O'tgan hafta davomida yurtimizning bir guruh taniqli va voiz ulamolari Toshkent viloyatidagi masjidlarga tashrif buyurib, kundalik namozlarni jamoat bilan birga ado etib, mo'min-musulmonlarga ma'rifiy suhbatlar qilib berishdi.
Hususan, kecha, 13 may kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov Yangi yo'l tumanidagi “Said ibn Zayd” jome masjidiga juma namoziga tashrif buyurib, mo'min-musulmonlarga “Sunnatga amal qilish va bid'atning zararlari” mavzusida manfaatli mav'iza qilib berdi.
Mav'iza davomida Ibrohimjon domla hadis va ulamolarning so'zlari asosida mazkur mavzuni keng sharhlab jumladan bunday dedilar:
– Darhaqiqat, sunnat bu dinda yuriladigan yo'ldir. Kim eng to'g'ri yo'lda yurmoqchi bo'lsa, Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning yo'llarida yurishi lozimdir.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ammo ba'd, albatta so'zlarning eng yaxshisi Allohning kitobidir. Yo'llarning eng yaxshisi Muhammadning yo'lidir. Ishlarning yomoni yangi chiqarilganidir. Har bir bid'at zalolatdir”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
“Bid'at” so'zi lug'atda “o'xshashi bo'lmagan yangi narsani paydo qilish, diniy aqidalarga kiritilgan o'rinsiz isloh”, – degan ma'noni bildiradi. Istilohda esa Alloma Izziddin ibn Abdussalom shunday ta'riflaganlar: “Bid'at – Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida bo'lmagan narsani amalga oshirishdir” (“Qavoidul ahkom” kitobi). Demak, ibodatlarda asri saodatda uchramagan, balki, keyinchalik dinda yangi paydo bo'lgan amallar bid'at hisoblanar ekan. Ulamolarimiz bid'atni ikki qismga bo'lganlar: bid'ati hasana (yaxshi bid'at) va bid'ati sayyia (yomon bid'at).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam biz ummatlarini O'z sunnatlari (tutgan yo'llari)ni mahkam ushlash va Rasulimizdan keyin o'tgan ulug' zotlarning yo'llarida bardavom bo'lishga chiqirib, bunday deganlar: “Sizlar mening va to'g'ri yo'lda yuruvchi, hidoyat topgan xulafolarimning yo'lini tutib, uni oziq tishlaringiz bilan tishlagandek, mahkam ushlanglar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Aks holda sunnatlar unutilib, har xil bid'at va xurofotlar ko'payadi. Zero, bu borada Amr ibn Avf raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Mendan keyin unutilgan sunnatlardan birini kim amalga tadbiq qilsa, so'ng unga odamlar amal qilsalar, u uchun o'shanga amal qilgan kishilarning savobicha savob bo'ladi va bu ularning savobidan biron narsani kamaytirmaydi. Kim Alloh va Rasuli rozi bo'lmaydigan bir bid'atni paydo qilsa, u uchun o'sha bid'atga amal qilgan kishilar gunohicha gunoh bo'ladi, lekin bu ularning gunohidan biron narsani kamaytirmaydi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Vakt o'tib, insonlar din qonun-qoidalaridan uzoqlashgan sayin ilm susayib, jaholat va nodonlik yuzaga kelishi oqibatida turli bid'at-xurofotlar yuzaga keladi.
Demak, hayotimiz davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini o'rganib, kundalik hayotimizga tatbiq qilishimiz, turli shar'iy asosga ega bo'lmagan odat va xurofotlardan saqlanishimiz lozim bo'ladi.
Manfaatli mav'iza davomida Ibrohimjon domla Inomov namozxonlarga ulamolar Toshkent viloyati masjidlarida bo'lib ilm-ma'rifat ulashayotgani, sohaga oid yangilik va o'zgarishlardan boxabar qilinayotgani haqida ma'lumot berdi.
Juma namozi asnosida Haq taolodan yurt tinchligi, xalq farovonligini so'rab xayrli duolar qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 17 sentyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi Mustaqillik saroyida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida navbatdagi VIII Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi ish boshladi.
“Dinlar muloqoti: kelajak yo‘lida sinergiya” shiori ostida o‘tayotgan mazkur xalqaro tadbirda 60 mamlakatdan yuzdan ziyod delegatsiya, jumladan jahon dinlari yetakchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, siyosatshunos hamda jamoat arboblari kelishgan. Ular qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham ishtirok etmoqda.
Qurultoyning asosiy maqsadi – turli din va konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, totuvlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini taraqqiy ettirishga qaratilgan. Shuningdek, global muammolar – terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishi, ta’lim, salomatlik va iqtisodiy rivojlanish kabi masalalar ham muhokama markazida.
Qozog‘iston Repsublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qurultoyning ochilish marosimida so‘zga chiqib, diniy va madaniy turfa xillikka e’tibor qaratishi bilan mamlakatni “sharq va g‘arb, shimol va janubni bog‘lovchi ko‘prik” sifatida ta’rifladi. Uning ta’kidlashicha, turli din vakillari o‘rtasidagi hamjihatlik insoniyatning barqaror va farovon kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Anjuman doirasida turli seksiyalar va davra suhbatlari tashkil etilgan. Ertaga, 18 sentyabr kuni Yosh diniy yetakchilarning II forumi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati