Oila – muqaddas tushuncha. Har bir odam o'zini oilasiz tasavvur qila olmaydi. Oila jamiyatning bir bo'lagi.
Barcha narsa juft-juft bo'lib yaratilgan ekan, shunday yashash tabiat qonunidir. Lekin oila bo'lib yashash tabiat taqozasidir. Yer yuzida birinchi oilani Odam Ato bilan Momo Havo tuzishgan. Ular uzoq ayriliqdan keyin bir-birini juda sog'inib qolishgach, diydor ko'rishganlar. Muhabbat tarixi ham birinchi otamiz va birinchi onamizdan boshlanadi desak, yanglishmaymiz. Muhabbat juda qadimgi tushuncha, lekin uni har bir yurak yangilaydi, deganida shoir haqdir.
Ma'lumki, oila jamiyatning birinchi va birlamchi zarrasidir. Jamiyat ana shu kichik zarralardan tashkil topadi. Lekin u shunchaki zarra emas, tirik vujudlar ittifoqidir. Har bir tirik vujudning o'zi alohida bir olam. Yer yuzida agar 7 milliarddan ortiq odam yashasa, ularning har biri o'ziga xos fe'l-atvorga ega, bir odam ikkinchi odamdan nimasi bilandir farqlanadi, bu yorug' jahonda bir-birini aynan takrorlaydigan kishilar yo'q. Odamlarki betakror bo'lsa, oilalarning bir-biriga o'xshamasligi o'z-o'zidan ayondir. Er va xotin – ikki tirik vujudning, ikki odamning o'zaro ittifoqidan paydo bo'lgan uchinchi bir olam- bu oiladir. Ittifoq iborasida ahillik, totuvlik degan ma'nolar ham bor, albatta. Agar oila haqiqatan tinch-totuv, ahil bo'lsa, olam guliston. Aks holda turmush do'zaxga aylanadi, oila esa zindonning o'zi bo'ladi, er-xotin esa bir-biriga raqib va raqiba bo'lib qoladilar, buning jabrini esa ulardan ko'ra farzandlari, yaqin qarindoshlari tortadilar. Jamiyatga moddiy va ma'naviy ziyon etadi.
Darhaqiqat, oila faqat er va xotinning o'zidan iborat emas. Oila er- xotin, ularning bola-chaqalari, eng yaqin tug'ishganlaridan iborat kishilar guruhi, boshqacha aytganda xonadondir. Oila odamlarning tabiiy, iqtisodiy, huquqiy, ma'naviy munosabatlarlariga asoslangan ijtimoiy birligidir. Tabiiy munosabat deyilganda, er-xotinlik munosabatlari, farzand ko'rish; iqtisodiy munosabatlar deyilganda, mulkiy munosabatlar: uy-ro'zg'or, hovli-joy – boshpana – kichik vatan; xuquqiy munosabat deyilganda, nikohni davlat yo'li bilan qayd etish nazarda tutilmoqda. Oila rasmiy tus olgan taqdirdagina, er xotini oldida, xotin eri oldida,ularning ikkovlari farzandlari oldida, farzandlari ota-onalari oldida mas'uliyati va burchlari, haqlari bo'ladi. Ma'naviy munosabat deyilganda er-xotin, ota-ona va farzandlari o'rtasidagi mehr-muhabbat, mehr- oqibat, odob-axloq, ta'lim- tarbiya kabi insoniy tuyg'ular va talablar ko'zda tutilmoqda.
Oila a'zolari bir-birlari bilan umumiy turmush, o'zaro iqtisodiy-mulkiy, huquqiy,axloqiy, ruhiy aloqalar bilan bog'lanadi. Oilaning birinchi vazifasi o'z nasl-nasabini davom ettirishdan, solih va soliha farzandlarni tarbiyalashdan, oila a'zolarining tirikchiligini, bo'sh vaqtni ko'ngilli o'tkazishni ta'minlashdan iborat.
Oilaviy munosabatlar nisbatan mustaqil hodisa bo'lib, oilaning ichki ishlarlariga hech kim huda-behuda aralashishga haqli emas. Shu sababli oila muqaddas va daxlsiz hisoblanadi. Oila o'ziga xos kichik bir muxtor davlatdir. Lekin oila osmondan tushmaydi, oila jamiyatdan tashqarida bo'lmaydi, uning tarkibida bo'ladi. Oilaviy munosabatlar jamiyatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy va ma'naviy munosabatlar bilan belgilanadi va ular ta'sirida o'zgarib boradi. Oilaviy munosabatlar jonli va o'zgaruvchan jarayondir. Shunga ko'ra har bir jamiyat o'ziga mos va xos oila turini tanlaydi va shakllantiradi. Masalan, XII asrdagi o'zbek oilasi bilan bugungi o'zbek oilasi o'rtasida farqlar bor.
O'zbek oilasining jahondagi boshqa oilalarga o'xshash tomonlari ko'p. Shu bilan birga uning o'ziga xos jihatlari ham yo'q emas. Halqimizda, nikoh eng, avvalo, Arshi a'loda o'qilur, keyin esa erda, degan naql behudaga aytilmagan. Ota-bobolarimizning azaliy tushunchalari bo'yicha, nikoh – ilohiy ahd, oila muqaddasdir.
Hazrat Rumiy: “Sen oilangda baxtli bo'lsang, ko'chada ham baxtlisan”, deb bejiz aytmaganlar. Baxtli oila – baxtli hayot asosi hisoblanadi. Bunday oilalarni asrab-avaylash eng asosiy vazifalarimizdan. Baxtli oilamiz qadriga etish har birimizning burchimiz. Oila baxtli bo'lishida esa diniy tarbiya va ilmning ahamiyati juda kattadir.
Faxriddin YeRNAZAROV,
Toshkent Islom instituti
“Tillar” kafedrasi katta o'qituvchisi.
Bugun viloyatimizda turizm sohasidagi asosiy maqsadlardan biri sayyohlar sonini ko‘paytirish bilan birga, ularning hududda qolish muddatini uzaytirish va sifatli xizmatlar bilan ta’minlashdan iborat, deydi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sherbek Bo‘ronov.
Uning aytishicha, yilning birinchi yarim yilligida Samarqandga 3,4 million nafardan ortiq xorijiy va 4,7 million nafar mahalliy sayyoh keldi.
“Turistlarning tashrif davomiyligi o‘rtacha 3 kunga yetdi. Bu avvalgi davrga nisbatan 0,5 kunga ko‘pdir. Shuningdek, bir nafar sayyohning o‘rtacha xarajati 400 dollarni tashkil etib, 70 foizga oshdi. Buning natijasida turizm xizmatlari eksporti hajmi 578,1 million dollarga yetdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 144 foiz o‘sish ta’minlandi”, - Bo‘ronov so‘zidan iqtibos keltiradi “Zarafshon” nashri.
Uning fikriga ko‘ra, Samarqandning turistik salohiyatida ziyorat turizmi alohida o‘rin tutadi. “Zero, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar yillar davomida dunyoning turli mamlakatlaridan keluvchi mehmonlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining to‘liq foydalanishga topshirilishi mazkur yo‘nalishda yangi imkoniyatlar yaratdi. Majmua kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Oxirgi uch oy davomida ziyoratgohga 2,8 milliondan ziyod mehmon tashrif buyurdi”, - o‘z so‘zini yakunladi Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati