Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Noyabr, 2025   |   3 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:58
Quyosh
07:22
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:01
Xufton
18:18
Bismillah
24 Noyabr, 2025, 3 Jumadul soni, 1447

20.05.2022 y. Dinimiz har sohada mo''tadillikka chaqiradi

18.05.2022   13291   14 min.
20.05.2022 y. Dinimiz har sohada mo''tadillikka chaqiradi

بسم الله الرحمن الرحيم

 

Muhtaram jamoat! Yaratgan bandalariga mehribon Zot, bizlarni yaratib o'z xolimizga tashlab qo'ymadi, balki dunyo va oxiratda ham baxtli hayot kechirishimiz uchun barcha narsalarni ochiq – oydin bayon qiluvchi kitobini va u kitobini bizlarga etkazuvchi Rasulini yubordi. Alloh taolo sizu biz mo'minlarga xitob qilib shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اسْتَجِيبُوا لِلَّهِ وَلِلرَّسُولِ إِذَا دَعَاكُمْ لِمَا يُحْيِيكُمْ

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlarni tiriltiruvchi narsa uchun chorlaganlarida, Allohga va Rasulga (labbay deb) javob qilingiz” (Anfol surasi, 24-oyat).

Mufassir ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi “Sizlarni tiriltiruvchi narsa”dan murod musulmon kishining ruhiy tirikligini ta'minlovchi imon, e'tiqod, shariatimizga muvofiq hayot tarzi ekanini ta'kidlab o'tishgan. Ha, dinimiz insonning qanday hayot kechirishi, nimalarga amal qilib, nimalardan saqlanishi kerakligini ochiq oydin belgilab bergan.

Dinimizga ko'ra inson ham ichki olami – qalbini isloh qilishga, ham tashqi ko'rinishini tartibga keltirishga buyurilgan.

Qalbini isloh qilishi – uning avvalo imon e'tiqodi, taqvosida, qolaversa, odob axloqi va insonlar bilan o'zaro muomalasida namoyon bo'ladi. No''mon ibn Bashr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar:

"أَلَا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ، وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ  كُلُّهُ، أَلَا وَهِيَ الْقَلْبُ"

(متفق عليه).

ya'ni: “Ogoh bo'lingkim! Albatta jasadda bir parcha go'sht bordir. Qachon u solih bo'lsa, jasadning hammasi solih bo'lur. Qachon u buzuq bo'lsa, jasadning hammasi buzuq bo'lur. Ogoh bo'lingkim ushbu narsa qalbdir”.

Kishining tashqi olami esa, uning kiyimi va tashqi ko'rinishining ozoda va tartibli ekanida ko'rinadi. Dinimiz mana shu ikki jihatni tartibga solishga buyuradi.

Kiyim – inson ziynati. U kishi ma'naviyati, madaniyati, didi va dunyoqarashining yorqin ko'zgusidir. Kiyim insonni issiq-sovuqdan saqlaydi, avratlarini berkitadi va kishiga ziynat bo'lib xizmat qiladi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

يَا بَنِي آدَمَ قَدْ أَنْزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاسًا يُوَارِي سَوْآتِكُمْ وَرِيشًا وَلِبَاسُ التَّقْوَى ذَلِكَ خَيْرٌ ذَلِكَ مِنْ آيَاتِ اللَّهِ لَعَلَّهُمْ يَذَّكَّرُونَ

ya'ni: “Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi – bu, yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo''jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab ko'rsalar!” (A'rof surasi, 26-oyat).

“Avrat” so'zi arabcha bo'lib, inson o'z qadri va hayosini asrab qolishi uchun badanining bekitadigan a'zolarini anglatadi. Inson tanasining ko'zdan yashirilishi va namozda yopiq turishi farz qilingan, ko'rsatish va qarash harom bo'lgan qismi – avratdir.

Johiliyat davrida odamlar nafsi havolaridan kelib chiqib kiyinishar edi. Islom kelib kiyinish masalasini tartibga soldi. Inson ehtiromi va jamoatchilik odobiga zid bo'lgan liboslardan qaytardi. Shu bilan birga kiyinish madaniyatiga rioya qilishga chaqirdi.

Islom dini ko'rsatmasiga ko'ra ayol-qizlar balog'atga etganlaridan keyin begona (nomahram) erkaklardan to'sish uchun o'z avrat a'zolarini berkitib yurishlariga buyurilganlar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

وَقُلْ لِلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا  وَلْيَضْرِبْنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَى جُيُوبِهِنَّ

ya'ni: “Mo'minalarga ham ayting, ko'zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Shuningdek, (odatda) ko'rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko'rsatmasinlar va ro'mollarini ko'kraklari uzra tushirib olsinlar! ...” (Nur surasi, 59-oyat).

Ushbu oyati karimadagi “ko'rinib turadiganidan boshqa ziynatlari” jumlasini sharhlab jumhur ulamolar ayollarning ikki qo'lining kafti va yuzi avrat hisoblanmaydi, deganlar.

Mazkur oyati karimada muslima ayol-qizlarga tashqaridan bo'lishi mumkin bo'lgan salbiy ta'sir va muomalalardan o'zlarni saqlash maqsadida begona (nomahram) erkaklarni oldida avratlarini yashirib, yopinchiqlarini ustilariga tashlab yurishlariga buyurilmoqda.

Ta'kidlash joizki, islomda ibodat libosi yo'q. Asosiy talab erkak kishi kiyinishda o'zini ayollarga o'xshatib olmasligi yoki aksincha, ayol erkakcha kiyinmasligi sanaladi. Hanafiy mazhabimizga ko'ra ayol kishi o'ranganida ikki qo'lining kafti va yuzidan boshqa a'zolarini yopishi vojibdir. Bunga Payg'ambarimiz alayhissalomning Asmo binti Abu Bakr raziyallohu anhoga qarata aytgan quyidagi hadislari ham dalolat qiladi:

"يَا أَسْمَاءُ، إِنَّ الْمَرْأَةَ إِذَا بَلَغَتِ الْمَحِيضَ لَمْ يَصْلُحْ أَنْ يُرَى مِنْهَا إِلاَّ هَذَا وَهَذَا" وَأَشَارَ إِلَى وَجْهِهِ وَكَفَّيْهِ"

(رَوَاهُ الامام أَبُو دَاوُدَ).

ya'ni: “Ey Asmo, ayol kishi voyaga etganda undan mana bu va mana bu joylaridan boshqasi a'zosi ko'rinishi mumkin emas”, deb yuz va ikki kaftlariga ishora qildilar” (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).

Lekin hozirda ayrim ayol-qizlarimiz soxta g'oyalar ta'sirida, o'zgalarga taqlid qilib mazhabimizga xilof va milliy urf-odatlarga zid ravishda yuz va qo'llarini to'sgan holda burqa va niqob taqib olish holatlari uchrab turibdi. Aslida har bir narsada bo'lgani kabi, kiyimda ham mo''tadil bo'lish maqsadga muvofiq sanaladi.

Islomda ayol-qizlarning satri avratda bo'lishi talab etilsada, bunda maxsus ko'rinishdagi yoxud maxsus rangdagi kiyim kiyish shart qilinmagan. Ya'ni, ibodatli, diyonatli ayollar maxsus rang yoki ko'rinishdagi liboslarni kiyishlari farz yoki vojib deb belgilanmagan. 

Islom tarixida ba'zi sahobiya ayollarning qora rangli yopinchiqqa o'ranganlarining asosiy sababi o'zlariga nomahram erkaklarning e'tiborini jalb etmaslik bo'lgan. Lekin bundan boshqa muslima ayollarning ham kiyimlari aynan qora rangda bo'lishi shart ekani kelib chiqmaydi.
Shariatda talab etilgani – ayollarning libosi avrat a'zolarini to'liq yopishi kerakligidir.

Ayollarning qora kiyim kiyishlariga diniy tus berish noto'g'ri ekanini hozirgi zamon ulamolari ham ta'kidlab o'tishgan. Zero, Qur'oni karimda ham, sunnati nabaviyada ham ayollar qora rangli libosda bo'lishi haqida ko'rsatma yo'q. Saudiya Arabistoniga qarashli “Ilmiy tadqiqotlar va fatvo berish doimiy qo'mitasi” tomonidan e'lon qilingan “Ayol kishining ro'moli va libosining rangi haqida”gi fatvosida shunday deyilgan: “Muslima ayol kishining libosi qora rangga xoslangan emas. U istagan rangdagi libosni kiyishi mumkin. Bunda kiyim avrat a'zolarini to'sadigan bo'lishi, erkaklarning libosiga o'xshamasligi, tor bo'lib, ayolning a'zolarini bildirib turmasligi, yupqa bo'lib, badanini ko'rsatadigan bo'lmasligi hamda fitnaga sabab bo'lmaydigan libos bo'lishi shart qilingan”.

Muhtaram azizlar! Ayol kishining yuzini berkitishi, qo'llariga qo'lqop taqib olishi yoki ayrim yigitlarning uzun soqol qo'yib olishi ularning taqvodorligini ifodalamaydi. Aslida taqvo insonning qalbida bo'lib, uning nishonasi amalda va insonlar bilan muomalada namoyon bo'ladi. Payg'ambarimiz alayhissalom hadisi shariflaridan birida:  

"التقوى ها هنا وأشار إلى القلبِ بحسْبِ امريءٍ من الشرِّ أن يحقِرَ أخاه المسلمَ" (أخرجه مسلم).

ya'ni: “Taqvo bu erda, deb qalbga ishora qildilar va “Bir kishining yomonligiga birodarini tahqirlashi etarli bo'ladi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari).

Hozirda ayrim yigitlar betartib soch-soqol qo'yib, atrofidagilar bilan qo'pol va dag'al muomalada bo'lishi, har-xil bemani yozuv va rasmlar tushirilgan futbolka, kalta shim va  shippaklarda ko'chani to'ldirib yurishi musulmonchilik odoblariga to'g'ri kelmaydi.  Musulmon kishining odobi uning quruq da'vosida emas, balki, yurish-turishi, harakotu sakanotida namoyon bo'lishi lozim.

O'rni kelganda shuni ham aytib o'tishimiz lozimki, ba'zi qizlarimizning milliyligimizga munosib bo'lmagan, tizzalari yirtiq-yamoq shimlarni, "moda" deb turli bema'ni rasm va yozuv solingan kiyimlarni kiyib olishlari adabsizlik va hayosizlikdir. Zero, ayol-qizlar Alloh bergan husnu jamolini ko'cha-ko'yda ko'z-ko'z qilib gunohga botmay, iffatli kiyinishlari kerak.

O'zga millat madaniyatiga ergashib, haqiqiy, sof madaniyatimizni, e'tiqodimizni esdan chiqarmasligimiz lozim va lobud. Shu o'rinda bir zarbul masalni eslab o'tishimiz maqsadga muvofiq.

O'tgan zamonda bir qarg'a bo'lgan edi. U mo''tadil harakat qilib yurar edi. Bir kuni u o'ynoqlab yurgan chumchuqni ko'rib qoldi. Qarg'ani aqlu hushu uchib, uni engilligi, ohista sakrashi va uchishi haqida o'ylab qoldi. O'ylay – o'ylay unga taqlid qilishga azmu qaror qildi. Haddidan oshib, bor kuchini ishga soldi. Tabiatidagi qarg'alarga xos xislatlar qolib “chumchuq” bo'lishni istab qoldi. Tinimsiz mashqlardan so'ng natija chiqmagach, hafsalasi pir bo'ldi. Ko'zlagan orzusiga erisholmagach, avvalgi holatiga qaytmoqchi bo'ldi. Lekin... Qanday yurishni bilmadi. “O'zining yurishini” esidan chiqargandi. Shuning uchun ham Rasuli akram alayhissalom o'zga millatga ko'r ko'rona ergashish, taqlid qilishdan qaytarganlar:   

«مَنْ تَشَبَّهَ بِقَوْمٍ فَهُوَ مِنْهُمْ» (رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ)

ya'ni: “Kim o'zini biror qavmga o'xshatsa u ulardandir”, - dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Muhtaram azizlar!Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to'g'ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo'lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan jiddiyroq shug'ullanishga undaydi. Tarixda musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko'plab kashfiyotlarni taqdim etganlar. Kashfiyotlarning ko'pi aniq fanlarga to'g'ri kelgan, ya'ni matematika, geometriya, astronomiya, fizika, kimyo hamda tibbiyot fanlari rivojlangan.

Lekin voqe'ligimizning aksar holatlarida bekorchi tortishuvlar, diniy his-tuyg'ularni qo'zg'atish bilan gij-gijlash holatlari haligacha davom etmoqda. Ma'rifatparvar ajdodlarimizdan Munavvarqori Abdurashidxonov bundan bir asr oldin taassuf bilan shunday degan edilar: “Bugungacha Ovrupo xalqi osmonga uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupolilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyim janjallari, Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jo'g'rofiya va tabiyot o'qitish, o'qitmaslik ixtiloflari davom etadi”.

Ko'rib turganimizdek, bu so'zlar hozirgacha o'z qiymatini yo'qotmagan. U kishi zikr qilgan tortishuvlarning aksariyati hali ham uchramoqda. Musulmonchilikni erkaklar faqat uzun soqol qo'yishda, ayollar esa yuz qo'llarini o'rab olishlaridan iborat deb o'ylashlari nodonlikdir. 

Aslida, farzandlarimizni jamiyat uchun manfaatli qilib tarbiyalash bugungi kunda barchamizning maqsadimiz bo'lishi lozim. Zero, Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِىُّ عَنْ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه).

ya'ni: “Odamlarning Allohga eng sevimlisi boshqalarga foydasi ko'proq tegadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Alloh taolo yoshlarimizni kamolotga erishtirib, ajdodlariga munosib avlod bo'lishini nasib qilsin. Omin!  

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Moturidiylik aqidasi soxta da’vatchilarga nima deydi?

24.11.2025   219   12 min.
Moturidiylik aqidasi soxta da’vatchilarga nima deydi?

Islom dinida aqida eng muhim sohalardan sanaladi. U hamma narsaning asosi bo‘lib, bandaning ibodati ham, dunyoqarashi ham, turmush tarzi ham, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlari ham shunga qarab shakl oladi.

Mo‘min-musulmon inson o‘z aqidasi, imon-e’tiqodi qanchalar mustahkam ekanini hech ham nazardan qochirmasligi kerak. Ayniqsa, fitnalar avj olgan hozirgi davrda har bir musulmon kishi o‘z aqidasining to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekanini aniq bilishi, kerak bo‘lganda, uni himoyalay olishi zarur. Bilimsizligi yo e’tiborsizligi oqibatida adashganlarning da’volariga ergashadigan bo‘lsa (Alloh saqlasin!), faqat oxiratda emas, bu dunyoda ham nadomat chekuvchilardan bo‘lib qoladi.

Hamma zamonlarda bo‘lganidek, bugun ham ayrim buzg‘unchi da’vatchilar mutashobih (ma’nosi yashirin, izohtalab) oyat va hadislardan misollar keltirib, ularga noto‘g‘ri yondashgan, o‘zining haqni aytuvchi ekanini da’vo qilgan holda ko‘pchilikning adashishiga sabab bo‘lmoqda. Afsuski, bilib-bilmay ularga ergashayotganlar talaygina. Bunga ko‘p sabablarni keltirish mumkin. Lekin asosiysi ilm-ma’rifatning pastligi, saviyasizlik, dalillarni chuqur anglamaslikdir. Soxta da’vatchilar ko‘pincha shundan foydalanadi. Sodda odamlar “oyat va hadisda kelgan ekan” deb, ularga ishonib ketaveradi.

Vaholanki, Alloh taolo: “Ey imon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab (tekshirib) ko‘ring!”[1] deb marhamat qilgan. Musulmon kishi o‘z aqidasida adashib qolmasligi uchun e’tiborli bo‘lishi, eng ishonchli dalillarga ularni teran anglagan holda ergashishi lozim. Ta’na qilingan, “soxta da’vatchi” yo “soxta shayx” degan nomlarga loyiq ko‘rilgan kishining gapiga ishonmasligi, boshqalarga ham ko‘r-ko‘rona ergashmay, avval tekshirib ko‘rishi va aytganlarining mohiyatiga yetib borishi kerak. Shundagina asl haqiqat nima ekanini bilish mumkin.

Hozir ayrim da’vatchilar musulmonlar birligiga rahna solish maqsadida islom ummati ming yillar davomida e’tiqod qilib kelgan moturidiylik va ash’ariylik ta’limotlari noto‘g‘ri ekanini da’vo qilib chiqmoqda. Go‘yo o‘zlarini Qur’on va sunnatga ergashgan-u, bu ikki maktab undan yiroqdek. Betamizlik shu qadar oshyaptiki, ba’zan ulardan “Moturidiylarning kitoblarida birorta oyat va hadis yo‘q” degan da’volarni eshitish mumkin. Bu – o‘ta og‘ir gap. Aslida aqidaviy kitoblarning har bir mavzusida, har bir varag‘ida aytilgan fikrlarni dalillovchi oyat va hadislar bor. Bunga iqror bo‘lish uchun o‘sha manbalarni ochib, o‘qib ko‘rish kerak, xolos. Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxisul adilla”, Abu Barakot Nasafiyning “E’timod fil e’tiqod” – moturidiylik ta’limotiga oid har qanday asarga qaralsa, ichidagi har bir aqidaviy mavzuda ko‘plab oyat va hadislardan dalillar kelgani osongina ayon bo‘ladi.

Keling, avval moturidiylik haqida qisqacha ma’lumot keltiraylik. Ushbu ta’limot ahli sunna val jamoaning ikki yirik ustunlaridan biri hisoblanadi. Unga “Imomul huda” – “Hidoyat imomi” degan yuksak nomga sazovor bo‘lgan Abu Mansur Moturidiy asos solgan.

Imom Moturidiy yashagan davr islom olamida turli o‘zgarishlar avj olgan, ayniqsa, turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar kuchaygan paytga to‘g‘ri keladi. Shunday sharoitda u ahli sunna val jamoa e’tiqodini himoya qilib, bu yo‘lda xavorij, rofiza, karromiyya, jahmiyya, mushabbiha va boshqa botil firqalarning da’volariga raddiyalar bergan. Keyingi davrlarda esa, ushbu ta’limotni batafsil o‘rgangan va uning mohiyatini chuqur bilgan Abul Yusr Pazdaviy, Abu Muin Nasafiy, Saffor Buxoriy, Abu Hafs Nasafiy, Ali ibn Usmon O‘shiy, Nuriddin Sobuniy va Abu Barakot Nasafiy kabi olimlar uning yo‘lini davom ettirib, moturidiylik ta’limotini rivojlantirgan.

Moturidiylik ta’limotida naql (oyat va hadis) asosiy manba hisoblanadi. Har bir masalaning negizidagi dalilda oyat va hadislar yotadi. Aql esa yordamchi vosita hisoblanadi. Ma’rifat hosil qilishda naql, aql va sog‘lom sezgilar asosiy vosita ekani ta’kidlangan. Manbalarga qaraydigan bo‘lsak, adashgan toifalarga raddiya berishda ham naqldan, ham aqldan samarali foydalanilgani ko‘zga tashlanadi. Chunki noto‘g‘ri da’volar noqis aql bilan ana o‘sha asosiy naqlni to‘g‘ri tushunmaslikdan kelib chiqadi. Shu sababli moturidiy olimlar sog‘lom aql bilan, manbaga teran nazar solgan holda, eng nozik nuqtalarni e’tibordan chetda qoldirmay, xolis yondashib, masalalarga naqliy dalillar asosida aqliy dalillarni ham keltirgan. Maqsad – islomning haqiqiy mohiyatini ochib berish, sofligini saqlab qolish va odamlarning sog‘lom aqidaga ergashishini ta’minlash bo‘lgan. Shu tufayli ham ushbu ta’limot asrlar davomida barhayot turipti. Ahli sunna val jamoa musulmonlari hozirga qadar ushbu ta’limotga ergashib, sof aqidasini saqlab kelmoqda.

Bugun ba’zi toifalar moturidiylik aqidasini noto‘g‘ri deb da’vo qilmoqda. Lekin gap-so‘zlariga nazar solsangiz, ularning naqadar puch va asossiz ekanini ko‘rasiz. Quyida shunday da’volardan ayrimlarini keltirib, ularga moturidiylik ta’limotida qanday javob berilganini qisqacha bayon etamiz.

E’tibor qilish kerak bo‘lgan jihat shuki, adashgan toifalar iddao qilayotgan da’volar bugun chiqib qolgan emas. Ular aytayotgan har qaysi aqidaviy masalaning tarixiy ildizlari bor. Bu toifalar mo‘tazila, mushabbiha, mujassima, karromiyya va boshqalarni qattiq tanqid qilsa-da, o‘zlari da’vo qilayotgan narsalarining ildizlari bilan aynan o‘shalarga borib taqaladi. Masalan, hozir soxta da’vatchilar mushabbiha, mujassima va karromiyya toifalari kabi “Alloh taolo – Arshning ustida” deb da’vo qiladi. Bunga

 ﴿الرَّحْمَنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَى

“Rahmon Arshga istivo qildi”[2] oyatini dalil qilib keltiradi. Ya’ni, oyatdagi “istivo” so‘ziga “joylashish”, “o‘rnashish” ma’nolarini berib, “Alloh Arshga o‘rnashdi” deb ta’vil qiladi va Allohga biror makonda ekanini go‘yo isbot qiladi.

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, Alloh taolo makondan behojat Zot. Moturidiylikka oid manbalarda bu masalaga quyidagicha yondashiladi: “Oyatdagi “istivo” so‘zi muhtamal ya’ni, har xil ehtimol va ma’nolarga ega. Birinchidan, mukammallik ma’nosida ishlatiladi. Bunga Alloh taoloning Muso alayhissalom haqida

 ﴿وَلَمَّا بَلَغَ أَشُدَّهُ وَاسْتَوَى

“Qachonki u voyaga yetib, mukammal bo‘lganda”[3] degani misol bo‘ladi. Ya’ni bu o‘rinda “istivo” “kamolga yetish” ma’nosida kelgan.

Ikkinchidan, “istivo” so‘zi “qaror topish”, “joylashish” ma’nolarida keladi. Bunga Alloh taoloning Nuh alayhissalomning kemasi haqida:

 ﴿وَاسْتَوَتْ عَلَى الْجُودِيِّ﴾

“U (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi”[4]degan so‘zlari dalil bo‘ladi.

Uchinchidan, “istivo” so‘zi “ega bo‘lish” ma’nosida qo‘llanadi.

Birinchi va ikkinchi ma’noni Alloh taologa nisbatan qo‘llash Uning Zotiga loyiq emas. Chunki, Alloh taolo bizning tushunchamizdagi jism emaski, Uni biror makonda desak. Ikkinchidan, O‘zi mukammal bo‘lgan Zotga “kamolga yetish”ni nisbat berish ham mutlaqo noo‘rindir.

Demak, “ega bo‘lish” ma’nosini qo‘llash to‘g‘ri bo‘ladi. Alloh taolo oyatda O‘zini madh etganiga ko‘ra, “Rahmon Arshga istivo qildi” jumlasini “Rahmon Arshning egasi bo‘ldi” deb tafsir qilish lozim. Oyatda Arsh xoslab keltirilganining sababi – u maxluqotlarning (yaratilgan narsalarning) eng kattasi bo‘lgani uchundir. Bundan Alloh taolo barcha maxluqotlarning Egasi ekani ma’lum bo‘ladi. Chunki maxluqotlardan eng kattasining egasi bo‘lish butun olamning egasi bo‘lishni taqozo etadi”.

Ko‘rinib turibdiki, moturidiylikda Alloh taoloni poklashga nihoyat darajada daqiqlik bilan yondashilgan. U Zotni maxluqot sifatlariga o‘xshash sifatlardan poklashga qattiq e’tibor berilgan. “Istivo”ning Alloh taologa eng loyiq bo‘lgan ma’nosi tanlangan. Soxta da’vatchilar da’vo qilgandek “istivo”ga “joylashish”, “qaror topish” ma’nolari berilganda edi, Alloh taologa makon nisbat berilib, U Zotni jismga o‘xshatish holati yuzaga kelib qolgan bo‘lardi. Bu esa olamlarning Rabbi bo‘lgan Zotga noloyiqdir.

Soxta da’vatchilarning da’volaridan yana biri “Alloh taolo – osmonda” deb e’tiqod qilishdir. Bunga “asos” sifatida Alloh taoloning

 ﴿مَنْ فِي السَّمَاءِ

“Osmondagi Zot”[5] degan so‘zlari va yana bir qancha mutashobih oyatlar dalil qilib keltiriladi. Qo‘shimcha tariqasida inson duo payti qo‘llarini osmonga ko‘tarishi aytiladi.

Moturidiylik manbalarida ularga quyidagicha javob beriladi: “Alloh taoloning “Osmondagi Zot” degan so‘zidan murod “Ilohligi osmonda bo‘lgan Zot” degan ma’nodadir. Uning

 ﴿وَهُوَ الَّذِي فِي السَّمَاءِ إِلَهٌ وَفِي الْأَرْضِ إِلَهٌ﴾

“U Zot osmonda ham ilohdir, yerda ham ilohdir”[6] degan so‘zlaridan murod esa osmonda ham, yerda ham ilohligining sobitligidir. Bu Alloh taoloning Zoti osmonda sobit ekanini anglatmaydi. Bu xuddi “Falonchi Buxoro va Samarqandda amirdir. Ya’ni, uning zoti emas, amirligi (o‘sha) ikkalasigadir” degandek gap. Chunki Uning Zoti osmonda ham, yerda ham bo‘lishi mumkinmas. Ammo ikkalasida ham Rabbligi va Ilohligi bo‘lishi mumkin.

Alloh taolo O‘zi yaratgan maxluqotlardan behojatdir, shu jumladan, makondan ham. U Zot Qur’oni karimda:

 ﴿إِنَّ اللَّهَ لَغَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ

“Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir”[7], degan. Arsh, yer va osmonlar – barchasi Alloh yaratgan maxluqotlar bo‘lib, olam jumlasiga kiradi. Alloh taolo esa olamlardan behojat, ya’ni ularga hojati tushmaydigan Zotdir.

Duo paytida qo‘llar va yuzlarni osmonga ko‘tarish sof ibodat bo‘ladi. Bu namozda Ka’baga yuzlanishga o‘xshaydi. Baytulloh namozning qiblasi bo‘lgani kabi osmon duoning qiblasidir”.

Demak, Alloh taolodan boshqa hamma narsa hodis (paydo bo‘lgan, yaratilgan) hisoblanadi. Zamonlar, makonlar, yaratilgan nimaiki narsa bo‘lsa, Alloh taolo ulardan behojatdir. Alloh taolo azaliy bo‘lib, U bilan birga biror narsa azalda mavjud bo‘lgan emas. Jumladan, yeru osmonlar ham, Arsh va Kursiy ham.

Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, moturidiylik aqidasida har bir masalaga chuqur, asosli, ilmiy nuqtayi nazardan yondashiladi, masalaning tub mohiyatini ochish uchun jiddu jahd qilinadi, asl haqiqat nimada ekaniga qattiq e’tibor beriladi, oyat va hadislarning ma’nolari har tomonlama o‘rganilib, to‘g‘ri ta’vil qilinadi. Adashgan buzg‘unchi toifalar esa oyat va hadislarning zohiriy ma’nosiga qarab hukm qilib ketaveradi. Ular matnning asl mazmun-mohiyati nima ekanini tushunmagani, chuqur tahlilga ilmiy salohiyati yetmagani tufayli o‘zining noqis aqli to‘g‘ri deb bilgan va nafsiga ma’qul kelgan narsaga mahkam yopishib oladi. Shunisi ma’lumki, asrlar davomida islom aqidasining sofligini saqlash uchun beqiyos xizmat qilgan zabardast mujtahid olimlarning etagini tutish oyat va hadislarning asl mohiyatini, shariat maqsadlarini anglab yetmagan, ilmsiz, soxta da’vatchilarga ergashishdan har tomonlama afzaldir. Shuning uchun mo‘min-musulmon inson o‘z dinini yaxshilab o‘rganishi va bunda kimdan nimalarni qay tarzda o‘rganayotganiga e’tiborli bo‘lishi lozim.

[1] Hujurot surasi, 6-oyat.

[2] Sho‘ro surasi, 11-oyat.

[3] Qasos surasi, 14-oyat.

[4] Hud surasi, 44-oyat.

[5] Mulk surasi, 16-oyat.

[6] Zuxruf surasi, 84-oyat.

[7] Ankabut surasi, 6-oyat.

Ravshan Elmurodov,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

MAQOLA