Kun ora fojeali avtofalokatlar haqidagi xabarlarni o'qib yo eshitib qolsak, o'tganlarga Allohdan mag'firat, qolganlarga salomatlik so'rab, achinib qo'yamiz... Ammo birgina falokat ortida qancha odamning hayoti o'zgarib ketadi: kimdir ota-onasi, bolasi yoki bir vaqtning o'zida bir necha yaqinlarini yo'qotadi. Qancha inson esa nogiron bo'lib, o'zgalar qaroviga muhtoj bo'lib qoladi. Qolaversa, ko'pchilik koriga yarab turgan ulovlar ham yaroqsiz temir matoga aylanadi...
Rasmiy ma'lumotga ko'ra, 2021 yilda yurtimizda 10 mingdan ziyod yo'l transport hodisasi sodir bo'lgan. Oqibatda ikki yarim mingga yaqin kishi vafot etgan. 9 mingdan ortiq odamlar turli darajada jarohatlangan. Ular orasida bir umrga nogiron bo'lib qolganlari ham bor. Ushbu avariyalarning aksariyati mashinalarning yuqori tezligi va piyodalarning belgilanmagan joydan kesib o'tishi natijasida kelib chiqqan.
Aslida ushbu noxush holatlarga haydovchi va piyodalarning yo'l harakati qoidalarini bilmasligi, yo'l madaniyatining pastligi, avtomobillar soni ortayotgani, yo'llar sifati pastligi kabilar sabab bo'lmoqda.
Ulamolar yo'l harakati qoidalariga amal qilish vojibligiga ittifoq qilishgan. Bunga “Maslahatul mursala” – shariatda ko'zda tutilgan foydani jalb qilish qoidasi dalil bo'ladi. Ya'ni yo'l harakati qoidalaridan odamlar foydasi ko'zlanadi. Qoidalarga amal qilish esa boshliqlarga itoat qilishdir.
Avvalo, ko'chadan o'tish yoki unda to'xtab turish haqqi – umumiy. Undan piyoda ham, avtomashinada ham foydalanishi mumkin. Faqat unda o'ziga va o'zgaga ham zarar bermaslik shart.
Payg'ambarimiz alayhissalomning: “Zarar ko'rish ham, zarar berish ham yo'q”, degan so'zlari Islomning asosiy qoidalaridan biridir (Imom Ibn Moja rivoyati). Ushbu shar'iy qoidaga ko'ra, haydovchi o'zgalarning joni, moliga etkazgan zararga javobgar bo'ladi. Haydovchiga bog'liq bo'lmagan, uning aybi yo'q holatlar bundan mustasno.
Yana bir hadisi sharifda: “...Yo'lning haqqi – ko'zni tiyish, aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish”, deyilgan (Muttafaqun alayh).
Hadisi sharifdagi “aziyat” ko'p narsalarni ichiga oladi. Eng yomonlaridan biri – o'zgalarga til bilan ozor etkazish, ayniqsa, haqorat, so'kish – musulmonlik odoblariga mutlaqo zid. Gohida bo'lar-bo'lmasga signal chalish, nomahramlarga nazar solish yoki musiqani baland qo'yish, moshinadan axlat uloqtirish, kechki payt boshqa haydovchilar ko'zini qamashtiradigan, taqiqlangan yoritgichlarni yoqib yurish ham o'zgalarga ozor berishdir.
Aksariyat yo'l transport hodisalari mast holda mashinani boshqarish, tezlikni me'yordan oshirish, telefonda gaplashish sababli yuz beradi. Mast qiluvchi ichimliklarni ichish – katta gunoh, mast holda rulga o'tirish – bundanda og'ir jinoyat. Telefonda gaplashish esa haydovchining ham, piyodaning ham diqqatini oladi. Falokat uchun odam bir necha soniya chalg'ishi kifoya qiladi.
Dinimiz ko'rsatmalarida inson piyoda yurganda ham, ulovda ham mo''tadil tezlikda yurishga targ'ib qilinadi. Haddan tashqari tez yurish mo'minning haybatini ketkazadi. Ulovda me'yoridan tez yurish kibr va o'zini boshqalardan ustun qo'yish sababli bo'ladi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor erni tesha olmaysan va uzunlikda tog'larga eta olmaysan” (Isro surasi 37-oyat). Ushbu oyati karima haydovchilarni ham ulovlarida og'ir-bosiqlik va sabr bilan shoshmasdan yurishga chaqiradi.
Hanafiy olim, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy yo'l harakati qoidalariga amal qilish haqida bunday deydi: “Asl qoida – transport vositasi haydovchisi harakat davomida mashinasi bilan sodir qiladigan har bir hodisaga mas'uldir. Chunki mashina uning qo'lidagi vosita va haydovchi uni boshqarishga qodir. Mashina o'zicha harakatlanmaydi. Shuning uchun haydovchi mashinaning oldi, orqasi va yon tomonlari bilan etkazgan zararga zomin (javobgar) bo'ladi. Haydovchi yo'l harakati qoidalarini buzish bilan haddan oshib o'zgaga zarar etkazsa, javobgar bo'lishida shubha yo'q. Chunki haddan oshuvchi doimo javobgar hisoblanadi. Lekin yo'l qoidalariga amal qilib yurib, o'zgaga zarar etkazgan kishi javobgar bo'lishi to'g'risida turli fikrlar bor. Yo'l harakati qoidalariga amal qilsa, haydovchiga bog'liq bo'lmagan favqulodda holatlarda javobgar bo'lmasligi to'g'ri bo'ladi” (“Islom fiqhi akademiyasi jurnali”dan).
Yo'lning qatnov qismida, piyodalar o'tish joylarida harakatlanayotgan piyodalarga telefondan foydalanish, tele-video mahsulotlarni ko'rish, radio, audio mahsulotlarni eshitish, kitob o'qish hamda elektron vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
Tahlillar yo'l harakati hodisalarining yarmidan ko'pi piyodalar bilan bog'liq holda sodir etilmoqda. Ular asosan piyodalarning svetofor ishoralari, yo'l belgilari, yo'l chiziqlarining talablariga rioya etmasligi, yo'lning piyodalar uchun ta'qiqlangan qatnov qismida bo'lishi va boshqa xavfsizlik qoidalariga rioya etmasligi sabab bo'lmoqda.
Albatta, har bir yo'l harakati ishtirokchisi qoida va odoblarga rioya qilib, bir-biriga hurmat bilan o'zi yaxshi ko'rganni o'zgalarga ham ravo ko'rishi lozim. Zero, tez borgan joyga sekinroq ham boramiz, vaqt jihatidan ham bu katta farq qilmaydi.
Mo'min-musulmonlar yo'l harakati qoida va odoblariga kuzatuv kameralari yoki inspektor qarab turgani uchun emas, balki shariatimiz talabi, savobli bir ish deb, amal qilishimiz kerak. Ana shunda yo'lda yurish ham ibodatga aylanadi!
Manbalar asosida
Bahriddin Hushboqov
tayyorladi
"Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li" I Xalqaro islom forumi doirasida yurtimizga tashrif buyurgan Iroqdagi Imom A’zam No‘mon ibn Sobit universiteti doktori Fahmiy Ahmad Abdurahmon Qazzoz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga keldi.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov mehmonni dastlab Imom Buxoriy muzeyi faoliyati, olim va tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishtirib, allomaning ilmiy safarlari va bugungi kunda yurtimiz fondlarida saqlanayotgan asarlarining nusxalari haqida so‘zlab berdi. Xususan, Imom Buxoriyning Bog‘dodda imtihon qilinishi aks etgan ekspozitsiya mehmonda katta taassurot qoldirdi.
Markaz kutubxonasi bilan tanishuv davomida iroqlik olim o‘zining yillar davomida yozgan 20 ga yaqin kitobini Markaz fondiga taqdim etdi. Mavzulari rang-barang bo‘lgan bu asarlar fiqh, aqida va hadislarga bag‘ishlangan bo‘lib, ayrimlarida yot unsurlarning buzg‘unchi g‘oyalari asossizligi va faqat g‘arazli maqsadlar xizmat qilishi ochib berilgan.
Muloqot davomida hamkorlikda Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosini tadqiq qilish, olimlarimiz izlanishlarining natijalarini o‘zbek va arab tillarida nashr etish, Markaz ilmiy xodimlari bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish hamda xalqaro seminarlar tashkil etish istiqbollari haqida fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz: doktor Fahmiy Ahmad Iroqda Zoom dasturi orqali minglab talabalarga hadis ilmlari va "Al-Jome' as-sahih" asari bo‘yicha "Xatmul kutub" asosida saboq berib keladi.
Uchrashuv yakunida mehmon Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Markaz rahbariyati tomonidan olimga Imom Buxoriyning o‘zbek tiliga tarjima qilingan "Xalqu af’olil ibod" asari tuhfa etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati