: “Muhabbat haddan oshgan rozilikdir. U ikki qiimdan iboratdir. Birinchisi har bir mukallafda bo'ladi. U iymonda lozim va lobud narsadir. Uning haqiqati Alloh taoladan kelgan narsaning hukmiga va taqdiriga bo'ysungan holda, hech qanday e'tirozsiz qabul qilishdir. Ikkinchisi faqatgina maqomat egalarida bo'ladi. Uning haqiqati qazo qilingan narsadan qalbning quvonch va sururga to'lishi va roziligidir”, degan.
Jaloliddin Rumiy shunday deydi: “To'g'ri, muhabbat olam gardishini aylantirmaydi. Muhabbat shu gardish aylanishiga ma'no bag'ishlaydi”.
Inson har bir a'zosining alohida vazifasi bor. Masalan, ko'zning vazifasi ko'rish, quloqniki eshitish, tilga so'zlash vazifasi yuklatilgan, qalbning ishi esa sevishdir. Qalb yo Alloh taoloni sevadi yoki U zotning mahluqlarini yaxshi ko'radi. Bandaning qalbida yo oxirat yo dunyo muhabbati bo'ladi. Oxiratning muhabbati bilan qalb yaxshiliklarga shoshadi. Dunyo muhabbati borasida esa, hadisi sharifda bunday ta'riflanadi: “Dunyo muhabbati barcha yomonliklarning boshidir”.
Muhabbat - bu inson tabiatini zavqlantiruvchi tuyg'udir. Muhabbat eng oliy darajasi IShQ deyiladi.
Ilohiy ishq suvga o'xshaydi. Agar suv bo'lmasa, daraxt yam - yashil bo'lib o'smaydi. Unga suv quyilsagina u gullaydi, meva beradi. Insondagi ilohiy ishq ham daraxtning suvi kabidir. Agar insonda ilohiy ishq bo'lsa, uning iymoni gullay boshlaydi va undan mo'minlik ifori taraladi va yon - atrofni ham o'rab oladi.
Alloh taolo: “Albatta, iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilganlarga Rohman muhabbat paydo qilur”, degan. Maryam surasi 96-oyat
“Alloh sizni sevadir” Oli Imron 31-oyat
Mo'min banda uchun Allohning muhabbatidan ham ulug'roq baxt, saodat bormi!
Aytadilarki, haqiqiy muhabbat 3 narsada bilinadi:
- Sevgan suyganining so'zini boshqalarning so'zidan ustun qo'yadi;
- Sevgan suyganining suhbatini boshqalarning suhbatidan ustun qo'yadi;
- Sevgan suyganini mamnun etishni boshqalarni mamnun etishdan ustun qo'yadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon Alloh bir bandasiga muhabbat qilsa, Jabroilni chaqirib: “Men falonchiga muhabbat qildim. Sen ham unga muhabbat qil”, deydi. Bas, Jabroil unga muhabbat qiladi va osmonga nido qilib:“ Alloh falonchiga muhabbat qiladir. Sen unga muhabbat qil!” deydi. Shunda ahli osmon unga muhabbat qiladi. So'ngra uning uchun er ahlida qabul yo'lga qo'yiladi. Qachon Alloh bir bandani yomon ko'rib qolsa, Jabroilni chaqirib: “Men falonchini yomon ko'rdim. Sen ham uni yomon ko'r”, deydi. Bas , Jabroil uni yomon ko'radi va osmonga nido qilib: “Albatta, Alloh falonchini yomon ko'radi. Sen uni yomon ko'r !” deydi. Shunda ahli osmon uni yomon ko'radi. So'ngra uning uchun erda yomon ko'rish yo'lga qo'yiladi.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy shunday degan:” Alloh sevgisining alomati Qur'on sevgisidir. Qur'on sevgisining alomati Payg'ambar sevgisidir. Payg'ambar sevgisining alomati uning sunnatiga va go'zal ahloqiga tobe bo'lmoqdir. Sunnatga tobe bo'lishlikning alomati oxirat hayotini unutmaslik. Oxirat hayotini unutmaslikning alomati dunyoga hirs qo'yishdan , haromdan qochishdir.
Muhabbatning ziddi – g'azab, nafrat, yomon ko'rishdir. G'azab arab tilida “shiddatli”, “qattiq” degan ma'nolarni anglatadi.
Ulamolarimiz g'azabni shunday ta'riflaydi: “G'azab – bu ozor etkazgan tomondan intiqom hosil qilish”. G'azab Alloh taoloning fe'liy sifatlaridan biri bo'lib, U Zotning jaloliga muvofiq bo'ladi.
“ … Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.
Allohga nisbatan sodir etilgan ilk gunoh nima ekanini bilasizmi? Kibr! Ha, Iblisni Allohning buyrug'iga qarshi chiqishiga undagan narsa kibr edi: “Eslang, (ey Muhammad!) Biz farishtalarga : “Odamga sajda qilingiz!- deb buyurishimiz bilan ular sajda qildilar. Faqat Iblis bosh tortib, takabburlik qildi va kofirlardan bo'ldi” ( Baqara surasi, 34-oyat). Shuning uchun Alloh ushbu shaytoniy xulqni va bu razil illat bilan xulqlanganlarni suymaydi.
Imom Moturidiy rahimahulloh “Niso” surasidagi 34-oyatni sharhlab, shunday yozgan. “ Kibrli” so'zi “ Ixtiyaalun” o'zgidan olingan bo'lib, bir nechta ma'nolarni anglatadi:
- Mutakabbir;
- O'ta yolg'onchi, firibgar;
- Gerdayib yuruvchi;
- Yomon so'zni oshkora aytuvchilar
“Alloh yomon gapni oshkor qilishni xush ko'rmaydi. Magar mazlumdan bo'lsa, mayli. Alloh eshituvchi va bilguvchi Zotdir. Niso surasi, 148-oyat
Ushbu oyatda Alloh suymagan bandalarning yana bir sifati bayon qilingan.U ham bo'lsa, yomon so'zni oshkora aytish. Allohni sevgan itoatkor banda bunday nomaqbul so'zlarni aytmaydi,birovlarni g'iybat qilmaydi,hatto bu kabi so'zlarni hayoliga ham keltirmaydi.
Mulla Ali Qori aytadi: ”Agar banda Allohning hamma narsani eshitib bilib turishini bilganida edi, nafs targ'ib qilgan ko'p so'zlarni aytishdan hayo qilgan bo'lar edi. Hikmatli naqlda aytilganidek, haqni maqtashni odamlarni yomonlashdan ustun bilmagan inson komillik darajasiga eta olmaydi”.
Mujohid aytadi: Yomon so'zni oshkor qilish – bir odam mehmonga borsa-yu, mezbon uni yaxshi ziyofat qilmasa, u u erdan chiqib, falonchi meni hurmatimni joyiga qo'ymadi, yaxshi ziyofat qilmadi”, deb gapirishidir.
Bugun Alloh taolodan mol-dunyo so'raydiganlar ko'p. Obro'-martaba so'raydiganlar ham etarlicha topiladi.Lekin U zotdan O'zini so'raydiganlar afsuski juda oz.Ikki kaftini ochib: Yo Robbim! Men Sening roziligingni so'rayman.Men Sening muhabbatingni so'rayman”deb duo qiladiganlar kam uchraydi.Agar kishi obro'-martaba,xotin,bola-chaqa,bordi-yu hatto butun dunyoning molini so'rasalar ham aslida ular Alloh taoladan hech narsa so'ramabdilar. Dunyo matohlarining barchasi Allohning ishqi oldida arzimas narsadir. Shuning uchun butun vujudimiz bilan Undan tomirimizdan gunoh ildizlarini sug'urib tashlaydigan Ishqini so'raylik!
Hadichai Kubro ayol-qizlar o'rta
maxsus islom ta'lim muassasasi
4- kurs talabasi Alimova Odina
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2025-2026 o‘quv yilining 49-bitiruvchilarini kuzatishga bag‘ishlangan “XATMONA – 2026” bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlangan ushbu tantanali marosimda soha rahbarlari, ulamolar, davlat tashkilotlari mas’ullari hamda muhtaram mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov bitiruvchilarni ushbu quvonchli kun bilan qutlab, ularning kelgusi ilmiy va amaliy faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Xomidjon domla Ishmatbekov, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Ergash Daminov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusovlar so‘zga chiqib, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlar ta’lim-tarbiyasi va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga to‘xtaldi hamda ilm ahli zimmasidagi yuksak va sharafli mas’uliyatni ta’kidlab, duoi xayrlar qildilar.
Quvonchli va unutilmas voqealarga boy bo‘lgan tadbir doirasida yil davomida ilmiy-pedagogik, ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy sohalarda alohida faollik ko‘rsatgan bir guruh ustozlar hamda iqtidorli talabalar munosib taqdirlandilar. Jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi nomidan Abduqodir Pardayev “Ijtimoiy tarmoqlarda Raddiya yo‘nalishida eng ko‘p chiqish qilgan professor-o‘qituvchi”, Asliddin Mirzamiddinov “Eng faol targ‘ibotchi” hamda talaba Fazliddin Shamiyev “Fidoyi va jonkuyar talaba” nominatsiyalari bilan mukofotlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan fan oyligini yuqori saviyada tashkil etganlari uchun kafedra mudirlari Yusufxon domla Abdurahimov va Ulug‘bek domla Hasanov, mo‘tabar kitoblar xatmidagi faolligi uchun Rahmatulloh domla Maxsumxonov va Soatmurod domla Primov, namunali to‘garak faoliyati uchun Farhod domla Jo‘rayev hamda xalqaro Qur’on musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan talaba Sirojiddin Jalilovlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida institutda barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qib, namunali xulqi va fidoyiligi bilan ajralib turgan bitiruvchilar Muhammadjon Odilov, Abdumajid Sobirov va Boymurod Muhammadiyevlarga institut rektori tomonidan imtiyozli diplom va tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.
***
Shu kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Toshkent islom institutida xotin-qizlar bo‘limi bitiruvchilariga bag‘ishlangan “Xatmona – 2026” tantanasi bo‘lib o‘tdi. Qur’on tilovati bilan boshlangan tadbirda institut rahbariyati, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Diniy idora mas’ullari hamda poytaxt otinoyilari ishtirok etib, yosh olimalarni qutladi va kelgusi diniy-ma’rifiy faoliyatlarida zafarlar tiladilar. Ahamiyatlisi, bu yil institut tarixida ilk bor magistratura bosqichini tamomlagan ikki nafar ayol talaba ham diplomga ega bo‘ldi.
Marosim doirasida ta’limda yuqori natija ko‘rsatgan qizlarga imtiyozli diplomlar, to‘rt yillik sarhisob videoroliklari va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, Qur’oni karimni bir o‘tirishda yoddan o‘qib bergan 4 nafar murattab qoriyaga ramziy toj kiydirildi hamda ikki yil davomida “Sahihi Buxoriy” kitobini to‘liq xatm qilgan bitiruvchilarga ustozlari tomonidan maxsus ijozalar topshirildi. Tadbir yakunida dinu el xizmati yo‘lida duoi xayrlar qilindi.
Barcha bitiruvchilarni ushbu muborak ayyom bilan qutlab, dinimiz va xalqimiz ravnaqi yo‘lidagi kelgusi xizmatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati