Habar berganimizdek, shu kunlarda yurtimizda o'tkazilayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida qatnashish uchun ko'plab xorij mamlakatlaridan martabali mehmonlar tashrif buyurishgan.
Nufuzli forum doirasida xorijlik mehmonlar poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarini aylanishmoqda.
Bugun, 17 may kunning birinchi yarmida Nigeriya Argunu shtati amiri Elhaj Samoil Muhammad Mera janoblari O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi qurilish jarayonlarini ko'zdan kechirish uchun tashrif buyurdi.
Mehmonga Markaz direktori Shoazim Minovarov va Diniy idora raisi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovlar hamrohlik qilishdi.
Mehmon muhtasham binoning tashqi va ichki bezaklari, ularga Qur'on oyatlari va hadislar bilan yozilgan ravoq, eshiklar va darvozalar, muzey qismidagi namuna hudud bilan tanishib, quyidagi fikrlarni chuqur hayajon ila bildirdi:
– Ushbu salobatli binoga Islom dini nima ekanini bilmayotganlarni, albatta, olib kelish kerak. Men O'zbekiston Rahbarining Islom tsivilizatsiyasi markazini barpo etish haqidagi fikrini qo'llab-quvvatlayman. Markaz ishga tushgach, u butun dunyo musulmonlari uchun ma'rifiy ziyoratgohga aylanadi. Markaz ochilish jarayoniga, albatta, Nigeriya sultoni bilan kelamiz, inshoalloh. Olam rivojiga shuncha hissa qo'shgan ajdodlar bilan har qancha faxrlansangiz arziydi”, dedi nigeriyalik mehmon.
Bugun kunning ikkinchi yarmida Markazga Gana Respublikasi sobiq bosh imomi, elchi Umar Sanda Ahmad ham tashrif buyurdi. U kishiga O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori o'rinbosari Firdavs ... hamda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov hamroxlik qilishdi.
Mehmonning aytishicha, muqaddam O'zbekiston haqida deyarli hech narsa bilmagan. Ikki kun davomida O'zbekiston tarixi, madaniyati, salohiyati, ayniqsa, oxirgi yillardagi o'zgarishlar to'g'risida chuqur ma'lumotga ega bo'lgani va bundan juda hayratdaligini yashirmadi.
Tashrif davomida Elchi Umar Sandaga Markaz faoliyati, ulug' ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy meros haqida batafsil ma'lumot berildi. Mehmon katta orzu va havas bilan shunday boy ilmiy salohiyatli Markaz bilan hamkorlik qilishdan boshi osmonga etishini aytib, qabul va ehtirom uchun tashakkur bildirdi.





O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.
Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.
Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati